Sanoat sektorining dekarbonizatsiyasi - istiqbol va imkoniyatlar
13/12/2021 - 12:45 3750
Joriy yilning 1-9 dekabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi vakillari, shuningdek, Xalqaro va mahalliy maslahatchilar konsortsiumi (LDK “Consultants Engineers and Planners SA” (Gretsiya); “Juru Energy Limited” (Buyuk Britaniya); “International Synergies Ltd” (Buyuk Britaniya); “Unicase Law Firm” (O‘zbekiston)) Jahon banki ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi hukumatiga dekarbonizatsiya va sanoat simbiozi bo‘yicha innovatsion texnologik yechimlarni ishlab chiqishda yordam berish bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazdi.

Ushbu loyiha O‘zbekistonni sanoat sektorini dekarbonlashtirish dasturini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, mahalliy va ilg‘or jahon amaliyotini hisobga olgan holda O‘zbekistonda sanoat sohasining haqiqiy holatiga asoslangan ishchi loyiha taklifini ishlab chiqish muammolarini baholashga qaratilgan.
O‘zbekistonga tashrif doirasida loyiha maslahatchilari va xodimlari “Yakkasaroy kichik sanoat zonasi” unitar korxonasining 20 dan ortiq sanoat korxonalariga tashrif buyurishdi. Shuningdek, “UzAuto Motors Powertrain”, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Angren Shakar” MCHJ va “Bekabad cement” AJ kabi yirik sanoat korxonalariga ham tashrif buyurishdi. Bundan tashqari, konsultantlar unitar “Maxsustrans” DUK rahbariyati va “Salar” suv tozalash inshootlari bilan muloqot qilishdi.
Yakkasaroy tumani sobiq to‘qimachilik kombinati hududida tashkil etilgan sanoat zonasining umumiy maydoni 61,2 gektar bo‘lib, bino va inshootlar maydoni 338 ming kvadrat metrni tashkil etadi. 284 ta korxona to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat, mashinasozlik, qog‘oz, mebel mahsulotlari, metallni qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu esa Dekarbonizatsiya va sanoat simbioz yechimlarini amalda qo‘llash uchun juda ko‘p imkoniyatlar mavjud ekanligini ko‘rsatadi.

2020-yilda ko‘plab yetakchi mamlakatlar pandemiyadan keyin tiklanish doirasida o‘z iqtisodiyotini dekarbonizatsiya qilish yo‘lini tanlashdi va global haroratning o‘sishini cheklashga ishlari amalga oshirildi.
Sanoatni dekarbonizatsiya qilish masalalari O‘zbekiston Respublikasi uchun ham dolzarb mavzulardan biridir.
Dekarbonizatsiyadan maqsad qazib olinadigan yoqilg'iga asoslangan tizimlarni kam uglerodli resurslar bilan almashtirish, atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etishdan iborat.
Sanoat simbiozining maqsadi turli yo‘nalishdagi kompaniyalar chiqindilarni bir-biriga resurs sifatida ishlatish uchun birlashtirishdir. Misol uchun, ishlab chiqarishda ortiqcha energiya, ortiqcha tarkibiy qismlar yoki materiallar boshqa resurslar bo‘lishi mumkin.
Bugungi kunda O‘zbekistonda sanoat sektoriga energiya samarasiz iste’mol qilish va issiqxona gazlari chiqarish bilan bog‘liq elektr energiyasining umumiy iste’molining 40 foizi to‘g‘ri kelayotganini hisobga olib, sanoatni dekarbonlashtirish iqtisodiyotning energiya intensivligi va uglerodligini kamaytirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, 2019-2030-yillarda O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishga ko‘maklashadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati