Joriy yilning 13-19-iyun kunlari uchun Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi
28/06/2022 - 13:50 2662
2022-yilning 13-19-iyun kunlari “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,5 barobarga ko‘paydi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan mis katodi 1,5 barobarga, mineral o‘g‘itlar 1,3 barobarga, polietilen 2,2 barobarga, avtomobil benzini 1,3 barobarga oshgani qayd etildi.
Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 13-19-iyun kunlari tovarlar eksport hajmi 197 mln dollarni, import hajmi esa 564,5 mln dollarni tashkil qildi.
Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 76,4 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 150,5 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 29,8 mln dollarlik kalava ip, 36,1 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 45,7 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 24,7 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari va 14,2 mln dollarlik transport va uning ehtiyot qismlari).
Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 350,4 mln dollarni tashkil etdi. Bular:
Transport va uning ehtiyot qismlari (91 mln dollar), texnologik asbob-uskunalar (83,8 mln dollar), metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (94 mln dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (46,7 mln dollar), shuningdek elektrotexnika va uning qismlari (34,9 mln dollar).
Joriy yilning 13-19-iyun kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan haftaga nisbatan 0,01 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida).
Xususan, o‘tgan haftaga nisbatan nooziq-ovqat mahsulotlari 0,09 foizga oshgan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,06 foizga pasaygan, xizmatlar narxlari esa o‘zgarishsiz qoldi.
Respublikada o‘rtacha iste’mol narxlari indeksi darajasiga yuqori ta’sir qilgan hududlar Buxoro viloyati (0,24 foiz), Samarqand viloyati (0,08 foiz), Navoiy viloyati (0,07 foiz), Sirdaryo va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahri (0,04 foiz).
Ma’lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi asosan nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati