“O‘zbekistonda urbanizatsiya va shaharlarni kompleks rivojlantirish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

28/06/2021 - 16:38 4350

SHAHARLARNI KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

 

         Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida “O‘zbekistonda urbanizatsiya va shaharlarni kompleks rivojlantirish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

         Vazirlik tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha 2021-yil uchun “Yo‘l xaritasi”ga asosan, “Yangi O‘zbekiston” debat-klubi doirasida ushbu seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad xodimlarning iqtisodiy bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro fikr almashish, yurtimizda va xalqaro maydonda yuz berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish, islohotlarga daxldorlik hissini yuksaltirish, shuningdek, tegishli soha va tarmoqlar bo‘yicha olimlar va mutaxassislarning ilmiy g‘oyalari va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirishdan iboratdir.

         Seminarda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent Sayidfozil Zokirov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya” kafedrasi dotsenti, geografiya fanlari nomzodi Saida Tashtayeva hamda urbanizatsiya yo‘nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimlardan Hasanboy Qosimovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

         Ekspertlar o‘z ma’ruzalarida mustaqillik yillarida O‘zbekistonda shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilganini, xususan, shahar aholisi salmog‘i 1991-yilda 40,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilga kelib bu ko‘rsatkich 50,6 foizni tashkil etganini hamda bunday o‘sish sur’atlariga asosan ma’muriy o‘zgarishlar, ya’ni 2009-yilda mingga yaqin qishloq aholi manzilgohlarining shaharchalarga aylantirilishi hisobiga erishilganini ta’kidlashdi.

         Barqaror rivojlanishni ta’minlashning yangi omili sifatida mavjud nomutanosibliklar va tizimli muammolarni bartaraf etish, urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil                       10-yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi, — deydi Saida Tashtayeva. — Shuningdek, mamlakatimizda urbanizatsiya va shaharlarni kompleks rivojlantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq va Chirchiq shaharlari, Sirdaryo viloyatining Shirin shahri, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Surxondaryo viloyatining Sharg‘un shaharchasi respublika bo‘ysunuvidagi shahar va shaharchalar bo‘ldi. Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani tashkil etildi. Samarqand shahri hududini yondosh tumanlar hisobiga kengaytirib, shahar aholisi sonini 1 mln kishiga yetkazish hamda viloyat markazini Gulobodga ko‘chirish, Andijon tumanida 4 ming gektar maydonda Yangi Andijon shahrini barpo etish loyihalari ishlab chiqildi.

         Seminarda ma’ruzachilar tomonidan o‘tkazilgan taqdimotlar vazirlik xodimlarining salohiyatini rivojlantirishga, urbanizatsiya bo‘yicha bilimlarini oshirishga xizmat qildi.

         Tadbir so‘nggida fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida faol integratsiyani ta’minlashda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan urbanistika sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va bu yo‘nalishdagi innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,

Axborot xizmati