Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv
28/03/2022 - 10:31 3248
Joriy yilning 24-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Asakava boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda vazir o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov ishtirok etdilar.
Mehmonlar tomonidan uchrashuvda Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini, Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti bosh direktori Yevgeniy Jukov, Xususiy sektor bilan amaliyotlar bo‘yicha bosh direktor Syuzan Gaburi, Osiyo taraqqiyot banki prezidentining bosh maslahatchisi Haruto Takimura va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida bugungi kundagi iqtisodiy vaziyat, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, "yashil" iqtisodiyotga o‘tishni kuchaytirish, O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlik, mamlakatimizda so‘nggi 5 yildagi islohotlar, pandemiya davrida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar, ipoteka kreditlarini ajratishdagi o‘zgarishlar, davlat-xususiy sheriklikning yangi yo‘nalishlari, ijtimoiy barqarorlikni saqlash, inflyatsiyani kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar o‘tgan pandemiya davrida islohotlarning olib borilishi, xususiylashtirish jarayonlarini davom ettirish, bank sohasida barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, yer islohotlari, qishloq tadbirkorligini rivojlantirish loyihalari, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish, "yashil" iqtisodiyotga o‘tishdagi muhim omillardan bo‘lgan metan emissiyasini kamaytirish, elektr avtomobillarni ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda raqamlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar yuqoridagi masalalar yuzasidan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati