O‘zbekiston Respublikasini 2010 yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

09/11/2010 - 15:25 9389

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 yanvardagi majlisida belgilab berilgan 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturi va bu boradagi kompleks dasturlarni amalga oshirish joriy yilning yanvar-sentabr oylarida iqtisodiyot va jamiyatimiz ijtimoiy hayotini barqaror va muvozanatli rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi.

I. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar

2010 yilning to‘qqiz oyida iqtisodiy o‘sish 8,3 foizni tashkil qildi. Iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlari yuqori sur’atda rivojlanishi ta’minlandi: sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,3 foiz, iste’mol tovarlari 12 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 7,8 foiz, qurilish ishlari 9 foiz, chakana savdo 12,2 foiz, pullik xizmat ko‘rsatish 10,3 foiz o‘sdi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan bajarildi. Inflatsiya darajasi 4,2 foizni tashkil qildi va prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi.

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan faol investitsiya siyosati samarasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 8,1 foiz, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 15,1 foiz o‘sishi ta’minlandi.

Mamlakatimizning eksportchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, eksportni diversifikatsiya qilish va yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirishga oid ko‘rilgan chora-tadbirlar mahsulotlar eksporti hajmini 10,9 foiz oshirish, tashqi savdo aylanmasi ijobiy saldosini 3,6 milliard dollardan ortiq hajmda ta’minlash imkonini berdi.

2010 yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (2009 yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 108,3
Sanoat mahsulotlari 108,3
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 112,0
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 107,8
Qurilish ishlari 109,0
Chakana savdo aylanmasi 112,2
Pullik xizmatlar 110,3

II. Bank-moliya tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash

Banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish va ularning resurs bazasini mustahkamlashga doir amalga oshirilgan chora-tadbirlar tijorat banklari jami kapitalining joriy yil boshiga nisbatan 18,2 foiz o‘sishini ta’minladi. Aholining banklar va kredit uyushmalaridagi depozitlari 41,9 foiz oshdi. Kredit tashkilotlarida aholi depozitlari umumiy miqdoridagi muddatli va jamg‘arma omonatlari ulushi 86,9 foizni tashkil qildi.

Kapitallashuv darajasi va resurs bazasini yanada oshirish bank tizimining jami aktivlarini joriy yil boshidan buyon 28,1 foiz o‘sishini ta’minladi, shuningdek, kredit qo‘yilmalari qoldiqlarini 32,8 foiz oshishiga yordam berdi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida tijorat banklari tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash uchun qiymati 2,4 trillion so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Bu 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar ko‘pdir.

Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish va bankdan tashqari pul aylanmasini kamaytirish maqsadida muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar 2009 yilning shu davriga qaraganda 2,5 million donaga ko‘paydi va 7,5 milliontaga yetdi, o‘rnatilgan terminallar esa 23,4 mingtaga ko‘payib, 65 mingtani tashkil qildi. Natijada plastik kartochkalar orqali naqd pulsiz to‘lovlar hajmi 2009 yilning yanvar-sentabr oylaridagiga nisbatan 2,5 baravar oshdi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida tijorat banklari tomonidan mamlakatimizning eksportchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning aylanma kapitalini to‘ldirish uchun 275,5 milliard so‘m hajmida yoki 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,7 baravar ko‘p kredit mablag‘lari ajratildi.

«Mudis» xalqaro reyting agentligi 2010 yilning 30 avgustidagi sharhida O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining rivojlanish prognozini “barqaror”, deb baholadi. Mazkur baho global iqtisodiy inqiroz sharoitida mamlakatimiz tijorat banklarining barqarorligini, ularning aktivlari sifati mustahkamligini va kapitallashuv darajasi oshganini ko‘rsatadi.

«Mudis» agentligi tahlilchilarining fikriga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati tartibga solish va monitoring qilish, shuningdek, bevosita moliyaviy qo‘yilmalar orqali moliya sohasini samarali boshqarmoqda. Hukumat banklar kapitalini ko‘paytirish bilan bir qatorda, ular orqali industrial va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirmoqda va bu, o‘z navbatida, banklar likvidligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, jahon moliya bozorlaridagi jarayonlar O‘zbekiston banklari uchun jiddiy xavfni yuzaga keltira olmasligi, likvidlikning asosiy ko‘rsatkichlari kelgusida ham o‘zgarmasligi va har qanday kutilmagan sarf-xarajatlar likvid mablag‘lar yoki tartibga soluvchi hokimiyat organlarini qo‘llab-quvvatlashi hisobidan oson qoplanishi mumkinligi ta’kidlangan.

Qayd etish joizki, «Mudis» agentligining O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining barqarorligi haqidagi fikrini yana bir nufuzli xalqaro reyting agentligi – «Standart end Purs» ham ma’qullaydi. Ushbu agentlik O‘zbekiston banklarining xalqaro moliya bozorlariga unchalik qattiq bog‘lanmaganligi va ularning MDHning boshqa yirik mamlakatlariga qaraganda tashqi qarzi kamligi O‘zbekiston bank tizimini global bozorlardagi salbiy jarayonlardan himoya qilganini qayd etdi. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida «Standart end Purs» reyting agentligi tomonidan mamlakatimizning to‘rtta tijorat bankining kredit reytingi tasdiqlandi.

III. Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish va mamlakat raqobatbardoshligini oshirish siyosatini davom ettirish

Joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish borasida yengil sanoat (118,4 foiz), mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoati (114,1 foiz), kimyo (113,7 foiz) va oziq-ovqat sanoati (109,9 foiz) yuqori sur’atda rivojlandi. Elektr energetika sohasi, qora va rangli metallurgiya sanoatining barqaror ishlashi ta’minlandi.

2010 yilning o‘tgan davrida kaliy o‘g‘iti, bikarbonat natriy, kaliy nitrati, energiya tejovchi lampochkalar, «Spark» rusumidagi yengil avtomobil, «CLAAS» traktorlari va kombaynlari, turli dorivor preparatlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida 990 loyiha bo‘yicha qiymati 4,2 trillion so‘mlik yoki 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,4 baravar ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. Mahalliylashtirilgan 47 turdagi yangi mahsulot eksport qilindi, mahalliylashtirilgan mahsulotlar eksportining umumiy hajmi esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar oshdi. Natijada respublika sanoat ishlab chiqarishi umumiy hajmida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushi o‘tgan yilning shu davridagi 14,9 foiz o‘rniga 17,6 foizni tashkil qildi. Import o‘rnini bosishning hisob-kitob qilingan samarasi 2,7 milliard dollarni tashkil etdi yoki o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,3 baravar oshdi.

Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida tijorat banklari tomonidan ishlab chiqaruvchi korxonalarga oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida texnologik uskunalar, xomashyo hamda materiallar xarid qilish uchun 775,8 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.

Natijada joriy yilning to‘qqiz oyida iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 8,3 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari 14,8 foiz o‘sdi. Gazlamalar, trikotaj buyumlari, gilam va gilam mahsulotlari, galantereya va xo‘jalik tovarlari ishlab chiqarish hajmi ko‘paydi, yassi ekranli televizorlar, yangi turdagi maishiy kimyo vositalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Eksportni rag‘batlantirish, tayyor mahsulotlarni yangi tashqi bozorlarga chiqarish va mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi samarasida joriy yilning to‘qqiz oyida mashina va uskunalar (2 baravar), oziq-ovqat tovarlari (1,9 baravar), qora va rangli metallar (1,5 baravar), xizmatlar (1,2 baravar) eksporti hajmining yuqori sur’atda o‘sishi ta’minlandi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlashga doir amalga oshirilgan samarali choralar joriy yil boshidan buyon ro‘yxatga olingan kichik korxonalar sonining 3,1 foiz ko‘payishiga xizmat qildi. Banklar tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga berilgan kreditlar hajmi 2134,5 milliard so‘mni tashkil qildi yoki bu 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar ko‘pdir, jumladan, 418,2 milliard so‘mlik mikrokreditlar berildi va bu ko‘rsatkich 1,6 baravar oshdi.

Natijada 2010 yilning to‘qqiz oyida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 48,5, sanoatda 18,7, bandlik sohasida 74,4 foizni tashkil qildi. Kichik biznesda sanoat ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlari 124,1 foizni tashkil etdi.

Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturini izchil amalga oshirish natijasida joriy yilning to‘qqiz oyida xizmatlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 11,2 foiz, shu jumladan, moliyaviy xizmatlar 22,6, savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari 14,8, avtomobillar va boshqa texnikani ta’mirlash xizmatlari 27,8 foiz o‘sdi. Natijada yalpi ichki mahsulotda xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 48,6 foizga yetdi. 1295 chakana savdo obyekti, 296 umumiy ovqatlanish obyekti va maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 2,1 mingdan ortiq obyektning ishga tushirilishi hisobidan shu yilning o‘tgan davrida qishloq joylarda 93,6 ming ish o‘rni tashkil qilindi.

IV. Faol investitsiya siyosatini, texnik modernizatsiya qilish dasturlarini amalga oshirish

Joriy yilning to‘qqiz oyida o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar umumiy hajmi 10,8 trillion so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qiyosiy narxlarda 8,1 foiz o‘sdi. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 15,1 foiz ko‘paydi va 1,8 milliard dollarni tashkil etdi.

Umuman, mamlakatimiz bo‘yicha joriy yil boshidan buyon 867 ishlab chiqarish obyekti, jumladan, oziq-ovqat sanoatida 293, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 237, yengil sanoatda 126, yog‘ochni qayta ishlash sanoatida 39 va mashinasozlikda 10 obyekt foydalanishga topshirildi.

Texnik modernizatsiya qilish dasturi doirasida 156 yirik investitsiya loyihasi, jumladan, 50 mingta «Spark» M300 yengil avtomobili ishlab chiqarish, Yevro-4 standartiga javob beradigan «Neksiya» va «Matiz» avtomobillari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, kapsulalangan avtomobil oynalarini, Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodida 200 ming tonna kaliy o‘g‘iti ishlab chiqarish, “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatida fosforit xomashyosi qo‘shilgan ammiak selitrasini granulalashtirish jarayonini joriy etish, yangi turdagi zamonaviy elektr texnika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi. Toshkent shahrida asfalt zavodi va zamonaviy qurilish-yo‘l uskunalari, Namangan viloyatida ip-gazlama polotnosi ishlab chiqarish, Qashqadaryo viloyatida tabiiy charmni qayta ishlash bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirildi, 9 paxta tozalash zavodi modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi.

2010 yilning to‘qqiz oyida zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimini tashkil qilish maqsadida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish bo‘yicha 305,5 milliard so‘mlik yoki 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar ko‘p hajmda ishlar bajarildi.

191 kilometrlik xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari nihoyasiga yetkazildi. O‘zbekiston milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l yoqasida 41 infratuzilma va xizmat ko‘rsatish obyekti, jumladan, tibbiy va avariya yordami ko‘rsatish, avtomobil texnikasini ta’mirlash, sanitariya va gigiyena punktlari, kempinglar, motellar, mehmonxonalar va ko‘p tarmoqli yoqilg‘i quyish stansiyalari qurilishi yakunlandi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida 2009-2013 yillarga mo‘ljallangan temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish va modernizatsiya qilish kompleks dasturlari loyihalari bo‘yicha 232 million dollar ekvivalentidagi kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi.

“Navoiy” xalqaro aeroporti orqali 5 yangi yo‘nalish bo‘yicha Yevropa va Osiyoning yirik logistika markazlariga «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining A-300 samolyotlarida yuk tashish bo‘yicha muntazam xalqaro aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning 9 oyi mobaynida “Navoiy” xalqaro aeroporti orqali 18,5 ming tonna yuk tashildi va yuk tashish bo‘yicha 674 reys amalga oshirildi hamda o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 3 baravar ortdi. Angren shahrida yangi tashkil qilingan Logistika markazi orqali shu yilning to‘qqiz oyida 3,1 million tonnadan ortiq yuk tashildi.

Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim (ASKUE)ni joriy etish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida iste’molchilarga elektr energiyasini hisobga oladigan 400 mingta zamonaviy maishiy pribor o‘rnatildi. Qo‘qon va Andijon shaharlarida abonentlarga kartochka orqali oldindan haq to‘lash tizimiga ega elektr energiyasini hisobga oladigan maishiy priborlarni o‘rnatish bo‘yicha tajriba loyihalari joriy qilindi, 380 xo‘jalik subyektida elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimning lokal tarmog‘i ishga tushirildi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida 107 melioratsiya obyektida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 401,2 kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlari, 109,5 kilometrlik yopiq drenaj tarmoqlari, 4 melioratsiya nasos stansiyasi, 144 melioratsiya va 200 kuzatuv quduqlari, bitta gidrotexnik inshootni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Uzunligi 11,3 ming kilometrdan ortiq kollektor-drenaj tarmog‘i tozalandi va bu 240 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holatini yaxshilash imkonini berdi.

V. Qishloqda uy-joy va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish va qurish dasturining amalga oshirilishi

Joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimiz bo‘yicha qishloq joylarda uy-joy qurish doirasida «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat banki mablag‘lari hisobidan namunaviy loyihalar asosida 3597 uy-joy foydalanishga topshirildi, qiymati 366,5 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. O‘tgan davrda zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari, jumladan, tom yopish materiallari, gipsokarton buyumlari, quruq pardozlash aralashmalari, yig‘iladigan konstruksiyalar ishlab chiqaradigan 198 yangi korxona, shuningdek, yiliga 232 million dona g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega 42 g‘isht zavodi ishga tushirildi.

Aholining uy-joy qurishga jalb qilingan mablag‘lari 1,7 baravar oshdi.

Umuman, mamlakatimizda 7150,1 ming kvadrat metr uy-joy, jumladan, qishloq joylarda 5079,1 ming kvadrat metr turar-joy, shuningdek, 1965,8 kilometrlik, qishloq joylarda 1298,1 kilometrlik suv tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

VI. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish

Aholini asosiy oziq-ovqat turlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida shu yilning to‘qqiz oyida 288,5 gektar maydonda muqobil issiqlik manbalaridan foydalangan holda yengil konstruksiyali 645 issiqxona, shuningdek, zamonaviy mini-texnologiyalar bilan jihozlangan 135 qayta ishlash, jumladan, meva-sabzavotlarni qayta ishlaydigan 29, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlaydigan 41 va sut mahsulotlarini qayta ishlaydigan 65 korxona qurildi.

2010 yilning to‘qqiz oyida chorvachilikni rivojlantirish dasturi doirasida kimoshdi savdolari orqali shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga 21 ming bosh nasldor qoramol sotildi, kam ta’minlangan oilalarga 8055 bosh qoramol bepul berildi. 131 zooveterinariya va sigirlarni sun’iy urchitish bo‘yicha 128 shoxobcha tashkil qilindi. Tijorat banklari hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan qoramol sotib olish uchun 34,7 milliard so‘m ajratildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qoramollar umumiy soni 8893,4 ming boshga yetdi va 2009 yilning shu davriga qaraganda 6,9 foiz, parrandalar soni esa 18,2 foiz o‘sdi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligining oshishi natijasida o‘tgan yilning shu davriga qaraganda sabzavotlar yetishtirish hajmi 7,8 foiz, kartoshka yetishtirish 10,3 foiz, poliz ekinlari yetishtirish 11,6 foiz, mevalar yetishtirish 10,8 foiz, uzum yetishtirish 9,1 foiz, go‘sht yetishtirish 6,8 foiz, sut yetishtirish 6,7 foiz va tuxum yetishtirish 13,2 foiz ko‘paydi. 418,1 ming tonna meva-sabzavot, jumladan, 204,4 ming tonna sabzavot, 62,3 ming tonna poliz ekinlari, 90,5 ming tonna meva va 61 ming tonna uzum eksport qilindi.

VII. Aholi bandligi va hayot sifatini oshirishni ta’minlash

Joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimiz bo‘yicha 784,9 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Uning 502,4 mingdan ortig‘i qishloq joylarda tashkil etildi. Ish o‘rinlarining katta qismi – 503 mingtasi (64,1 foiz) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, jumladan, 253 mingtasi (32,2 foiz) xizmat ko‘rsatish va servis sohasida tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 iyulda qabul qilingan “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni kichik biznesda bandlik darajasining oshishida muhim omil bo‘lmoqda. Ushbu hujjatda respublikaning kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band xodimlarning o‘rtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan normativdan ko‘pi bilan 20 foiz oshirilgan hollarda, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qolinishi belgilangan.

Kasanachilikning turli shakllarini kengaytirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan 186,8 ming, jumladan, korxonalar bilan kooperatsiya asosida 63,1 ming, pudrat shartnomasi va oilaviy biznes asosida 123,7 ming ish o‘rni yaratildi.

Mehnat bozorida amalga oshirilgan faol chora-tadbirlar samarasida iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni qo‘shimcha 2,7 foizga oshdi va 11,6 million nafardan ortiq kishini tashkil qildi. Ish bilan band aholi sonining o‘sishi asosan qurilish (106,5 foiz), uy-joy kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatish (105,4 foiz), transport va aloqa (104,8 foiz), savdo va umumiy ovqatlanish (104,8 foiz) sohalarida kuzatilmoqda.

2010 yilning yanvar-sentabr oylarida o‘rtacha ish haqining barqaror o‘sishi saqlandi va hisobot davrining oxirgi oyida ushbu ko‘rsatkich 553,8 ming so‘mni tashkil qildi. Bu 2009 yilning shu davriga nisbatan 32,1 foiz ko‘pdir.

O‘tgan davr mobaynida “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning barkamol rivojlanishi uchun huquqiy asoslarni mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishga doir izchil ishlar amalga oshirildi. Bu borada ko‘rilgan choralar natijasida ta’lim muassasalarining 453,4 ming nafar bitiruvchisi va yoshlar tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi.

Yoshlarning ijtimoiy ahvolini mustahkamlash borasida yosh oilalarga uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun 90 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari ajratildi, 2320 kam ta’minlangan oilaga to‘y hamda oilaviy tantanalarni o‘tkazishda yordam ko‘rsatildi.

Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “o‘zbek modeli” va 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasidagi chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi 2010 yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi.

Islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, shu asosda O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishi yo‘lida muhim va istiqbolli yo‘nalishlarni amalga oshirish yaqin yillarda iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini saqlashga qaratilgan iqtisodiy siyosatning asosiy vazifasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi