VAZIRLIK MA’NAVIY HAYOTIDAN BIR KUN
28/03/2022 - 11:02 3366
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh g‘oyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu esa xodimlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirish barobarida ularning ma’naviy yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 26-mart kuni vazirlikning bir guruh xodimlari Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida sahnalashtirilgan “Asl xazina” spektakliga tashrif buyurishdi. Spektaklda ilgari surilgan g‘oya shundan iboratki, haqiqiy inson bo‘lish uchun faqat boylik orttirish ilinjida yurish, nafs tufayli jonidan kechish, aldamchilik bilan shug‘ullanish, shuningdek, halol mehnat qilmasdan xazinaga ega bo‘lish qoralanadi. Asl xazina esa insonlarning bir-biriga mehr-oqibati, yaxshi niyati va ezgu amallarida ekanligi yoritiladi.
Teatrdan olingan madaniy hordiq va taassurotlarni davom ettirish maqsadida spektakldan so‘ng, xodimlar va ularning oila aʼzolariga vazirlikda amalga oshirilayotgan “Hayot davomida o‘qish” loyihasi doirasida O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asari taqdim etildi.
Vazirligimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi bu kun ham o‘zgacha shukuhda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi,
Axborot xizmati