KUKA ROBOTICS vakillari bilan uchrashuv

26/11/2021 - 11:29 3831

Joriy yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov va KUKA ROBOTICS bosh direktori Dmitriy Kastishnikov boshchiligidagi (Rossiya Federatsiyasi) delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda, shuningdek, KUKA ROBOTICSning Tier1 yo‘nalishi rahbari Vadim Ippolitov va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining mas'ul departamentlar xodimlari ishtrok etdilar.

Muhokama uchun asosiy mavzulardan biri robototexnika sanoati sohasida hamkorlik istiqbollari bo‘ldi. Mehmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, sanoatlashtirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish va boshqalar haqida ma'lumotga ega bo‘ldilar.

Vazir o‘rinbosari Bobur Abdinazarov tomonidan IT-texnologiyalar, raqamlashtirish va robotlashtirish kelajakda o‘z o‘rniga ega ekanligi ta’kidlandi.

KUKA ROBOTICS vakillari O‘zbekistonda robotlashtirish sohasini rivojlantirish uchun katta istiqbollar mavjudligini, shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda robotlashtirish masalalari bo‘yicha markaz bo‘lishi mumkin ekanligini alohida ta’kidladilar. Shu bilan birga, Respublika kompaniyalari bu yo‘nalishda integratorlar bo‘lib xizmat qilishi asosiy maqsad hisoblanishi zarurligi aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida har ikki tomon ham O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini robotlashtirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldilar. Kelajakda O‘zbekiston Respublikasining avtomobil sanoati, kon-metallurgiya sanoati, qishloq xo'jaligi mashinasozligi, qurilish materiallari sanoati kabi ustuvor sanoat tarmoqlarida robotlar uchun dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va qo‘llash, shuningdek, robotlashtirish sohasida kadrlarni teng huquqli va o‘zaro manfaatli asosda tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Uchrashuv yakunida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi va KUKA ROBOTICS o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

 

Axborot xizmati

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi