Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari bilan uchrashuv
12/10/2021 - 14:36 3932
Joriy yilning 11-oktabr sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov Fransiya taraqqiyot agentligining davlat moliyaviy boshqaruvi bo‘yicha mutaxassisi Kom Desheri boshchiligidagi ekspertlar guruhi bilan videokonferensiya orqali uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassisi Serj Perrin, Toshkentdagi vakolatxonasi direktori Vinsent Kopen, vakolatxonaning loyihalar direktori Sardor Nazarov va Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutiga direktori Umid Obidxo‘jayev hamda vazirlikning mas’ul departament vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida hamkorlikda shakllantirilayotgan loyihalar, xususan, yashil iqtisodiyotga o‘tish, uning tarkibiy qismlari hisoblanadigan yashil budjet va soliq siyosati, barqaror davlat xaridlar, davlat korxonalarini boshqarish, davlat budjeti metodologiyasi, loyihaning yakuniy tayyorgarligi kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar loyiha doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi harakatlar va yashil iqtisodiyot uchun xalqaro majburiyat, yashil siyosat koordinatsiyasi va boshqaruvi, strategik atrof-muhit tahlili, yashil qarz, ifloslanishga qarshi islohotlar, shu bilan birga yashil obligatsiyalar, barqaror rivojlanish maqsadlari uchun chiqariladigan obligatsiyalar borasida fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘nggida, tomonlar yuqoridagi loyihalarni shakllantirish hamda amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirish va kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati