DAVLAT TILI siyosatini takomillashtirishning yangi bosqichi

01/03/2021 - 18:22 5324

Qaysi bir millatning ona tili oʻz hojatini oʻtayolmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, balki butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladilar.

Alixontoʻra Sogʻuniy.

Davlat tili deganda, biz muayyan bir davlat hududida yashovchi fuqarolarning davlat tomonidan belgilab berilgan yagona rasmiy muloqot tilini tushunamiz. Tilni rivojlantirishda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlansagina mazkur til oʻzining asl qiyofasini saqlab qoladi. Aytish joizki, bugungi kunda davlat tilini mustahkamlash borasida yurtimizda tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.

Jonkuyar tilshunoslarning oʻzbek tilini rivojlantirish, uni yangi oʻzgarishlar bilan boyitish, mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, yangi imkoniyat ва sharoitlar yaratilmoqda. Bundan avval davlat organlarida davlat tili boʻyicha mutaxassislar joriy etilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, davlat tilida ish yuritishni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida olib borishga oʻtish ishlari qizgʻin davom ettirilmoqda.

Xoʻsh, bu nima degani? Bilamizki, taʼlim muassasalarida oʻqish allaqachon lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida olib borilmoqda, oʻqituvchilarning deyarli barchasi yozma muloqotda shu alifbodan foydalanishga oʻtib olgan. Ayrim tashkilotlarda esa, maʼlum bir sabablarga koʻra kirill alifbosida ish yuritilmoqda. Bu tabiiy, chunki bunday muassasalarda lotin alifbosini biladigan xodimlar kam.

— Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevral kuni qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazkur muammoni bartaraf qilish maqsadida yagona alifboga oʻtish masalasini uzil-kesil hal etildi, — deydi Oʻzarxiv” agentligi direktorining maslahatchisi Shuhrat Mir Rayim.  — Chunki belgilangan vazifalar ichida kelib chiqishi mumkin boʻlgan muammolarni hal etish mexanizmlari belgilab berildi. Jumladan, bu alifboga bosqichma-bosqich, ammo izchil qadamlar bilan oʻtiladi. Unga rasmiy oʻtish boʻyicha maxsus normativ-huquqiy hujjat qabul qilinadi. Oʻzbek tilining yangi imlo qoidalari tasdiqlanadi. Transliteratsiyaga asoslangan dasturiy taʼminotlar ishlab chiqiladi. Bosqichma-bosqich kadrlarni mazkur alifboda ish yuritishga moslashtirish ishlari olib boriladi, masalan, ularning malakasi oshiriladi, ularga dasturiy mahsulotlar, sharoit yaratiladi. Shuningdek, barcha ommaviy axborot vositalari, matbuotning yozma nutqi, maʼlumotlari yagona yozuvda ifoda etiladi.

Bu qachondan boshlanadi? Avvalo, bunga sharoit yaratiladi, masalan, targʻibot ishlari joriy yildan boshlangan boʻlsa, 2022-yil-1 yanvardan koʻpgina tashkilotlar lotin alifbosiga oʻtadi, shu jumladan “kirill”da bosilayotgan matbuot “lotin”da bosiladi. Axborot-kutubxona markazlari, axborot-resurs markazlariga bosqichma-bosqich yangi badiiy ва boshqa adabiyotlar koʻpaytiriladi. Mustaqil oʻrganuvchilar hamda idoraviy mansubligiga qarab, tashkilot, korxona ва muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning yangi alifbo, yangi imlo qoidalarini oʻzlashtirishga koʻmaklashuvchi uslubiy qoʻllanmalar, lugʻatlar chop etiladi.

Qarorga muvofiq rasmiy veb-saytlar 2022-yilning dekabridan toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yuritilishi belgilandi. Mamlakatimizdagi geografik obyektlar nomlari bugungi kunda aksariyati lotin yozuvida, ammo ayrim hududlarda buning aksini koʻrish mumkin, shuningdek, korxona ва tashkilotlarning tashqi reklamasi, tashqi yozuvlari, peshlavhalari hamon kirill yozuvida aks etmoqda. Ushbu muammoni bartafar etish maqsadida 2022-yil dekabrdan boshlab ularni bir xilda, lotin yozuvida berilishi belgilandi. Demak, ikki xil yozuvlarga barham beriladi vа faqat yagona yondashuv asosida amalga oshiriladi.

Qarorning mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan boʻlsak, bu davlat tilini rivojlantirishga va rasmiy doiralarda yozma nutqni yagona tartibda amalga oshirishning muhim jihatlari belgilab berildi. Eng muhimi, unga amal qilishimiz lozim. Shunday qilib, 2023 yil 1 yanvardan, mulk shaklidan qatʼiy nazar korxona ва tashkilotlarda ish yuritish toʻliq davlat tilida, oʻzimizning yozuvimizda amalga oshirilishi belgilandi.

Axborot, tahlil va  hujjatlarni korreksiyalash boʻlimi