Tatariston Respublikasi “Energiya tejash texnologiyalari markazi” vakillaridan iborat delegatsiya tashrifi
21/01/2022 - 20:26 3604
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan Tatariston Respublikasi “Energiya tejash texnologiyalari markazi” o‘rtasidagi Mehnat unumdorligini oshirish hamda Energoaudit va energosamaradorlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida erishilgan kelishuvlar doirasida joriy yilning 20-21-yanvar kunlari markaz direktori Marat Axmerov boshchiligidagi Tatariston Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif dasturiga muvofiq delegatsiya vakillari mamlakatimizning bir qator yirik ishlab chiqarish korxonalari va muassasalar (Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “Toshkent shahar suv ta’minoti” DUK, Fanlar Akademiyasining Energetika masalalari instituti va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qoshidagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi) faoliyati bilan tanishdi hamda uchrashuvlar tashkil etildi.

21-yanvar kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda mehnat unumdorligini oshirish mexanizmlari amaliyotini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, tegishli muassasalar vakillaridan iborat delegatsiya 2021-yil 4-11-oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasi, Qozon shahrida xizmat safarida bo‘lib, sanoat korxonalarida mehnat unumdorligni oshirish bo‘yicha joriy etilgan “Jarayonlar fabrikasi” mexanizmini o‘rganganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, Tatariston Respublikasi delegatsiyasi tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati qoshidagi “Navoiy mashinasozlik zavodi” hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qoshidagi “Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi”larining uskunasozlik, asbobsozlik va mexanik yig‘uv sexlarida tejamkor ishlab chiqarishni joriy qilish orqali korxonalarning mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qoshidagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bazasida “Jarayonlar fabrikasi”ni tashkil etish orqali respublika xo‘jalik birlashmalari rahbar va mutaxassis kadrlarini “Tejamkor ishlab chiqarish”, energoaudit va energosamaradorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish, o‘zaro tajriba almashish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Energoaudit sohasida, Tatariston Respublikasi “Energiya tejash texnologiyalari markazi” 2021-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining 293 ta energoaudit o‘tkazilishi belgilangan korxonalarning energoaudit jarayonlarida ishtirok etishi hamda energosamaradorlik dasturlarini ishlab chiqish, energomenejment tizimini joriy etish bilan bog‘liq jarayonlarda qatnashish bo‘yicha qiziqish bildirdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida o‘tkazilgan uchrashuv yakuni bo‘yicha Tatariston Respublikasi “Energiya tejash texnologiyalari markazi” va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qoshidagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati qoshidagi “Navoiy mashinasozlik zavodi”, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qoshidagi “Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi”, Fanlar Akademiyasining Energetika masalalari instituti hamda “Toshkent shahar suv ta’minoti” DUK o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha jami 5 ta hujjat imzolandi.

Shu bilan birga, Tatariston Respublikasi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tashkillashtirilgan tashrif uchun alohida minnatdorchilik bildirildi hamda ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati