Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining kambag‘allikni qisqartirish masalalari yuzasidan uchrashuvi
28/01/2022 - 17:46 3454
Joriy yilning 28-yanvar sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining kambag‘allikni qisqartirish masalalari yuzasidan onlayn shaklda uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda ShHT Bosh kotibi Chjan Min va boshqa tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, Hindiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasining Qishloq joylarini qayta tiklash bo‘yicha milliy boshqarma direktori o‘rinbosari Xun Tanyun, Qirg‘iziston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taraqqiyot vaziri o‘rinbosari Bazarbayev Nurdoolot Satibekovich, Pokiston Islom Respublikasining ijtimoiy himoya va kambag‘allikka qarshi kurash masalalari bo‘yicha bosh vazir maxsus yordamchisi doktor Saniya Nishtar, Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirining birinchi o‘rinbosari Olga Yurievna Batalina, Tojikiston Respublikasi Tojikiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va savdo vazirining birinchi o'rinbosari Solexzoda Ashurboy ishtirok etdilar.

Tadbirning ochilish marosimida ShHT Bosh kotibi Chjan Min so‘zga chiqib, muayyan sohalarda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishlari va qo‘llaniladigan mexanizmlar yuzasidan tajriba va ma’lumot almashish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Jamshid Qo‘chqorov kirish so‘zi bilan uchrashuv ishtirokchilarini so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish sohasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi va ushbu chora-tadbirlar ShHT va BMT sammitlarida ilgari surilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Xususan, ishtirokchilarni quyidagi 3 ta asosiy yo‘nalishlar bilan tanishtirib o‘tdi:
· sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash;
· ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash;
· iqtisodiyotning real sektoridagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash.

Shu bilan bir qatorda, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi dasturni amalga oshirishning asosiy institutsional asoslarini yaratish va mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, 2020-2021-yillarda davlat budjeti hisobidan nafaqa oladigan oilalar soni 2 barobarga oshdi, ularning ulushi qariyb 15 foizga yetdi. Kambag‘allik darajasini belgilashda yangi mezon – minimal iste’mol xarajatlari joriy etildi. Bu ijtimoiy to‘lovlar va imtiyozlarning minimal darajasini qayta ko‘rib chiqishga imkon berdi. Masalan, 2021-yilda imkoniyati cheklangan insonlar uchun eng kam pensiya va nafaqa turlari, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga beriladigan nafaqalar miqdori 10-50 foizga oshirildi.
Samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir qator mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish pandemiya oqibatlarini qisqartirish uchun zarur choralar va qarorlar qabul qilish jarayonida muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv davomida tomonlar ShHTga a’zo davlatlarda kambag‘allikni qisqartirishga doir qo‘llaniladigan chora-tadbirlar, maqsadlar va yangi yondashuvlar, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan tajriba almashish, ShHTga a’zo davlatlarning tegishli sohalarda, shu jumladan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarini tashkil etish, kambag‘allikni qisqartirish sohasida ShHTga a’zo davlatlar hamkorligini rivojlantirish istiqbollari masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda o‘zbek tomoni kambag‘allikni qisqartirish sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlarni taklif etdi:
Birinchi, ShHT mamlakatlarining kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi uzluksiz hamkorligini yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, mazkur yo‘nalishda doimiy tajriba almashish mexanizmini hamda kambag‘allikni qisqartirishning samarali usullarini joriy etish;
Ikkinchi, ShHTning barcha mamlakatlari manfaatlariga to‘g‘ri keladigan kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tashkilot doirasidagi hujjatni ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish;
Uchinchi, ShHT mamlakatlarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutaxassislar uchun seminarlar, master-klasslar, treninglar tashkil etish; mazkur tadbirlar kambag‘allikni qisqartirish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha innovatsion vositalarni joriy etishga xizmat qiladi.

Shuningek, tomonlar ShHTga a’zo davlatlarda amalga oshirilayotgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Tomonlar joriy yilning may oyida ShHT doirasida kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani ShHTga a’zo davlatlar vakillari, kuzatuvchilar va hamkorlarning taklifiga binoan tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining axborotini ma’qulladilar va qabul qildilar. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari ekspertlarini taklif qilish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar takliflarni inobatga olgan holda ShHTga a’zo davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqish, shu bilan birgalikda, kambag‘allikni qisqartirish, uning samaradorligini oshirish yuzasidan innovatsion vositalarni joriy etish maqsadida ShHTning manfaatdor mamlakatlarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutaxassislar uchun konferensiya, seminar, master-klass va treninglar tashkil etishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati