Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

14/04/2022 - 17:08 3484

Joriy yilning 13-aprel kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassisi Ferhat Esen boshchiligidagi vakillar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda sanoat bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish departamenti direktori Temurmalik Xoliqov, yoqilg'i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i Quvonchbek Mustafoyev, mehmonlar tomonidan energetika bo'yicha katta mutaxassis Koji Nisida va energetika bo'yicha maslahatchi Georgi Egamnazarov ham ishtirok etdilar.

        Uchrashuv kun tartibiga elektr energetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarni qo'llab-quvvatlash va barqaror uzatishni ta'minlash, shuningdek, markazlashtirilgan issiqlik ta'minotining energiya samaradorligini oshirish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish masalalari kiritildi.

        Uchrashuv avvalida tomonlar amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, uchrashuvda qayta tiklanadigan energiya manbalarini, xususan, shamol va quyosh energiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

        Bundan tashqari, uchrashuv davomida mehmonlar tomonidan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va uchrashuvda muhokama qilinayotgan sohalardagi joriy va keyingi islohotlar samaradorligini oshirish bo'yicha tajriba almashish uchun bir kunlik seminar tashkil etish taklif etildi.

Uchrashuv so‘ngida, tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati