“Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil qilish: Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘llari” mavzusidagi seminar-trening

22/04/2022 - 09:45 3219

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi PQ-29-son qaroriga asosan Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshladi.

Hokim yordamchilarining asosiy faoliyat turi: tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish hamda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga yordam berish hisoblanadi.

 

Joriy yilda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori Mirzohid Ubaydullayevning tashabbusi bilan Agentlik hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi o‘rtasida o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu strategik hamkorlikning quyidagi maqsadlari belgilandi:

Agentlik Oliy maktab bilan “Onlayn mahalla” platformasiga integratsiya qilindi, bunda hokim yordamchilari tomonidan ushbu platforma orqali vakant ish o‘rinlari aniqlanib, hududda mavjud bo‘sh ish o‘rnidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga yoki tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha tavsiya beriladi.

Agentlik yoshlar va xotin-qizlar, ishsizlar, kam ta’minlangan oila a’zolari, chet eldan qaytib kelgan hamda hokim yordamchilari tomonidan tavsiya qilingan aholi qatlamlari va tadbirkorlarning jami bo‘lib 40 ming nafarini Oliy maktab tomonidan tayyorlangan o‘quv dasturlari bo‘yicha o‘quv kurslariga yo‘naltiradi.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga mansub aholi qatlamlari bepul o‘qitiladi va tadbirkorlar uchun maxsus qisqa muddatli o‘quv kurslari shartnoma asosida pullik tashkil qilinadi.

Bundan tashqari ikki tomonlama hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri, Agentlik va Oliy maktab bilan hamkorlikda hokim yordamchilari hududlar kesimida malaka oshirishlari uchun “Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil qilish: mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘llari” mavzusidagi seminar-trening o‘tkazish etib belgilandi va o‘quv-seminarlarning birinchi bosqichi sifatida joriy yilning 19-aprel kuni Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Ishga marhamat” monomarkazida 3 kunlik o‘quv-seminarining birinchi kuni o‘tkazildi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Oliy maktab hamkorligida hokim yordamchilari uchun mo‘ljallangan 27 soatlik malaka oshirish seminarining o‘quv dasturi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lib, dasturga asosan o‘quv-seminariga Oliy maktabning 10 dan ortiq tajribali professor-o‘qituvchilari jalb qilinmoqda. Barcha viloyatlardagi 9335 nafar hokim yordamchilari ushbu dastur asosida 2 bosqichda o‘qitiladi.

Ushbu o‘quv-seminari davomida hokim yordamchilari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv-dasturi orqali:

1.Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishning huquqiy asoslari;

2. Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirishning moliyaviy mexanizmlari;

3. Biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi modullarda o‘qitiladi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati