Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv
05/04/2022 - 14:06 3464
Joriy yilning 4-aprel sanasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) kelishuvlarining IV moddasi bo‘yicha navbatdagi maslahatlashuv missiyasi doirasida Ron van Ruden boshchiligidagi XVJ delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev, Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlashtirish departamenti direktori Abdumalik Jalilov, Sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish departamenti direktori Timurmalik Xoliqov hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining mas’ul vakillari ishtirok etdilar.

Delegatsiya tomonidan uchrashuvda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Ijrochi direktori maslahatchisi Ilhom Umurzakov, Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kevin Ros, katta iqtisodchi Kristin Richmond va iqtisodchi Moyad Al Rasasi ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish hamda yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati