Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning sanoat vazirlari yig'ilishi bo‘lib o‘tdi

18/07/2021 - 23:31 4155

Joriy yilning 16-iyul kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari Bobur Abdinazarov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Dushanbe shahrida gibrid shaklda bo‘lib o‘tgan ShHTga a'zo davlatlar sanoat vazirlarining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini qamrab olgan masalalar kiritildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston tomoni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning ishbilarmon doiralari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish Dasturi loyihasini ko‘rib chiqish uchun taqdim etdi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 10-noyabrda ShHT sammitida ilgari surilgan edi.

Ushbu tashabbusning maqsadi Shhtga a’zo davlatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasida sanoatda kooperatsion aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, ShHT makonida o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli, barqaror, muntazam sanoat hamkorligini yo‘lga qo‘yish uchun ko‘p tomonlama platformani shakllantirish uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.

Delegatsiyalar rahbarlari taqdim etilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, hozirgi kunda a’zo davlatlar kuchli ishlab chiqarish bazasi va yuqori ilmiy-texnik salohiyatga ega ekanini, bu esa sanoat sohasida yangi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini berishini ta’kidladilar.

Yig‘ilish ishtirokchilari ShHT Kotibiyati bilan birgalikda ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat sohasida davlat organlari, ishbilarmon doiralar, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlar vakillarini jalb etgan holda muvofiqlashtirilgan va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligini bildirdilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati