IQTISODIY YANGI SO‘ZLAR

15/07/2021 - 12:05 3860

«...Til masalasi — jiddiy masala. Demak, uni chinakam ma’ruf kishilarga xos aql-zakovat va yangicha tafakkur bilan hal etish lozim...»

Xayriddin Sulton, taniqli adib

Bugungi kunda barcha sohalarda yangi so‘zlar bilan boyimoqda. Jumladan iqtisodiyot sohasi ham “to‘lishib” bormoqda. Ayniqsa, iqtisodiyotning yetakchi yo‘nalishlaridan bo‘lgan buxgalteriya, marketing, menejment, logistika yo‘nalishlari yangi so‘zlar bilan boyishi har bir iqtisodchini bee’tibor qoldirmasa kerak. O‘zbek tilining asoschilari A.Navoiy va M.Qoshg‘ariyning iqtisodiyotga oid atamalari mazkur sohaning xazinalaridir desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tilimizni asrab-avaylash, toza saqlash, chet tillar ta’sirini bir me’yorga keltirish zarurati har birimizning zimmamizda ekanligi xususida ko‘p va xop gapirmoqdamiz, so‘z yuritamiz. Inchunun, tilimizdagi o‘zgarishlar, avvalo, istilohlar evaziga kirib keldi deyish mumkin. E’tiboringizga ko‘p qo‘llanilayotgan so‘zlarining kelib chiqishi, ma’nosi haqida gaplashamiz.

Halollik vaksinasi — korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari majmuasi. Bu atama ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tilga olingan:

“Bugungi kunda ham halollik va poklik masalasiga hayotimizning yaxshilanishi hamda insoniyligimizning mezoni sifatida qaralmoqda. Shu maqsadda turli illatlardan xoli, farovon, odil jamiyatni qurishda eng muhim “richag” – har birimiz o‘zimizni “halollik vaksinasi” bilan emlashimiz kerakligi ta’kidlanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda adolat bosh mezon hisoblanadi. Bunga erishishning yagona yo‘li – “halollik vaksinasi” hisoblanadi. “Halollik vaksinasi” hozirgi kunda Yangi O‘zbekiston g‘oyasini izchil amalga oshirishda va bozor munosabatlariga keng yo‘l ochib berilgan davrda nihoyatda zarur ahamiyat kasb etadi”.

Kambag‘allik — insonning hayoti davomida tanlov va imkoniyatlarga ega bo‘lmasligi, jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish uchun to‘siqlarning mavjudligi, bundan tashqari, oilasini boqishi va kiyintirishi, ta’lim olishi yoki kasalxonada davolanishi, biror sohada faoliyat yuritishi yoki daromad olishga imkon beradigan mehnat bilan ta’minlash imkoniyatlari yetishmasligi hamda kredit olish imkoniyatining cheklanganligida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, kambag‘allik — bu insonlar, uy xo‘jaliklari va jamoalarning ijtimoiy jihatdan chegaralanganligi, xavf-xatarlar oldida chorasizligi hamda nochorligi sanaladi.

Iqtisodiy drayver — bu iqtisodiy o‘sish ustuni, iqtisodiy rivojlanish negizi, iqtisodiy o‘sishning yetakchiligi, iqtisodiy rivojlanishning ahamiyatliligi, iqtisodiy o‘sish barqarorligi, iqtisodiy o‘sish ustuni va hokazolar tushuniladi.

Masalan, iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biri bu — makroiqtisodiyot sohasi hisoblanadi.

Inklyuziv o‘sish — nochor guruhlardagi tengsizlikni kamaytirishni o‘z ichiga oluvchi o‘sish imkoniyatini diskriminatsiyasiz taʼminlaydigan diskriminatsiyasiz o‘sish tushuniladi. Inklyuziv o‘sish foydada ishtirok etish va undan teng foydalanishni nazarda tutadi.

Motivatsiya — harakatni uyg‘otmoq; ruhiy-fiziologik rejaning dinamik jarayoni, inson harakatini boshqarish, maqsad sari yetaklovchi vosita, tashkillashtirish, faollik va bardoshlilik kabi ma’nolarni anglatadi. Motivatsiya har bir sohada kerak: hox u ta’lim, hox u iqtisodiy bo‘lsin, rivojlanishga turtki beradigan omil.

Barqaror rivojlanish maqsadlari 2015 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan ishlab chiqilgan 17 ta o‘zaro bog‘liq bo‘lgan maqsadlar to‘plami bo‘lib, u barcha darajadagi (kambag‘al, boy va o‘rta rivojlangan) mamlakatlarda hamma uchun yaxshiroq va barqaror kelajakka erishish rejasini ifodalaydi. U qashshoqlik, tengsizlik, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning tanazzulga uchrashi, tinchlik va adolat kabi global muammolarni hal qiladi.

Tovar — bu “mahsulot”ning o‘zbekchasi – tovar-da, deyishingiz mumkin. Yoki tovarning o‘zbekchasi mahsulot deb atashimiz ham xato emas. Bu so‘z go‘yo rus yoki boshqa Yevropa tilidan kirib kelganday tuyuladi. Aslida bunday emas. Tovar azaldan o‘zbekcha so‘z.

Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida “tavar” so‘ziga “jonli, jonsiz mol, mato” deb ta’rif berilgan:

O‘l aning birla tavar yarishdi – U sherigi bilan tovarni teng bo‘lishdi.

Tovar rus tiliga turkiy tillardan o‘tgan. U bolgar, sloven, chex, polyak kabi tillarda ham ishlatiladi.

Xulosa qilib aytganda, bu kabi misollar juda ko‘p. Ammo ular haqida tasavvurga ega bo‘lish va mazmun-mohiyatiga yetish, har bir so‘zning o‘rnini bilib foydalanishimiz qay darajada iqtisodchi va savodxon ekanligimizni belgilaydi. Zero, mamlakat taraqqiy etgan sayin iqtisodiyotda ham yangidan yangi qonuniyatlar kashf etila boshladi. Iqtisodiyotni chuqurroq o‘rganishimizga imkoniyat yaratildi. Umuman olganda, iqtisodiyotga tegishli so‘z va terminlar aniq va mantiqan asoslangan bo‘lmog‘i lozim. Zero, muloqot madaniyatimizda yangi so‘z, iboralarni o‘rinli-o‘rinsiz tarzda iste’molga kirishi, gap tarkibida sun’iy ifodalarning paydo bo‘lishi, chet tillar ta’siri va kommunikatsiya oqibati o‘laroq tilimizni buzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Zero, til – millat ko‘zgusi. Bu haqda Erkin Vohidov shunday degan edi, “Ona tili umummillat mulki. Demak, til oldidagi mas’uliyat umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmoq kerak”.

                                                         Oygul Kajanova,

                                      Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi.