“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Green Hub” platformasi ishga tushirildi
05/05/2022 - 09:53 4305
Joriy yilning 29-aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida yashil o‘sishni ta’minlash, iqlim o‘zgarishini kamaytirish tushunchalarini shakllantirish va o‘zaro fikr almashish orqali mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtirishga ko‘maklashish, shuningdek, ekspertlar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, xalqaro moliya institutlarini jalb qilish hamda birgalikdagi faoliyatni olib borish maqsadidda tashkil etilgan “Green Hub” platformasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili Matilda Dimovskaya, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, Fransiya taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Vinsen Kopin hamda bir qator ekspert va tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ishtirokchilar bugungi kunda iqlim o‘zgarishlari jarayonlarini kamaytirish, “yashil” o‘sishni ta’minlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda ushbu maqsadlarda o‘tkaziladigan “Stokgolm +50” xalqaro uchrashuvlarinining ahamiyati, “yashil” taraqqiyotga erishish yo‘lidagi kelgusi rejalarga to‘xtalib o‘tdilar.


Shuningdek, tadbirda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, yashil o‘sishni ta’minlash, iqlim o‘zgarishini kamaytirish yuzasidan tadqiqotlarini olib borayotgan ekspert-tadqiqotchilar o‘z tadqiqotlari hamda ularning natijalari yuzasidan taqdimot o‘tkazdilar.

Shu bilan birga, xorijiy ekspertlar “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va barqarorlikni ta’minlash yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar, bu borada tashkil etilgan “Green Hub” platformasi oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishishda yana bir muhim qadam ekanligini ta’kidladilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati