“Mckinsey&Company” vakillari bilan uchrashuv
09/09/2021 - 00:53 3829
Joriy yilning 7-sentabrida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov “McKinsey&Company” boshqaruv konsalting kompaniyasining Qozog‘istondagi vakolatxonasi rahbari Yoxen Berbner bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, “McKinsey&Company” kompaniyasi vakillari Mixail Kulikov, Aleksandr Kamenskiy, Aleksandr Kopitkin hamda Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonulla Nasriddinxo‘jayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida “Milliy elektr tarmoqlari” va “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlari transformatsiya jarayonlari loyihalarini hayotga tatbiq etish, loyihalarning samaradorligi, o‘sish darajalari, yangi texnologiyalarni jalb qilish borasidagi masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tomonlar tashabbuslar va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun boshqa davlatlar tajribalaridan foydalanish, xususiylashtirish jarayonlari, davlat xususiy sherikligi loyihalari, shuningdek, O‘zbekiston yoqilg‘i energetika kompleksini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar kun tartibidagi masalalar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati