Joriy yilning 1-5 sentabr kunlari davomida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot
09/09/2021 - 00:48 3645
Joriy yilning 1-5-sentabr kunlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (Qo‘yliq) va Eski jo‘va (Chorsu) dehqon bozorlarida asosiy iste’mol tovarlarining ulgurji narxlari bo‘yicha kuzatuv natijalari e’lon qilinib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlarda “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJda sabzi 250 so‘mga arzonlagan bo‘lsa, kartoshka 150 so‘mga va pomidor 250 so‘mga oshgan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘i asosida joriy yil 20-avgustdan 5-sentabrgacha Toshkent shahri hamda hududlardagi yirik bozorlarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalari hamda dehqon bozorlariga yondosh hududlarda, aholi gavjum joylarda “maktab bozori” rastalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yarmarka savdolariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar biriktirildi hamda ular tomonidan mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri dehqon bozorlariga olib kelinib maqbul narxlarda sotilishi ta’minlandi.
Mazkur holat ichki bozorda narxlarning sezilarli darajada pasayishiga xizmat qildi.
Savdo yarmarkalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tomonidan jami 2 157,2 tonna quyidagi mahsulot turlari:
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari - 1 648,5 tonna (278,3 tonna kartoshka, 320,3 tonna sabzi, 323,7 tonna piyoz, 180,4 tonna meva, 69,3 tonna uzum, 217,4 tonna poliz va 259,1 tonna boshqa sabzavotlar);
Chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari - 215,4 tonna (124,3 tonna mol go‘sht, 6,0 tonna qo‘y go‘shti, 12,7 tonna parranda go‘shti, 72,4 tonna baliq va 711,9 ming dona tuxum);
Shuningdek, 10,7 tonna asal va 282,5 tonna guruch mahsuloti (Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 124 tonna, Xorazm viloyatidan 155,1 tonna, Sirdaryo viloyatidan 3,4 tonna) yetkazib berildi.
Shu bilan birga, Davlat bojxona qo‘mitasining tezkor ma’lumotlariga asosan, 1-5-sentabr kunlari umumiy qiymati 9,5 mln.dollarlik jami 16,2 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Xususan, mazkur davrda 7,4 ming tonna uzum, 3,2 ming tonna qovun, 652 tonna anor, 411 tonna loviya, 459 tonna shaftoli, 371 tonna xurmo, 234 tonna olxo‘ri, 423 tonna piyoz va 130 tonna mosh tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.
Shuningdek, ushbu davr mobaynida 68 ming dollar qiymatdagi jami 52,8 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan 22 tonna pista, 20,3 tonna banan, 10 tonna yong‘oq va 0,5 tonna qalampir import qilingan.
Tezkor ma’lumotlarga asosan, “Qo‘yliq” bozoriga 1-5-sentabr kunlari hududlardan jami 3,1 ming tonna, xususan, 1 685 tonna kartoshka, 1 108 tonna piyoz, 99 tonna karam va 181 tonna sabzi keltirilgan.
Shundan, Toshkent viloyatidan 158 tonna kartoshka, 509 tonna piyoz, 99 tonna karam, 62 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 1 154 tonna kartoshka, 52 tonna sabzi, Surxondaryo viloyatidan 390 tonna va Jizzax viloyatidan 209 tonna piyoz, Farg‘ona viloyatidan 46 tonna va Qashqadaryo viloyatidan 21 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.
Shu bilan birga, hududlardan “Chorsu” dehqon bozoriga 1-5-sentabr kunlari jami 42,9 tonna, shu jumladan 38 tonna mol go‘shti va 4,9 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati