MEHNAT FAXRIYLARI E’TIBORDA

07/10/2021 - 15:26 4536

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 27-sentabrdagi Qarori hamda 2021-yil 16-sentabrdagi tegishli majlis bayoniga asosan joriy yilning 4-10-oktabr kunlari “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida barcha hududlarda “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Keksalarga hurmat ko‘rsatish, ularga har tomonlama ko‘mak berish, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan ushbu haftalik doirasida mas’ul vazirlik va tashkilotlar tomonidan joylarda bir qator tadbirlar tashkillashtirildi. Xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ham ushbu haftalik doirasida nuroniylarning holidan xabar olish, ularni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish va e’zozlash bo‘yicha bir qator xayriya ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Vazirlikda uzoq yillar ishlab nafaqaga chiqqan keksa faxriylar xonadonlariga tashrif buyurilib, ular bilan dildan suhbatlashildi, esdalik sovg‘alari ulashildi.

— “Qarisi bor uyning – parisi bor”, degan hikmatli so‘zlar bejiz aytilmagan, — deydi mehnat faxriysi Nosirova Mavlyuda. — Ana shu oliyjanob qadriyat, fazilat bugun kundalik hayotimizda ham o‘z ifodasini topganligi davlat siyosatining insonparvarlikka yo‘g‘rilgani namunasidir.

  • Men uzoq yillar mazkur vazirlikda faoliyat yuritib keldim, halol mehnatim bilan farzandlarimni o‘qitdim, kasb-hunarli qildim, – deydi suhbatdoshimiz Torakul Kaldibayev. — Vazirligimiz jamoasi ahil bir oila bo‘lib, har doim bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Bu insonlarni bir-biriga g‘amxo‘rligi mehr-oqibati namunasi.

Nuroniylarimizga mustahkam sog‘liq va uzoq baxtli umr tilab qolamiz, ularning maslahat va o‘gitlari biz uchun doimo qadrli.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati.