Birlashgan Millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi vakillari bilan uchrashuv
18/11/2021 - 19:00 3758
Joriy yilning 18-noyabr sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Xalqaro ekspert Nelson Strat boshchiligidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, BMTTDning inklyuziv o‘sish bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Diyora Kabulova, BMTTD dastur rahbari Kamolxon Islomov, Vazirlikning mas’ul departament va boshqarma rahbarlari, xususan, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar monitoringi va aholi turmush darajasini tahlil qilish boshqarmasi, Demografiya, inson kapitali darajasi va sifatini oshirish departamenti, Strategik rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va uzoq muddatli oʻsish omillarini tahlil qilish boshqarmasi, Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish uchun zarur iqtisodiy va me’yoriy bazani joriy etish boshqarmasi va boshqalar ishtirok etdilar.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi uchun Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish bo‘yicha kompleks strategiyani ishlab chiqish jarayoni muhokama qilindi.
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda BRMni moliyalashtirishning Kompleks strategiyasini ishlab chiqishning asosiy maqsadlari, uslubiy yondashuvi, asosiy bosqichlari va boshlanish nuqtasi muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Moliyalashtirish strategiyasining shakllanishi vazirlik va idoralar oʻrtasidagi muvofiqlashtirish va oʻzaro hamkorlikni yanada takomillashtirish imkonini ham beradi.

Shu bilan birga, yig‘ilish ishtirokchilari Strategiyada e’tibor qaratish mumkin bo‘lgan moliyalashtirish manbalaridagi asosiy kamchiliklarni aniqlashda mumkin bo‘lgan hamkorlikni ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, strategiya loyihasini ishlab chiqish jarayonini muvofiqlashtirish va uni O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan kelgusida tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar joriy va istiqboldagi loyihalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish, shuningdek, BRMga erishish uchun zarur bo‘lgan resurslarni safarbar qilish uchun Kompleks moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati