Tatariston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv

26/11/2021 - 11:27 3681

Joriy yilning 24-noyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov Tatariston Respublika Bosh vaziri o‘rinbosari - Iqtisodiyot vaziri Midhat Shagiahmetov boshchiligida Tatariston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Tatariston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakili Aydar Axtareyev, Tatariston Respublikasining "Investitsiya-venchur jamg'armasi" nodavlat tashkiloti direktori o‘rinbosari Robert Galliulin hamda vazirlikning mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida kelgusidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama uchun asosiy mavzu bo‘ldi. Mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, mehnat unumdorligini oshirish, davlat korxonalarini o‘zgartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan ta’minlash va boshqa masalalar haqida ma’lumot berildi.

Tatariston Respublikasi “Investitsiya venchur jamg‘armasi” faoliyati, xususan, "Startap diplom", 50 ta eng yaxshi innovatsion g‘oyalar loyihalari, shuningdek, O‘zbekiston vakillarining ushbu loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari alohida ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar "Tatariston ilmiy-texnik axborot markazi" davlat unitar korxonasi va Tarmoq bozorlari va ishlab chiqarishda mehnat unumdorligi tadqiqotlari markazi, shuningdek, "Tatariston Respublikasi fanlar Akademiyasi istiqbolli iqtisodiy tadqiqotlar markazi" davlat byudjeti tashkiloti hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish masalalarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

 

Axborot xizmati

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi