Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Ichki audit xizmatining 2021-yil 9-oylik faoliyati natijalari to‘g‘risida
11/11/2021 - 12:11 3654
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4938-son qarori asosida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi markaziy apparatida Ichki audit xizmati tashkil etildi. Bo‘lim tashkil etilishi munosabati bilan Vazirlik rahbariyati tomonidan Ichki audit xizmati to‘g‘risida Nizom, xodimlar lavozim yo‘riqnomasi va Ichki audit xizmatining ish rejasi tasdiqlangan. Shuningdek, vazirlik rahbariyati tomonidan tizim tashkilotlari davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishi shaxsan birinchi rahbarlar zimmasida ekanligi xabardor qilindi.
Vazirlik rahbariyati tomonidan Ichki audit xizmatining olib boradigan moliyaviy audit tadbiri maqsadi quyidagilar etib belgilandi:
Xarajatlar smetasi va daromadlar, shtatlar jadvali hamda ularga qo‘shimcha hujjatlarini tuzish, tasdiqlash, ijro etish tartibi va jarayonlarini o‘rganish asosida ulardagi mablag‘lardan samarasiz va noqonuniy foydalanish holatlarini kamaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
birlamchi hujjatlarni byudjet hisobining amaldagi qonunchilik talablari asosida yuritilishini o‘rganish asosida baholash;
moliyaviy hisobotlarning ishonchliligi, asoslanganligi, to‘liqligiga hamda to‘g‘ri shakllantirilganligini o‘rganish orqali ushbu hisobotlar yuzasidan rahbariyatga ishonchli va mustaqil ma’lumotlar taqdim etish;
asossiz debitor va kreditor qarzdorliklarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan mavjud debitor va kreditor qarzdorliklar holati va ularni kelib chiqish sabablari hamda manbalarini o‘rganish asosida barcha turdagi debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish va ularni yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
davlat xaridlari jarayoni samaradorligini o‘rganish orqali manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda qonunbuzilish holatlari risklarini kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
aktivlardan foydalanish va saqlanishini baholash orqali ularni doimiy butligi va ishga yaroqliligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlarni o‘rganish va ularning natijalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘lib hisoblanadi.
Ichki audit xizmati tomonidan tizimdagi uchta tashkilotda moliya-xo‘jalik faoliyatining to‘qqiz oy yakuni bo‘yicha moliyaviy audit tadbiri o‘tkazildi. Audit qamrab olingan tashkilotlarda byudjet mablag‘laridan foydalanish amaldagi qonunchilik talablari asosida yuritilgan. Barcha xo‘jalik operatsiyalari g‘aznachilik tizimida dastlabki nazoratdan o‘tkazilgan va buxgalteriya hisobini “UzASBO” dasturiy majmuasida yuritib kelingan.
Moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan audit tadbirlarida ikki holatda jami 1 649,7 ming so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib (ortiqcha to‘langan ish haqi va boshqa hisob-kitoblar) keyingi oylarda hisob-kitob qilish uchun undiruvga qaratildi.
Xarid qilingan asosiy vositalar va tovar moddiy boyliklarni buxgalteriya hisobini yuritish uchun “UzASBO” dasturiy majmuasiga kiritishda buxgalteriya schotlarini noto‘g‘ri tanlangan holatlari yuzasidan buxgalteriya xizmati xodimlariga tuzatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlat mulkini ijaraga oluvchi tomonidan kommunal to‘lovlar o‘z vaqtida qoplanmaganligi sababli 15 053,5 ming so‘m qarzdorlik vujudga kelgan va uni undirish choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ichki audit xizmati xodimlari tomonidan tizim tashkilotlari buxgalteriya xizmati xodimlariga “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hisoblashda, tovar, ish va xizmatlarni yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitobni yuritishda, shuningdek, tovar-moddiy qiymatliklarini tashkilot balansiga kirim qilishda hamda balansdan hisobdan chiqarishda, hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda amaliy yordam va ko‘rsatmalar berib kelinmoqda.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati