MAʼNAVIY PORTRET: OʻZBEK TILINING ISLOHI
28/03/2022 - 12:19 1949
Har qanday millatda milliy uygʻonish, albatta, maʼnaviyatsiz roʻy bermaydi. Maʼnaviyat esa millat tilisiz yuksalmaydi. Til orqali muayyan millat oʻz maʼnaviy portretini yaratadi. Shunday ekan, bu borada Prezidentimizning “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni, Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarori mamlakatimiz ijtimoiy-madaniy hayotida katta burilish yasadi. Shu bilan birga, yaqinda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasining muhokamasi uchun yakunlandi. Loyiha bilan har bir keng aholi ommasi tanishdi, oʻz fikr-mulohazalari bilan qatnashdi. Bugungi kundagi yozuvimizni isloh qilish uchun ishchi guruhga taqdim etilishi ham quvonarli hol, albatta.
Shuningdek, til borasida, uni qoʻriqlashda, toʻgʻri yozish qoidalarini ommaga tatbiq etishda rasmiy hujjatlar tilining ahamiyati yuqoriligi anglab yetiladi. Vaholanki, barcha shu hujjatlarga tayanib ish koʻradi, yuritadi. Shunday ekan, yuqori turuvchi davlat idoralari, tashkilotlarda ish yuritishda bu kabi xatoliklarga yoʻl qoʻymaslik zarur. Hech kim bir muhim jihatni aslo unutmasligi lozim: yozuv masalasi, millat koʻzgusidir. Uni xalqqa qanday tortiq etsak, shunday tarzda savodxonlik tafakkurimiz rivojlanadi, takomillashadi. Aksincha boʻlsa, “til” ich-ichidan yemirilib boradi.
SAVODXONLIK ALIFBODAN BOSHLANADI
Har qanday millatning tili haqida soʻz borganda, uning imlosi va savodxonlik darajasiga qarab baho beriladi. Savodsizlik esa har doim madaniyatsizlik, johillik, maʼnaviy qashshoqlik kabi tushunchalar bilan uzviy bogʻliqdir. Oʻz tilini muhabbat bilan bexato va sof holida ishlatayotgan avlodning maʼnaviy boyligi esa alohida eʼzozda. Biroq, har qanday boylik himoyaga, qoʻriqlashga muhtoj boʻlgani singari tilimiz ham himoyaga, uning asralishiga muhtoj. Zotan, til ham qadrlanishi va eʼzozlanishi millatning yuzi, qadriyati demak. Aks holda, tilni har kim xohlaganicha soʻzlashi, uning imlo qoidalariga eʼtibor bermay ishlatishi esa savodsizlik darajasining oshishiga sabab boʻladi.
Tan olib aytish lozimki, bugun oʻzbek tili boshidan oʻtkazayotgan jarayonda algʻov-dalgʻovli, mavhumliklar koʻp. Uloqni har chavandoz har yoqqa tortganidek, til qoidasini ham har kim oʻzi bilganicha “buzib” yozishga urinishlar urchigandan urchimoqda. Bu esa oʻta ayanchli holat.
ISH YURITISH: IMLOVIY XATOLIKLAR TAHLILI
Inson oʻz fikrini aytmogʻi yoki izhor etmogʻi uchun til qoidalaridan, uni qoʻllash uslublaridan xabardor boʻlmogʻi lozim. Chunki, xoh u tadbirkor boʻlsin, xoh u dehqon boʻlsin, umri davomida baribir biron sabab ish hujjati yozishga toʻgʻri keladi. Masalan, tilxat yoki tushuntirish xati, ishonchnoma kabi. Yoki davlat idoralarini olaylik.
Ularning faoliyatida ish qogʻozlarisiz ish bitmaydi. Mazmunan va shaklan, hajm nuqtayi nazaridan har xil boʻlgan hujjatlar kishilik jamiyatining asosli qogʻozi sanalib, oʻzaro kelishuvlarni, muloqotni yozuvda aks ettirib, uni tartibga solib turadi.
Afsuski, bugungi kunda vazirliklar, davlat tashkilotlari, boringki, jamiki xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yozma hujjatlarida xatoliklar, noaniqliklar mavjud. Davlat tilida ish yuritishda shunday deb atagan boʻlardim, juda koʻp munozarali holatlarga duch kelamiz. Bu borada eng koʻp murojaat qiladigan hujjat bu — Xat hisoblanadi. Yaʼni bir tashkilotning boshqa idoraga yoki jismoniy shaxsga joʻnatgan rasmiy nomasi. Xat soʻzining maʼnosiga qaraydigan boʻlsak, bu soʻz arabcha boʻlib, biror kishidan ikkinchi kishiga yozma shaklda yoʻllangan matn, muayyan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yozuvdir. Shuningdek, xat xuddi murojaat etib “yuqoridan” degan maʼnoni bildiruvchi maktub, noma deb ham yuritiladi. Binobarin, shunday ekan, xatni yozishning ham oʻz qonun-qoidasi bor, albatta. Ana shu xatlarda eng koʻp kuzatiladigan xatolardan biri – hurmat bilan, hurmat ila, ehtirom bilan, ehtirom ila kabi soʻzlardan keyin vergul ishlatish holati koʻp uchramoqda.
Rus tilidagi xatlarda “С уважением” birikmasidan keyin ularda vergul (,) qoʻyiladi. Oʻzbek tili imlo qoidalariga koʻra, kirill va lotin alifbosida vergul ishlatilmaydi. Masalan, Hurmat bilan
Oʻquv ishlari boʻyicha muovin K. Jamoliddinov
Yoxud
Ehtirom ila
boʻlim boshligʻi K. Olimova.
