Dekarbonizatsiya va sanoat simbiozi bo‘yicha seminar. Dastlabki natijalar

13/12/2021 - 12:48 3863

Joriy yilning 7-9-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi binosida vazirliklar, uyushmalar, idora va tashkilotlar ishtirokida dekarbonizatsiya va sanoat simbioziga bag‘ishlangan seminarlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Jahon bankining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi tomonidan mahalliy va xalqaro maslahatchilar konsorsiumi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Jahon banki tomonidan yo‘llangan LDK “Consultants Engineers and Planners SA” (Gretsiya); “Juru Energy Limited” (Buyuk Britaniya); “International Synergies Ltd” (Buyuk Britaniya); “Unicase Law Firm” (O‘zbekiston) maslahatchilar konsorsiumi O‘zbekiston hukumatiga dekarbonizatsiya va sanoat simbiozi uchun innovatsion texnologik yechimlarni ishlab chiqishda yordam bermoqda.

Ayni paytda Konsorsium jamoasi innovatsion texnologik yechimlar va chora-tadbirlarni, jumladan, DSM, RES, energiya samaradorligi, intellektual tarmoqlar, raqamli texnologiyalar, energiyani boshqarishning markazlashgan tizimi (FEMS), uglerodni ushlash, qayta ishlash va saqlash (CCUS), xom ashyo / yoqilg‘i sifatida biomassa / vodorod hamda energiya sarfini kuzatish va optimallashtirish uchun sanoat 4.0 vositalarini qabul qilish orqali O‘zbekiston sanoat sohasi va uning dekorbonizatsiya qilish salohiyatini kompleks baholashni amalga oshirmoqdalar.

Maslahatchilar seminar ishtirokchilarini O‘zbekiston sanoat sektori va keyingi dekarbonizatsiya imkoniyatlarini dastlabki baholashni ta’minlovchi Loyiha maqsadlari haqida umumiy ma’lumot bilan tanishtirdilar.

Maslahatchilar Yakkasaroy tumanidagi kichik sanoat zonasidagi 20 dan ortiq sanoat korxonalariga tashrif buyurdilar. “UzAuto Motors Powertrain”, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Angren Shakar” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Bekobod sement” aksiyadorlik jamiyati kabi yirik sanoat korxonalarida ham bo‘ldilar. Bundan tashqari, maslahatchilar “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi va “Salar” suv tozalash inshooti rahbariyati bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘rganilgan materiallar asosida maslahatchilar yangilangan ma’lumotlarni, xususan, O‘zbekistonda hozirgacha ko‘rilgan dekarbonizatsiya va sanoat simbiozi bo‘yicha chora-tadbirlarni taqdim etishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, maslahatchilar dekarbonizatsiya va sanoat simbiozi yuzasidan mumkin bo‘lgan o‘sish bo‘yicha dastlabki tavsiyalar va fikrlarni taqdim etdilar.

    Iqtisodiy zonalarining sanoat simbiozini va ularni ekosanoat parklariga (EIP) dekarbonizatsiya qilish yo‘llarini baholash bo‘yicha olib borilgan ishlar yakunida maslahatchilar tahlil natijalarini taqdim etadilar. Keyinchalik bu maʼlumotlardan Konsorsium 2022-yil boshida taqdim etishni rejalashtirgan Oʻzbekiston sanoat sektorini karbonsizlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishda foydalaniladi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati