Joriy yilning 11-17-aprel kunlari uchun Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi

25/04/2022 - 14:29 3091

2022-yilning 11–17-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,5 barobarga ko‘paydi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan suyultirilgan gaz 3,4 barobarga, qora metallar prokati 1,6 barobarga, polipropilen 1,3 barobarga, mis katodi 1,2 barobarga, oshgani qayd etildi. O‘tgan oyning mos haftasiga nisbatan esa sement 2,0 barobarga, qora metallar prokati 1,9 barobarga, polipropilen 1,6 barobarga va mis katodi 13 foizga oshgani kuzatildi.

Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 11–17-aprel kunlari tovarlar eksport hajmi 183,9 mln dollarni, import hajmi esa 598,8 mln dollarni tashkil qildi.

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 70,3 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 129,3 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 34,4 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 34 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 33,1 mln dollarlik kalava ip, 14 mln dollarlik transport va uning ehtiyot qismlari va 13,8 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari).

Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 368,4 mln dollarni tashkil etdi. Bular:

Transport va uning ehtiyot qismlari (121,7 mln dollar), texnologik asbob-uskunalar (110,8 mln dollar), metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (47,8 mln dollar), farmatsevtika mahsulotlari (44,6 mln dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (43,4 mln dollar).

Joriy yilning 11–17-aprel kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan haftaga nisbatan 0,06 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida).

Xususan, o‘tgan haftaga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,08 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,05 foizga va xizmatlar narxlari 0,06 foizga oshdi.

Respublikada o‘rtacha iste’mol narxlari indeksi darajasiga yuqori ta’sir qilgan hududlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari bo‘lib, bunda iste’mol narxlari indeksi darajasi Toshkent shahrida (0,17 foiz), Farg‘ona viloyatida (0,15 foiz), Toshkent viloyatida (0,12 foiz), shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (0,10 foiz) miqdorida qayd etilgan.

Ma’lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari, xizmatlar va mahsulotlar narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati