Uchinchi muloqot: sanoat va iqtisodiyotning ekologik, past uglerodli rivojlanishini qo'llab-quvvatlash
25/09/2021 - 14:04 3862
Uchinchi davra suhbati "Ekologik, past uglerodli sanoat va iqtisodiyotni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash" yuzasidan "O'zbekiston Respublikasida yashil o'sish va iqlim o'zgarishi" strategik dialoglari, shuningdek, manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuvlar doirasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Bu kabi uchrashuvlar 2022-yilning yanvariga qadar davom etishi ko'zda tutilgan.
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi, Jahon banki va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) bilan birgalikda bir qator davra suhbatlari o'tkazilmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi - O'zbekistonda "yashil" iqtisodiyotga o'tishni tezlashtirish yo'llarini joriy etish.

Mazkur tadbirda 60 dan ortiq davlat idoralari vakillari, iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha yetakchi ekspertlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillari Toshkentda onlayn va oflayn shaklda ishtirok etdi. Ular O'zbekistonning energetika, sanoat va transport sohalariga past uglerodli o’tishning istiqbollari va imkoniyatlari hamda aylanma iqtisodiyot texnologiyalari va ularni amaliyotda joriy etishni muhokama qildilar.
Muhokama chog'ida uglerodga boy bo'lgan iqtisodiy rivojlanish modeli, iqlim o'zgarishiga moslashish salohiyatining pastligi, shuningdek, chegaradan uglerod solig'i joriy etilishi mumkinligi sababli O'zbekiston jahon bozorlariga eksport qilinayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligining pasayish xavfi ko'rib chiqildi. Hozirgi vaqtda energetika sektorida issiqxona gazlari chiqindilarning 80 foizini tashkil qiladi va 10 foizi qishloq xo'jaligidan, 4 foizi esa sanoat ishlab chiqarishdan yuzaga keladigan chiqindilardan iboratligi aniqlangan.
O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining elektr energetikasi sektorini isloh qilish loyihalari boshqarmasi direktori o'rinbosari Bahrom Umarbekov O'zbekiston 2030-yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini ko'paytirishni rejalashtirayotganini, shu bilan birga umumiy energiya ishlab chiqarishni hozirgi 13 GVt dan 30 GVtgacha, shundan 5 GVt quyoshdan, 3 GVt shamol va 3,8 GVt gidroenergetikadan olingan holda, energiya olish miqdorini oshirish xususida so'z yuritdi.
Shuningdek, "Jahon banki O'zbekiston hukumatiga investitsiyalarni moliyalashtirish, konsalting xizmatlari va tahlillar orqali energetika sohasini dekarbonizatsiya qilishda har tomonlama ko'mak berishga tayyor. O'zbekiston energiya samaradorligini oshirish uchun katta salohiyatga ega va Jahon banki energiya tejamkorligi sarmoyalariga 600 mln. dollarga yaqin mablag’ ajratadi" - deydi Jahon bankining energetika bo'yicha katta mutaxassisi Ferhat Esen.
O'zbekistonda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirishda aylanma iqtisodiyot amaliyotini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Jahon bankining atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha katta xodimi Tsin Vanning ta'kidlashicha, aylanma iqtisodiyotning asosiy vazifasi - chiqindilarni va ifloslanishni kamaytirish, mahsulot va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qayta ishlatish, yashil ekologik tizimlarni yashil infratuzilmaga tiklash va sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish.

Mustaqil ekspert - Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori Yuliy Yusupov ta'kidlaganidek, energetika sohasidagi muammolarni hal qilishning kaliti islohotlarni institutlashtirishdir. Uning fikricha, xususiy sektor innovatsion texnologiyalardan foydalanishga davlat sektoriga qaraganda yaxshiroq.
Keyingi 9 strategik davra suhbati 2022-yilning yanvariga qadar har oyda ikki marta o'tkaziladi. Unda - iqlim o'zgarishiga qarshi barqarorlikka bag'ishlangan davra suhbatlari; yashil moliyalashtirishni jalb qilish; yashil o'sishga o'tish va iqlimga moslashuvchanlikni tezlashtirish bo'yicha Yo'l xaritasini ishlab chiqish va boshqa shu kabi masalalar bo’yicha muzokaralar o’tkazilishi kutilmoqda.
Ushbu "davra suhbati" turkumi barcha manfaatdor tomonlarni 2021-23-yillardagi iqlim o'zgarishi strategiyasi loyihasida, shuningdek, Hukumatning “yashil” iqtisodiyotga o'tishi, O'zbekistonda ekologik barqarorlikni ta'minlash ustuvorliklariga erishish masalalarini muhokama qilishga qaratilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati