VAZIRLIK VA OLIY TA’LIM MUASSASALARI HAMKORLIGI
19/05/2022 - 15:00 3771
O‘tgan hafta davomida poytaxtimizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash; fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi faol integratsiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash lozimki, bu kabi tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022-yil 4-mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektr yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning amaliy ijrosi bo‘ldi.
Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filialida o‘tkazilgan “Karyera kunlari”da Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda vazirlikning mutasaddi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirlarga yig‘ilganlar e’tiboriga vazirlik faoliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, davlat boshqaruvida kadrlar siyosati masalalariga bag‘ishlangan taqdimotlar havola etildi.
Bugungi kunda vazirligimiz oliygohlar bilan hamkorlik tizimini yaratib, talabalarning bandligini taʼminlash borasida tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘ylganligi, va buni natijasida davlatimiz rivojiga chin maʼnoda katta imkoniyatlar yaratilayotganligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan masalalar – makroiqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, kambag‘allikni qisqartirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, raqamli, innovatsion va “yashil” iqtisodiyotni joriy qilish, davlat investitsiya siyosatini yuritish va muvofiqlashtirish kabi maqsadlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirlar yakuni bo‘yicha vazirlikda ishlash istagini bildirgan 200 ga yaqin talabalardan ma’lumotnomalar kelib tushgan bo‘lib, hozirda ular so‘rovnomalar orqali tegishli departamentlar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
Bu kabi tadbirlarni tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan salohiyatli yoshlarni tanlab olib, ularni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Inson resurslari va xodimlar salohiyatini rivojlantirish departamenti,
Axborot xizmati