Misr Arab Respublikasining rejalashtirish va iqtisodiy rivojlanish vaziri bilan uchrashuv

06/09/2021 - 10:05 4119

Joriy yilning 4-sentabr kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o'rinbosari-Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorovning Misr Arab Respublikasining rejalashtirish va iqtisodiy rivojlantirish vaziri Hala Al-Said bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirining birinchi o'rinbosari Ilhom Norqulov, Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori Botir Ahmedov, shuningdek, rejalashtirish vaziri maslahatchisi, makroiqtisodiy bo'lim boshlig'i doktor Nada Masud, rejalashtirish va iqtisodiy rivojlanish vazirligining texnik boshqarmasi direktori Kamal Nasr, vakolatxona boshlig'ining o'rinbosari Muhammad el Sukkari va boshqa mutaxassislar ham ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi koronavirus pandemiyasidan keyin ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ta'sirlarni bartaraf etish uchun qilingan chora-tadbirlar muhokamasiga bag’ishlandi. Shuningdek, tomonlar keyingi yillarda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so'z yuritdilar.

O'zbekiston tomoni mehmonlarga so'nggi 5 yil ichida amalga oshirilgan islohotlar haqida ma'lumot berdi va kelgusi yillar uchun rejalar bilan tanishtirdi. Xususan, liberallashtirish islohotlari, soliq islohotlari, inflyatsiyani pasaytirish, amalga oshirilayotgan DXSh loyihalari va boshqalar yuzasidan fikr bildirildi.

Shu bilan birga, Misr Arab Respublikasi vakillari COVID-19 sharoitida iqtisodiy barqarorlikni qo'llab-quvvatlash uchun ular tomonidan ko’rilgan bir qator choralar xususida O'zbekiston tomonini xabardor qildilar.

Mavjud va yangi yo'nalishlar bo'yicha ikki tomonlama hamkorlik to'g'risida kelishib olish imkonini bergan uchrashuv iliq va konstruktiv muhitda bo'lib o'tdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi 

Axborot xizmati