YANGI O‘ZBEKISTON ISTIQBOLI UCHUN MAS’ULMIZ!
28/05/2021 - 20:07 6685
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda “Ma’rifat soatlari” muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Vazirlik tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha 2021 yil uchun mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ning 10-bandida belgilangan “Yangi O‘zbekiston istiqboli uchun mas’ulmiz!” mavzusida “Ma’rifat soati” tashkil etildi.
ZOOM dasturi orqali bo‘lgan navbatdagi ma’rifat soatida Davlat boshqaruvi akademiyasi “Ma’naviyat va ma’rifat” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Mansur Yunusov o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Olim kirish so‘zida O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarga to‘xtaldi. Jumladan, notiq ta’lim islohotlari orqali yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib olinganligini, bunda, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
— O‘zbekiston o‘tgan davr mobaynida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” bosh g‘oyasi ostida dadil ilgarilab bormoqda, — deydi Mansur Yunusov. — Milliy yuksalish deganda, biz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga ko‘tarishni tushunamiz. Iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim-tarbiya va boshqa sohalarida bo‘layotgan katta o‘zgarishlar hayotimizda muhim voqelikka aylanmoqda. Ertangi kelajagimiz bo‘lmish yoshlar kelgusida ana shu ulug‘vor g‘oya hamda bunyodkorliklarni munosib davomchilaridir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ilm mash’alasi IX–XII asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan olgan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi.
Ma’rifiy soatda ma’ruzachi ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bu o‘zgarishlarga har bir fuqaro o‘z ish o‘rnida, o‘z mavqeida shaxsan daxldor ekanligini ta’kidladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, amalga oshirilayotgan islohotlar yosh avlodning puxta va sifatli bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda, ijod maktablari ochilmoqda, bu davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan katta e’tiborning amaliy ifodasidir.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’naviyat va ma’rifat kengashi,
Axborot xizmati