Mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etilmoqda

14/06/2022 - 15:12 2885

Joriy yilning iyun-avgust oylarida Respublika bo‘ylab viloyatlarda mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

         Xususan, 13-iyun sanasida ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida dastlabki press-tur Namangan viloyatida tashkil etildi.

         Dastlab, tadbir ishtirokchilari Namangan shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati, xususan, unda yaratilgan sharoitlar, o‘qitish yo‘nalishlari, jalb etilgan mutaxassislar bilan tanishdilar. Qayd etish lozimki, shu vaqtga qadar ushbu dargoh 28 ta yo‘nalishda 1,5 ming nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitib, mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minladi.

         Keyingi manzil “Barkamol avlod” mahallasida kichik sanoat zonasiga bo‘lib, u yerda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, jumladan, 4535 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishini ta’minlashi ko‘zda tutilgan 46 ta loyihalarni amalga oshirish jarayonlari, shuningdek, ishtirokchilar “YORKATAY” MFYda tashkil etilgan “Yorkatay” kichik sanoat zonasiga tashrif buyurib, u yerdagi 796 ta yangi ish o‘rni yaratishga qaratilgan 26 ta loyihalar bilan tanishdilar.

         Shu bilan birga, Uychi tumanidagi “Xo‘jaobod” MFYda Chinni buyumlariga ishlov berish kooperatsiyasiga tashrifi davomida press-tur ishtirokchilari chinni buyumlarga turli dizaynlarda naqshlar bilan ishlov berish hamda ularni pishirish jarayonlarini ko‘zdan kechirdilar. (Ushbu kooperatsiyani tashkil etish orqali 45 ta xonadonlarda aholi bandligi ta’minlangan.)

         Shundan so‘ng, ishtirokchilar Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Sohil” MFY hududida “Uchqo‘rg‘on forel baliqlari” MCHJ tomonidan tashkil etilgan, umumiy qiymati 34 mlrd so‘mlik, 700 nafar ish o‘rniga ega bo‘lgan baliqchilik kooperatsiyasida bo‘lib, baliqchilik kompleksining tuzilishi, aholiga ajratilishi, baliqlarni oziqlantirish, ularning turlari bilan tanishdilar. Shuningdek, “Farovon” MFYda hokim yordamchisi tomonidan tashkil etilgan, umumiy qiymati 1mlrd so‘m bo‘lgan baliq yetishtirish loyihasi ko‘rib chiqildi. Ushbu loyiha orqali 35 nafar doimiy ish o‘rinlari va 35 nafar kooperatsiya asosida ishchi o‘rinlari yaratilishini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

         Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Namangan shahridagi “Yangi asr” MFYda “Ismoil sanoat standart” MCHJ korxonasi tomonidan tashkil etilgan “Nazman textile” brendi ostidagi tikuvchilik korxonasi bo‘ldi (Korxonaning umumiy qiymati 2 mlrd so‘mni tashkil etib, eksport hajmi 550 ming dollarga teng bolgan holda, 65 ta yangi ish orinlari yaratildi).

         So‘ngra, Namangan tumanida joylashgan “Olaxamak” MFY hududidagi “Olaxamak” kasb-hunar kollejida 22 ta yo‘nalishda 1400 nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan o‘quv markazi, shuningdek, “Namangan Navro‘z gullari” MCHJ tomonidan tashkil etilgan gul yetishtirish yo‘nalishidagi issiqxonalar hamda tashkil etilayotgan gulchilik markaziga tashrif etilib, loyiha yo‘nalishlari va maqsadlari, gul yetishtirish jarayonlari bilan tanishildi. Xususan, loyihaning umumiy qiymati 2,0 mlrd so‘mni tashkil etib, yangi 60 ta ish o‘rinlari yaratiladi.

         Eslatma: 14-iyun kuni Namangan viloyatining Davlatobod, Kosonsoy va Pop tumanlarida press-tur tadbirlari davom ettiriladi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati