“O‘ZBEK TILIM — JONU DILIM” yoxud islohga yuz tutayotgan alifbo

22/04/2021 - 17:36 5858

Ona tilimiz — o‘zligimiz bayoni

 

Bugungi kunda bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, hali-hanuz bir yechimga to‘xtalmayotgan yangi lotin alifbosi haqidagi o‘zgarishlar borasida ko‘p va xo‘p gapirilmoqda.

Umuman olganda, o‘zbek tilining jamiyat va davlat oldidagi ahamiyati, imloviy xatolar va savodsizlik oqibati xususida gapiradigan bo‘lsak, har bir xalqning  madaniyati, urf-odati,  dunyoqarashlari bo‘lgani kabi, o‘z tili ham bo‘ladi. Bu til  orqali u  dunyoga taniladi. Tilning ahamiyatligi shu qadar buyukki, hech bir taraqqiyot  usiz bo‘lmaydi. Chunki, u orqali biz dunyoni taniymiz, tafakkurga ega bo‘lamiz.

Farzand  aqlini taniy boshlagani zahoti aqliy rivoji, salohiyatini o‘stirish uchun harflarni turli xil usullar orqali o‘rgatishga intilamiz. Ya’ni, millat alifbosini tanitishni boshlaymiz. Faylasuflardan biri bu haqda shunday degan ekan:

Tilda xalqning bor-yo‘g‘i, uning butkul vatani gavdalanadi... Til xalqning o‘tmish, hozirgi va kelajak avlodini buyuk bir yaxlitlikka, tarixiy, jonli bir jipslikka aylantiruvchi eng hayotiy, eng boy va eng  mustahkam vositadir.

Demak, o‘zini anglagan har bir xalqning o‘z yozuvi bo‘lishi kerak. O‘zbek xalqi qadimdan husnixat borasida, yozuvning chiroyli bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratgan. Hattoki, o‘zbek namoyandalaridan bo‘lmish Zahiriddin Muhammad Bobur maktubidagi imloviy xatoliklar xususida o‘z o‘g‘li Humoyunga  nasihat qiladi. “Ham sanga tashvish ozroq bo‘lur va ham o‘qug‘uchig‘a” deya ko‘rsatma beradi. Imloga e’tiborli bo‘lish, fikrni ravon ifoda eta olish o‘qimishli kishining ajralmas sifati bo‘lishi kerakligini doimo uqtiradi.

Endi, asosiy masala til islohiga qaytsak. Alifbo islohiga nega aynan hozir qo‘l urish kerak degan fikrlar qalashib yotibdi. Bu borada kamina o‘z fikrlarimni bildirsam. Ya’ni, alifbo o‘zgarsa, birinchi galda darsliklar o‘zgaradi. Demak, juda ko‘p darslik va qo‘llanmalar yangidan tayyorlanishi va chop etilishi mumkin. Lekin bu jarayon baribir bir kunmas bir kun amalga oshishi kerak-ku! Qancha erta bo‘lsa, shuncha yaxshi-da.

Lotin alifbosining yangi tahririda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

Taklif qilinayotgan Ch – Ç ç belgisi bilan Sh harfi esa  Ş ş bilan ifodalanadi. Keyin  Ğ ğ, Ŏ ŏ, harflari kiritilmoqda.

To‘g‘ri, bu o‘zgarishlar jamiyat siyosatiga, shuningdek,  iqtisodiyotiga ta’sir etmay qolmaydi. Ammo o‘zgarishlardan qo‘rqsak, yuksalish qachon bo‘ladi?!  Biroq, alifboni o‘zgartirish masalasi ma’lum vaqtdan keyin yana paydo bo‘lishini istamasak, alifbo va imlo bilan bog‘liq masalalarni yuzakilashtirmaslik kerak. Har qanday qaror, har qanday o‘zgarish aniq ilmiy asoslangan, puxta o‘ylangan bo‘lishi kerak.

Chunki, hadeb alifboni o‘zgartiraverish avlodlar o‘rtasida keksa avlod va yosh avlod orasida savodsizlikni kuchaytirib yuboradi. Shu bois, Alifboni, hattoki undagi ayrim harflarni o‘zgartirish, katta budjet xarajatlaridan tashqari, avlodlar o‘rtasida uzilishga, to‘plangan bilimlar bazasidan foydalanish imkoniyatining yo‘qolishiga va tilning rivojlanishidagi ma’lum bir sekinlashishlarga olib keladi.

Til — xalqqa qulay bo‘lishi kerak. Inson uni bajonidil o‘rganishi, o‘rgatishi, mehr ila yozishi lozim. Bu til bilan faxrlanishi, tiniqligi, ravonligi haqida ikkilanmay so‘zlashi lozim, aksincha, emas.

Oygul KAJANOVA,

Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi.