Joriy yilning 1-31-oktabr kunlari davomida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot
03/11/2021 - 09:55 3419
Joriy yilning 1-31-oktabr kunlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (Qo‘yliq) va Eski jo‘va (Chorsu) dehqon bozorlarida asosiy iste’mol tovarlarining ulgurji narxlari bo‘yicha kuzatuv natijalari e’lon qilinib borildi.
Ushbu davr mobaynida bozorda sariq sabzi 500 so‘mga, qizil sabzi 250 so‘mga, import olma 2 500 so‘mga, rizamat uzumi 1 500 so‘mga, import nok 2 500 so‘mga va limon 9 000 so‘mga arzonlashgan.
Shu bilan birga, kartoshka 675 so‘mga, piyoz 100 so‘mga, sarimsoq piyoz 2 500 so‘mga, bodring 625 so‘mga, pomidor 2 000 so‘mga, bulg‘ori qalampiri 1 500 so‘mga, baqlajon 250 so‘mga, olma 2 500 so‘mga, uzum 2 000 so‘mga, nok 1 000 so‘mga, tarvuz 900 so‘mga va qovun 1 000 so‘mga oshgan.
Tezkor ma’lumotlarga asosan, “Qo‘yliq” bozoriga 1-31-oktabr kunlari hududlardan jami 23,7 ming tonna, xususan, 12,4 ming tonna kartoshka, 8,4 ming tonna piyoz, 966 tonna karam va 1,9 ming tonna sabzi keltirilgan.
Shundan, Toshkent viloyatidan 1 107 tonna kartoshka, 1 564 tonna piyoz, 966 tonna karam, 573 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 1 144 tonna kartoshka, 78 tonna sabzi, Namangan viloyatidan 69 tonna kartoshka, Jizzax viloyatidan 6,8 ming tonna piyoz va 27 tonna sabzi, Farg‘ona viloyatidan 210 tonna, Qashqadaryo viloyatidan 600 tonna, Xorazm viloyatidan 27 tonna, Buxoro viloyatidan 151 tonna, Sirdaryo viloyatidan 158 tonna va Andijon viloyatidan 67 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.
Shuningdek, “Qo‘yliq” bozoriga Qozog‘iston Respublikasidan 5 010 tonna, Qirg‘iziston Respublikasidan 844 tonna, Afg‘oniston Islom Respublikasidan 902 tonna va Eron davlatidan 3 347 tonna kartoshka keltirilgan.
Shu bilan birga, hududlardan “Chorsu” dehqon bozoriga 1-31-oktabr kunlari jami 357,2 tonna, shu jumladan 302,7 tonna mol go‘shti va 54,5 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati