“ULUG‘ XALQ QUDRATI JO‘SH URGAN ZAMON”

10/12/2021 - 17:09 3704

       10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun. Bundan 29 yil oldin ilk bora Vatanimiz madhiyasi yangragan edi. Istiqlolimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan Davlat madhiyasiga hurmat va ehtirom shu aziz zaminda yashayotgan har bir inson qalbida jo‘sh urishi tabiiydir.

         Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida erta tongdan “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” degan ezgu shior ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlikning Ma’naviyat va ma’rifat kengashi a’zolari, yoshlar ishtirok etishdi. Xodimlar tomonidan jo‘r ohangda kuylangan Davlat madhiyasi tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

          Bunday bayramlar zamirida yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan xalqimizning ezgu orzu-maqsadlari mujassam. Zeroki, qaysi bir yurtda tinchlik-osoyishtalik, farovonlik hukm surib, barqaror taraqqiyot ta’minlansa, shu zaminda doimo Davlat madhiyasi jaranglab turadi.

 

Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,

Inson resurslari va xodimlar salohiyatini

rivojlantirish departamenti,

Axborot xizmati.