OILA VA XOTIN-QIZLAR BOSHLANG‘ICH TASHKILOTINING TA’SIS YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI

25/06/2022 - 15:59 2609

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Oila va xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotining ta’sis yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda vazirlik Ma’naviyat va ma’rifat kengashi a’zolari, Yuridik departament vakillari va xotin-qizlar ishtirok etishdi.

     

Yig‘ilishni Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, Oila va xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti rahbari Gulnora Melibayeva olib bordi.

         Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish maqsadida bir qator hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilinib, tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.     

Tadbirda yig‘ilganlar e’tiboriga Yuridik departament direktori Suxrob Qo‘ychiyev tomonidan oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi, gender tenglik masalalaridagi normativ-huquqiy hujjatlar va ularni amalga oshirish bo‘yicha taqdimot havola etildi.

Yig‘ilish so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi. Vazirlik markaziy apparatida tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti tizimda mehnat qilayotgan ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yangi imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha faoliyat olib borishi ta’kidlandi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Oila va xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti,

Axborot xizmati