O‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi tavalludining 581 yilligi

09/02/2022 - 10:24 3581

                                   Mamlakat ustuni, davlat tayanchi

 

      Alisher Navoiy – Sharq Renessansining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida, ayniqsa, turkiyzabon xalqlar madaniy va maʼnaviy hayotining rivojida alohida oʻrin tutadigan buyuk alloma.

                                             

                                             Dalillar dastxati    

     –  U oʻzining badiiy-falsafiy qarashlari, oʻlmas sheʼriy asarlari, gumanistik     gʻoyalari bilan insoniyat tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk

            shoir va mutafakkir. Uning adabiy merosi nihoyatda ulkan va serqirra.

  • Navoiy butun dunyo qarshisida turkiy – oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini koʻrsatib, uning arab yo fors tillaridan hech qaysi jihatdan kam boʻlmagan goʻzal til ekanini isbotlab bergan buyuk tilshunos olimdir.
  • Alisher Navoiy – buyuk adabiyotshunos olim. U Sharq sheʼriyatining muammo, qasida kabi XV asrga kelib deyarli unutilayozgan janrlarini tiklashga alohida eʼtibor berib, nafaqat turkiy adabiyot, balki forsiy adabiyot rivojiga ham beqiyos hissa qoʻshdi.
  • Buyuk namoyanda butun hayotini turkiy xalqlar nufuzini, milliy gʻurur va milliy oʻziga xosligini qayta tiklashga sarflagan vatanparvardir. U tufayli dunyo xalqlari turkona madaniyat va maʼnaviyatga alohida ehtirom koʻrsata boshlaganlar. U butun hayotini oʻz xalqining ilm-fani va sanʼatini rivojlantirishga, mamlakat ravnaqi, xalq va millatning tinch-totuv yashashiga hamda davlat qudratini mustahkamlashga bagʻishladi. Sulton Husayn Boyqaro ul zotni “mamlakat ustuni, davlat tayanchi” deb bejiz atamagan.

 

                                          Siyosat olamidagi odil vazir

          Navoiydagi bagʻrikenglik, odillik, donolik, siyosatdonlik va fuqarolarga gʻamxoʻrlik fazilatlari Boyqaroga davlatni adolatli boshqarishda yaqindan yordam bergan. Shuning uchun ham Husayn Boyqaro Navoiyni doʻst sifatida benihoya ulugʻlagan va qadrlagan. Har qanday sharoitda ham uni yonidan uzoqlashtirmaslikka harakat qilgan. Ularning doʻstligi davlatni mustahkamlash, yurtda adolat oʻrnatish, til, madaniyat, sanʼat, ilm-fanni rivojlantirish bilan birga, davlatning mudofaa qudrati, xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirishga xizmat qildi.

 

       Hazrat garchi hayoti mazmunini ijod qilishda deb bilsa ham, davlat va xalq manfaatini oʻylab, el-yurt osudaligi yoʻlida doʻsti yonida turib muhim davlat ishlarini bajardi. Alisher Navoiy amiri kabir — bosh vazir sifatida uzoq yillar davlat boshqaruvining eng muhim va nozik boʻgʻinlarida, sud-adliya, ichki ishlar, soliq tizimi, tashqi diplomatik aloqalar, ichki nizolar, chegara muammolari, umumxalq yigʻinlari hamda tadbirlarida davlat va xalq manfaatlarini uygʻunlashtirdi, himoya qildi. Hazrat Navoiy davlat xizmatini mansab va obroʻ uchun emas, balki millat qadriyatlarini tiklash hamda butun dunyoga tan oldirishdek ulkan vazifani amalga oshirish uchun bir imkoniyat va vosita deb bildi.

   

                                   Iqtisodiyot: Navoiy asarlarida

 

        Navoiy mamlakatning iqtisodiy qudratini barqarorlashtirish uchun kishilarda vatanparvarlik his-tuyg‘usini uyg‘otish zarurligini yaxshi tushungan. Uning dastlabki ijtimoiy-iqtisodiy fikrlari shakllangan asari “Hiloliya” hisoblanadi. U shaxsning tarixdagi o‘rniga katta e’tibor berib, mamlakatning iqtisodiy ahvoli mamlakat hukmdorining aql-idroki va qobiliyatiga bog‘liqligini aytadi.

       

    “Agar mamlakat hukmdori fanlarni, ayniqsa, iqtisodiyot, tarix, falsafa va siyosiy fanlarni mukammal bilsa, o‘zi boshqarayotgan mamlakat obod va badavlat bo‘ladi, agar aksi bo‘lsa, mamlakat qashshoq va xarob bo‘ladi”  deydi,– Navoiy.

 

      U o‘zining   “Mahbub ul-qulub” asarida mamlakatdagi ijtimoiy jamiyatda

tutgan o‘rnini  ko‘rsatib  berishga  harakat  qiladi. Uning fikricha, dehqonlar, hunarmandlar va chet el bilan aloqasi bor savdogarlar jamiyatda moddiy boylik yetishtirishda, yaratishda va mamlakatning boyligini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi. Navoiy dehqon va uning ishlab chiqarishdagi ahamiyati to‘g‘risida quyidagi fikrlarni bildiradi: “Don sochuvchi dehqon yerni yorish bilan rizq yo‘lini ochuvchidir”.  Shu bilan birga, u dehqon mehnatini ulug‘lab, uning moddiy boylik yaratishdagi xatti-harakatini quyidagicha tasvirlab berdi:  

  

           Har ne qilsalar harakat

          Xalqqa ham yetar ovqat ham barakat. 

     
    Adolatli rahbar ijtimoiy hayotga odamlarning birgalikdagi faoliyati sifatida qaraydi. Uning fikriga ko‘ra, kishi yakka holda hech narsa ishlab chiqara olmaydi. U biron narsani ishlab chiqarish uchun boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Masalan, dehqonga mehnat qurollari zarur bo‘lsa, hunarmandlarga non kerak; dehqonga ham, chorvadorga ham  hunarmandchilik va attorlik mahsulotlari zarur. Dehqon mehnatining mahsulini novvoy, unfurush, qo‘shchi va o‘roqchi, mashoqchi va boshqalar orziqib kutadi. Shu bilan birga, dehqon ham hunarmandning, chorvadorning va boshqalarning mehnat mahsulotiga muhtoj. Ularsiz u hech narsa ishlab chiqara olmaydi. Navoiy fikricha, dehqon o‘z mehnati bilan o‘z ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulot miqdoridan ko‘ra ko‘proq ishlab chiqarib, jamiyat va uning ishlab chiqarishida ishtirok etmaydigan boshqa qismlarini ham moddiy ne’matlar bilan ta’minlaydi.
      Navoiy asarlarida keltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy g‘oyalar: mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti, xalq farovonligini ta’minlash, savdo aloqalarini rivojlantirish bugungi kunda ham o‘z ahamiyatiga ega.