YUKSAKLARDA HILPIRAR O‘ZBEKISTON BAYROG‘I
18/11/2021 - 16:29 4153
Bugun xalqimiz hayotida unutilmas kun. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi shodiyonalari yurtimizning barcha hududlarida o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Milliy istiqlolimizning ramzlaridan biri bo‘lgan bayrog‘imiz shu aziz Vatanda yashayotgan har bir inson uchun faxr va ixtifor timsolidir.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida ham erta tongdan “Yuksaklarda hilpirar O‘zbekiston bayrog‘i” shiori ostida bayram tadbirlari boshlandi. Unda vazirlikning Ma’naviyat va ma’rifat kengashi a’zolari, xodimlar ishtirok etishdi. Tadbirda qatnashchilariga “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” deb nomlangan flayerlar tarqatildi.
Vazirlikning faol yoshlari tomonidan o‘qilgan she’rlar, hikmatli so‘zlar, infokioskda aks ettirilgan videoroliklar bayramga yanada fayz kiritdi.
Shunisi quvonchliki, davlatimiz bayrog‘i kuniga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar vazirlik tizimidagi barcha hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlarda ham tantanali ravishda, o‘ziga xos tashabbuslar asosida o‘tkazilishi davom etmoqda.
Shubhasiz, bunday bayramlar zamirida yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan xalqimizning ezgu orzu-maqsadlari mujassam. Zero, qaysi bir yurtda tinchlik-osoyishtalik, fayz-baraka hukm surib, barqaror taraqqiyot ta’minlansa, shu zaminda doimo milliy bayroq yuksaklarda hilpirab turadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,
Axborot xizmati