Toʻgʻri, mustaqillikka erishgunimizga qadar soʻzimiz, tilimiz bir qadar qadrsizlandi. Aksariyat soʻzlarni rus tilidan oldik, gap tuzish qoliplari ham ruschadan oʻzlashtirildi.
Biroq, bu tarjimasini qoʻllaganda imlo qoidasi bilan koʻchirib olish mumkin emas. Axir, oʻzbek tiliga tarjima qilindimi, demak soʻzga nisbatan oʻzbek tilining imlo qoidasini qoʻllash kerak, xolos!
Keyingi muhim masalalardan biri bu — ish hujjatlarida kelishik qoʻshimchalarining notoʻgʻri qoʻllanilishi. Misol uchun, “kitobni oʻqilishi” tarzidagi uslubiy gʻaliz birikmalar tuzilmoqda.
Aslida oʻzbek tilining grammatik qoidasiga koʻra, -NI tushum kelishigi qoʻshimchasi faqat ot+feʼl va uning shakllari bilan bogʻlanib keladi: kitobni oʻqimoq kabi. Toʻgʻri bir qarashda -ning qoʻllasa ham boʻladi, “nima, shunga ota goʻri qozixonami?” deyish mumkin, ammo bu kabi “boʻlaveradi”lar evaziga yurtdoshlarimizning til saviyasi tushib ketmoqda, pastga qarab shoʻngʻishiga jimgina qarab tura olmaymiz.
Misol uchun, nufuzli gazetalarda ham kelyapti, ketyapti soʻzlari oʻrniga, kelayapti, ketayapti soʻzlari imlo qoidalariga zid hollarda qoʻllanilishi uchramoqda. Yoki men oʻqishga borishga qaror qildim degan gapni olaylik.
Men oʻqishga bormoqchiman deb aytish oson emasmi? Tilni murakkablashtirmaslik lozim. Shuningdek, qaror qilish faqat koʻpchilik tomonidan qabul qilinadi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, keyingi vaqtlarda hujjatlardagi soʻz birikmalarining orasiga chiziqcha qoʻyish urf boʻlmoqda. Bu soʻz birikmalari, ayniqsa, iqtisodiy hisobotlarda koʻp uchraydi.
Misol uchun toʻgʻridan-toʻgʻri hisobraqamlarni “muzlatish”.
Bu jumlada chiziqcha notoʻgʻri qoʻllanilgan. Toʻgʻridan toʻgʻri. Chiziqcha qoʻyilmaydi.
✅ Toʻgʻridan toʻgʻri ❌Toʻgʻridan-toʻgʻri
✅ Kundan kunga ❌ Kundan-kunga
Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarida keltirib oʻtilganidek, yildan yilga, tomdan tomga, oydan oyga kabi soʻz birikmasining birinchi soʻzi -chiqish kelishigi qoʻshimchasi -dan bilan, ikkinchi qismi joʻnalish kelishigi (-ga) qoʻshimchasi boʻlgan birikmalar ajratib yoziladi, biroq bu chiziqcha qoʻyiladi degani emas.
Xoʻsh, unda qaysi soʻzlar chiziqcha bilan yoziladi? Bu savolga javob berish uchun imlo qoidasining 53-bandiga murojaat etamiz.
- Soʻzning -ma, ba- yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: Misol uchun, Koʻchama-koʻcha, uyma-uy, dam-badam va hokazo.
LAVOZIM, ILMIY UNVON VA ILMIY DARAJA: YOZILISH TARTIBI
Endi yana bir munozarali holatga oydinlik kiritaylik.
Ish jarayonida hujjatlarda shaxsning lavozimi, ilmiy darajasi, unvoni toʻliq koʻrsatilishi kerak boʻlib qoladi. Koʻpchilik bu borada chalkashadi. Xoʻsh, uning yozilish qoidasi va tartibi qanday?
Demak, bunda ilmiy unvon va ilmiy darajani koʻrsatishda hujjat qayerga joʻnatilayotganiga qarab yoziladi.
Agar xat oxirida imzo qoʻyilayotganda:
Institut direktori S. Berdiyev
kabi yoziladi. Uni murakkablashtirish kerak emas.
Ilmiy daraja, unvon yozilishi shart emas.
Ammo biror ilmiy ish yoki badiiy asarga taqriz yozilganda, taqrizda yozuvchining lavozimi, keyin ilmiy darajasi, unvoni qoʻyiladi. Masalan, sahifaning oʻng chetiga:
Yorqinjon Odilov,
Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti boʻlim mudiri,
filologiya fanlari doktori, professor
Til va yozuv masalasida maʼnaviy “yemirilish”dan saqlanaylik. Zero, til va nutqning shakliy ifodasi boʻlgan yozuv, imlo qoidasi davlat boshqaruvida, taraqqiyotida oʻta muhim ahamiyat kasb etuvchi dastur hisoblanadi. Shu dasturni mukammal darajada, ustuvorlik jihatlari bilan birgalikda xalqimizga tortiq qilaylik. Bu vazifa oʻzini shu yurt farzandi deb hisoblagan har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Yangi Oʻzbekistonning kelajagi oʻz tiliga boʻlgan hurmatini eʼtiqod darajasiga koʻtarsagina, u yanada porloq boʻladi.
Oygul KAJANOVA,
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash boʻlimi xodimi