“Toyota Tsusho Corporation” vakillari bilan uchrashuv

09/10/2021 - 14:56 3746

Joriy yilning 8-oktabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqaviy idoralari ijrochi maslahatchisi janob Yoshixiro Inoye boshchiligidagi “Toyota Tsusho Corporation” korporatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev, shuningdek, DXSh rivojlantirish agentligi  direktorining birinchi o'rinbosari Zokir Bozorov, shuningdek, DXSh rivojlantirish agentligi direktorining o'rinbosari Nodir Nuriddinov ishtirok etdi.

Korporatsiya vakillari tomonidan esa Toshkent shahridagi “Toyota Tsusho Corporation” vakolatxonasining ijrochi direktori Nozimjon Xo‘jayev ishtirok etdi.

Kun tartibida korporatsiyaning O‘zbekiston bilan energetika sohasidagi hamkorligini rivojlantirish, xususan, qayta tiklanadigan energetika quvvatlarini kengaytirish istiqbollari masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida korporatsiya vakillari turli yo‘nalishlar bo‘yicha to‘plangan tajribaning o‘ziga xos xususiyatlarini hamda respublikada amalga oshiriladigan shamol energetikasidagi loyihani hisobga olgan holda korporatsiyaning xalqaro faoliyati haqida taqdimot o‘tkazdilar.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berib, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, Quyosh va shamol energetikasida xalqaro moliya institutlari ishtirokida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar ekspert darajasida bo’lgan maslahatlashuvlar o‘tkazish orqali o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati