O‘zbekiston delegatsiyasining Polsha Respublikasiga tashrifi doirasidagi uchrashuvlar natijalari

10/11/2021 - 13:58 3526

I. Joriy yilning 4-noyabr sanasida togʻ-metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xususan, Oʻzbekiston Respublikasida mis klasterini tashkil etish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari Bobur Abdinazarov KGHM Polska Miedz S.A. vitse-prezidenti, P. Gruz, ELQ S.A. prezidenti, M. Soltisyak, DRESSTA va Selena kompaniyasi rahbariyati, shuningdek, Polsha Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

1. KGHM Polska Miedz S.A. bilan uchrashuv doirasida. kompaniyaning mis klasterini yaratish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasini, xususan, Lubin shahridagi karyerlarni, Glogov shahridagi misni qayta ishlash zavodini, shuningdek, Sediniya shahridagi misni qayta ishlash va mis mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodlarini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar hamkorlikni yangi strategik bosqichga ko‘tarilgan holda davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va KGHM Polska Miedz S.A. o‘rtasida memorandum imzolandi.

2. Uchrashuvda ELQ S.A. prezidenti M.Soltisyak kompaniyaning O‘zbekistonda mis mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash loyihalariga sarmoya kiritishdan manfaatdorligini bildirdi. Shu nuqtai nazardan, M.Soltisyak istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida joriy yilning oxirigacha O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanligini bildirdi.

Natijada Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va ELQ S.A. o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

3. Selena kompaniyasi bilan uchrashuv doirasida kompaniya boshqaruvchi prezidenti Y.Mixalyak qurilishda foydalaniladigan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga sarmoya kiritgan holda qo‘shma korxona tashkil etish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar investitsiya takliflarini shakllantirish va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

4. Polsha Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va texnologiyalar vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar sanoatni rivojlantirish, tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faoliyat va vositalarni muvofiqlashtirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, sanoatni rivojlantirishning yangi strategiyasini ishlab chiqish, jumladan, Polshaning mis ishlab chiqarish va qayta ishlash tajribasi foydalanish masalalarini muhokama qildilar..

Xorijiy tomon Sanoatni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda biznes vakillarining fikr-mulohazalarini inobatga olish, xorijiy sarmoyani jalb etish, tayyor, eksport qilish uchun qulay bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, ikki mamlakat iqtisodiyotining oʻxshashligini hisobga olib, oʻzaro tajriba almashish imkoniyati va bunga tayyor ekanligiga ishonch bildirildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muloqot va hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, o‘zaro tashriflar davomida imzolanishi uchun kelgusidagi hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (joriy yilning 1-dekabriga qadar) tayyorlanishi bilan ikki vazirlikning ixtisoslashgan mutaxassislari oʻrtasida har oyda videokonferensaloqa uchrashuvlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdilar.

II. 5-noyabr KGHM Polska Miedz kompaniyasining mis klasteri faoliyati bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi Lyubin shahridagi mis koniga tashrif buyurdi.

Ma’lumot uchun: 940 metr chuqurlikda joylashgan mis koni 1961 yildan buyon faoliyat yuritib, yillik ruda qazib olish hajmi 8 million 200 ming tonnani tashkil etadi. Rudadagi mis miqdori 1-1,2% ni tashkil qiladi.

Delegatsiya aʼzolari oʻz oʻrnida, yer ostidagi shaxtada maxsus yuk tashish uskunalarini taʼmirlash uchun barcha texnik imkoniyatlar yaratilgan yerosti taʼmirlash ustaxonasi bilan ham tanishdi.

Bundan tashqari, delegatsiya konveyerda rudani yer yuzasiga yetkazish jarayoni bilan tanishdi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya mis rudasini maydalash va boyitish sexiga tashrif buyurdi, u yerda ruda maydalanib, murakkab kimyoviy jarayon orqali 6-8 foizgacha boyitiladi, undan so‘ng ruda quritiladi va temir yo‘l vagonlariga ortiladi.

Bundan tashqari, Dressta (Liu Gong) kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, uning natijasida kompaniya bilan hamkorlikda OKMK korxonalarida uskunalarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun ehtiyot qismlarni konsentratsiyalashni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek, OKMK negizida yoʻl-qurilish texnikasini mahalliylashtirish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama shartnoma imzolandi.

Shuningdek, LUG Light Factory Sp z o.o. vakillari O‘zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida taqdimot o‘tkazdi.

Ma'lumot uchun: LUG Light Factory Sp. z o.o. turli yoritish moslamalari va tizimlarini loyihalash, ishlab chiqarish, ornatish va texnik xizmat korsatish bilan shugullanadi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

III. 6-noyabr sanasida delegatsiya Glogov shahridagi mis eritish zavodiga tashrif buyurdi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Sediniya shahridagi mis sterjen ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Ma'lumot uchun: zavodda mis katodidan diametri 8-25 mm bolgan sterjen ishlab chiqarish uchun 2 ta liniya mavjud. Zavodning quvvati yiliga 250 ming tonnagacha.

Bundan tashqari, KGHM ZANAM S.A kompaniyasi bilan rudalarni yuklash va rudalarni yetkazib berish uchun maxsus uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha uchrashuv tashkil etildi.

Ma'lumot uchun: KGHM ZANAM S.A. KGHM Polska Miedz S.A.ning bir qismi sifatida 1962 yildan beri ishlaydi. U toliq ishlab chiqarish sikliga ega, jumladan konstruktorlik byurosi (50 kishi), shtamplash, payvandlash, boyash va yigish sexlari mavjud. Korxonada 1500 kishi ishlaydi. U 200 tagacha maxsus texnika ishlab chiqaradi, shundan 100-120 tasi KGHM Polska Miedz S.A.ga yetkazib beriladi, qolgani Germaniya, Rossiya, Estoniya, Shvetsiya va Qozog‘istonga eksport qilinadi. KGHM ZANAM S.A. mashinalari OKMK tomonidan qollaniladi, ijobiy xarakterlanadi.

Kompaniya bilan kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

KGHM ZANAM S.A. vakillarining Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo bo‘yicha KGHM ZANAM maxsus texnikasiga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha KGHM ZANAM Central Asia servis kompaniyasini tashkil etish, mahalliylashtirish, yig‘ish yo‘li bilan maxsus texnika ishlab chiqarish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning KGHM ZANAM SAda amaliyot o‘tashini tashkil etish kabi masalalarni oʻz ichiga olgan kompaniya bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum va “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati