Mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan navbatdagi press-tur tadbirlari Jizzax viloyatida tashkil etildi

26/06/2022 - 10:50 2844

Ma’lumki, joriy yilning iyun-avgust oylarida respublika bo‘ylab viloyatlarda mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

         Xususan, 23–24-iyun kunlari ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida navbatdagi press-tur Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimi Jizzax viloyati hokimligida bo‘lib, unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov hamda viloyat Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i tomonidan so‘nggi 5 oyda erishilgan natijalar haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumot berildi. Jumladan, 5 oy davomida 84 893 nafar ishsiz fuqaro ish bilan ta’minlandi, ularga 13,1 mlrd so‘m subsidiyalar ajratildi va 6301 nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.

Joriy yilning 23-iyun holatiga ko‘ra, 12 761 nafar fuqaro 6 399 gektar yer maydonlarni “E-auksion” savdo maydonchasi orqali yutib oldi. 2022-yilning 1-choragi uchun shakllantirilgan loyihalardan 115 tasi 50,6 mlrd so‘mlik (bank krediti 17,4 mlrd so‘m) ishga tushirildi va 1059 ta ish o‘rni yaratildi. 2022-yilning 2-choragi uchun shakllantirilgan loyihalardan 80 tasi 11,9 mlrd so‘mlik (bank krediti 5,5 mlrd so‘m) ishga tushirildi va 326 ta ish o‘rni yaratildi.

Jizzax viloyatida 4 ta yo‘nalish, ya’ni parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik va qo‘ychilikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi:

a) parrandachilikni rivojlantirish maqsadida joriy yilning 5 oyida 692 ming dona, jumladan 14,5 mlrd so‘m kredit hisobiga 211 ming dona va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 286 ming dona parranda homiylik asosida fuqarolarga olib berildi;

b) quyonchilik sohasini rivojlantirish maqsadida joriy yilda 17,1 ming dona, jumladan 6,9 mlrd so‘m kredit hisobiga 14,6 ming dona va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 2,5 ming dona quyon homiylik asosida olib berildi;

v) asalarichilik sohasini rivojlantirish maqsadida joriy yilda 11,4 ming dona, jumladan 8,4 mlrd so‘m kredit hisobiga 304 ta fuqarolarga 7,2 ming dona va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 4,2 ming dona asalari uyasi homiylik asosida olib berildi;

g) qo‘y va echkichilik sohasini rivojlantirish maqsadida joriy yilda 20,4 ming dona, jumladan 46,2 mlrd so‘m kredit hisobiga 19,5 ming dona va tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 895 dona qo‘y va echki homiylik asosida olib berildi.

Jizzax viloyatida namunali ish olib borayotgan 10 nafar yoshlar yetakchisi va 10 nafar hokim yordamchisini 2022-yil avgust oyida Turkiya davlatiga tajriba almashish uchun xizmat safariga “Agrobank” ATB tomonidan olib boriladi.

             Tadbirning dastlabki manzili “Jizzax arxitektura va qurilish texnikumi” kasb-hunarga yo‘naltirish markazi bo‘ldi. Ushbu markazda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ishsiz fuqarolar, mahallada “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi fuqarolarni kasbga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

         Keyingi manzil – Zarbdor tumani “Sharq yulduzi” mahallasida aholi bandligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish bo‘ldi (mahallada 779 ta xonadonda 5362 nafar aholi yashaydi). Mahallaning o‘sish nuqtalari chorvachilik va dehqonchilik sohalari hisoblanadi. 

Shuningdek, ushbu mahallada joylashgan “Zarbdor parranda” MCHJning parrandachilik (broyler) faoliyati hamda mahallada kooperatsiya usulida aholiga 1500 donadan tarqatilgan xonadonlar bilan tanishildi (MCHJda 80 ming dona broyler bo‘lib, shundan kooperatsiya usulida 41 ta xonadonga 47,2 ming dona tarqatilgan).

Bundan tahqari, mazkur mahalla hududida tashkil qilinayotgan umumiy maydoni 5 gektarlik baliqchilik kompleksining qurilish jarayoni bilan tanishildi. Bugungi kunda 1,8 gektar maydonga 120 ta hovuz qazilgan bo‘lib, hovuzlarga to‘liq suv to‘ldirilib, chavoqlar tashlangan (ushbu loyihada 83 ta xonadonni ish bilan band qilish reajalashtirilgan bo‘lib, hozirda 30 ta xonadonning bandligi ta’minlandi).

          Shu bilan birga, Sharof Rashidov tumanida joylashgan bir qator xonadonlar hamda xususiy tashkilotlarga tashrif buyurildi. Xususan, tadbir ishtirokchilari “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi (7797 nafar aholi, 1234 ta xonadon, o‘sish nuqtasi – qoramolchilik, yangi drayveri – gulchilik). 

Shuningdek, “Gulchi opa tomorqa xizmatlari Klasteri” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishildi (600 bosh parranda, 2 dona inkubator, 20 bosh  echki, 120 sotixlik ko‘chatxona,  60  bosh quyon mavjud).

“Pastki So‘loqli” mahallasida (821 ta xonadon, 4060 ta aholi, o‘sish nuqtasi (drayveri) – issiqxona) tashkil etilgan 2,4 gektar issiqxona majmuasi bilan yaqindan tanishildi (bugungi kunda 18 ta 4 sotixlik issiqxonada pomidor va bodring ekilgan).

“Tuyoqli” mahallasining Uchko‘prik ko‘chasidagi namunali xonadonda hokim yordamchisi ko‘magida 3 bosh qoramol, 12 bosh qo‘y, 3 sotix issiqxona, 30 bosh tovuq, 5 bosh quyon va 2 ta asalari qutisi tarqatilgan.

         Tadbirning 2-kuni G‘allaorol tumani “Ko‘kbuloq” MFYda “Ko‘kbuloqsoy marvaridi” MCHJ tomonidan tashkil qilingan 1000 boshli quyonchilik va 12000 bosh parrandachilik (broyler) kompleksi bilan tanishishdan boshlandi. So‘ngra Jizzax shahri “Olmazor” MFYda yangi tashkil etilgan zamonaviy aholiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar (stomotologiya markazi, maktabgacha ta’lim muassasasi va boshqalar) faoliyati hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Bundan tashqari, Paxtakor tumani “Do'stlik” MFYda “Paxtakor agroprof market” xususiy korxonasi tomonidan tashkil qilingan Agromarkaz faoliyati bilan presstur ishtirokchilari yaqindan tanishdilar.

          Press-turning so‘nggi manzili “Mirzacho'l” tumani “Yerjar” mahallasida “G‘alaba Tekstil” MCHJ tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik majmuasi bo‘ldi. Ushbu loyihaning qiymati – 2,7 mlrd so‘m, yangi ish o‘rni – 240 ta, xizmat ko‘rsatuvchi bank – Agrobank.

Press-turning keyingi manzili - Farg'ona viloyati (2829-iyun kunlari).

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati