HARBIY-VATANPARVARLIK TADBIRI O‘TKAZILDI

16/01/2022 - 17:47 3604

14-yanvar – mamlakatimiz hayotidagi shonli sanalardan biri. Bundan roppa-rosa 30 yil avval, 1992-yil aynan shu kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan edi. Milliy armiyamiz – yurt tinchligi va sarhadlarimiz daxlsizligining muhim garovidir.

         Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida “Vatanimga tayanchman” mavzusida harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi. “ZOOM” platformasi orqali onlayn shaklda tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirni vazir maslahatchisi Obiddin Maxmudov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

         – Mutafakkir shoir Alisher Navoiy hazratlari aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iborat. Milliy armiyamizning kuch-qudrati  azm-u shijoatli va fidoyi harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz, – deya ta’kidladi O. Maxmudov.

         Tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi Maxsus tayyorgarlik sikli boshlig‘i Bobur Saparov hamda mayor Yevgeniy Savin so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, professional armiyani shakllantirish borasidagi ishlar xususida ma’lumot berib o‘tishdi.

         Shuningdek, vatanparvarlik ruhidagi she’rlar, “Farzandnoma” asaridan keltirilgan videolavhalar tadbirga yanada o‘zgacha shukuh bag‘ishlanadi.

        

Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,

Axborot xizmati.