Eksport-import tahlili. Import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarish, mahalliylashtirish masalalari.

27/12/2019 - 15:18 26210

Eksport-import tahlili.

2019 yilning 11 oyida respublikaning tashqi savdo aylanmasi hajmi 38,3 mlrd.dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,4 foizga yoki 9,6 mlrd. dollarga oshgan (2018y. – 28,7 mlrd, doll.).

Jumladan: eksportning umumiy hajmi 16,3 mlrd. dollarni tashkil etib, 43,3 foizga yoki 4,9 mlrd, dollarga oshgan (2018 y. – 11,3 mlrd, doll.).

Import hajmi 22,0 mlrd. dollarni tashkil etib, 27,0 foizga yoki 4,7 mlrd, dollarga oshgan (2018 y. – 17,3 mlrd. doll.).

Natijada, tashqi savdo aylanmasi manfiy saldosi
-5,7 mlrd.dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 228,4 mln.dollarga yoki 3,8 foizga kamaygan (2018y. – -6,0 mlrd.doll.).

Eksportni rag‘batlantirish, xususan mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqishni har tomonlama soddalashtirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2019 yil yakuni bilan umumiy eksport hajmi 34 %ga o‘sib, 18,7 mlrd. dollarga yetishi kutilmoqda.

Bunda asosan, jahon tovar-xomashyo bozorlarida asosiy eksport tovarlari uchun yuqori narxlar shakllanishi tovarlar eksporti hajmini 1 mlrd. dollargacha yoki 7 foiz o‘sishiga, xalqaro iqtisodiy aloqalarning rivojlantirilishi hisobiga esa 1,5 mlrd.dollarga yoki 11 foiz o‘sishiga xizmat qildi. Natijada, o‘tgan davrda tovar va xizmatlar eksport qiluvchi korxonalar soni 1138 taga ko‘payib, hamkor mamlakatlarning eksport geografiyasi 18 ta davlatga kengayib, 177 taga yetdi.

Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 392,3 mln.dollarga yoki 38 foizga, rangli metal va undan tayyorlangan buyumlar - 146,4 mln.dollarga yoki 20 foizga, to‘qimachilik mahsulotlari - 289,7 mln.dollarga yoki 24,6 foizga, xizmatlar - 344,8 mln.dollarga yoki 12,5 foizga va boshqalar - 252,3 mln.dollarga yoki qariyb 2 barobargacha o‘sdi.

1 (4)

Joriy yil yakuni bo‘yicha import hajmi jami 24,0 mlrd doll. (2018 yilga nisbatan 123,7 foiz) tashkil etishi kutilmoqda.

2019 yilning 11 oyida import qilingan tovarlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 mlrd.dollariga oshib, 19,8 mlrd.dollarni, xizmatlar importi hajmi 2,2 mlrd.dollarni tashkil etdi.

Import tarkibida eng katta ulush mashina va asbob uskunalar hamda ularning qismlari 44,1 foizni, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar 13 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari 7,6 foizni tashkil etdi.

Ushbu import tovarlarning qariyib 50 foizi iqtisodiyotda investitsion importni, 25 foizi qayta ishlash uchun xom-ashyo importini, 25 foizi tayyor mahsulot sifatida iste’mol importini tashkil etdi.

Tovarlar importi o‘sishiga ta’sir etgan omillar va manfiy saldosining yuqoriligi sabablari.

  1. Mamlakatimizda 2017-2019 yillarda keng ko‘lamda olib borilayotgan iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, yangi investitsion loyihalarni, aholi farovonligini va eksport salohiyatini oshirish bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan va mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan tovar resurslarini import hisobiga ta’minlanishi.
  2. Aholi daromadlarining o‘sishi natijasida mahsulotlarga bo‘lgan talabning oshishi va uni chetdan keltirilgan tovarlar hisobiga qondirilishi.

Ma’lumot uchun: Oziq ovqat mahsulotlari importi 2017 yilda 1,27 mlrd. doll.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 1,58 mlrd. doll.ni o‘sish sur’ati 24,2 foizni tashkil etgan. 2019 yilning 11 oyi davomida esa ushbu mahsulotlar importi 1,67 mlrd. doll.ni tashkil etib, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan
18,4 foizni tashkil etgan.

  1. Mamlakatimizda so‘mning horij valyutalariga erkin ayirboshlash sharoiti yaratilishi natijasida milliy valyutadagi ichki investitsiyalarning chetdan mahsulot sotib olish qobiliyati chet el valyutasi bilan tenglashganligi natijasida import tovarlariga talabning oshishi.
  2. Tijorat banklari kreditlarining (156,2 foiz) yuqori sur’atlar bilan o‘sishi va kredit mablag‘larining katta qismi iqtisodiyotning noreal ishlab chiqarish sohalariga yo‘naltirilishi (57%), o‘z navbatida ma’lum bir tovar va xizmatlari importini oshishiga sabab bo‘lmoqda.
  3. Chet el investitsiyalarining o‘sishi (2019 yilning birinchi yarmida 2 marta ko‘paygan).
  4. Tovar ishlab chiqarish hajmi o‘sish darajasi(7-8%)ning jalb etilgan investitsiyalar hajmi o‘sish sur’ati (1,5 marta)dan pastligi.
  5. Chet eldan pul o‘tkazmalarining ko‘payganligi (2018 - 5,2 va 2019 - 5,8 mlrd.doll.)
  6. Tovarlar eksportining (maxsus eksportdan tashqari) 22,7 foizga va aholi real daromadlarining o‘sish darajasi tovar ishlab chiqarish hajmiga nisbatan ko‘payishi natijasida iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning oshishi.

Iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha takliflar.

Mamlakatimizda iqtisodiy muhitni sog‘lomlashtirish (inflyatsiya darajasini pasaytirish, ayirboshlash kursining mo‘tadilligini ta’minlash), tadbirkorlikni rag‘batlantirish maqsadida:

  1. Mamlakatda aksiya (kapital) bozorini kengaytirish orqali portfel investitsiyalar hajmini ko‘paytirish. Xususiy korxonalar va aholi bo‘sh mablag‘larini birinchi navbatda davlat va davlat ulushi bo‘lgan korxonalar aksiyalarini sotib olishga hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirish choralarini ko‘rish;
  2. Davlat qarzini chegaralash. Xalqaro andozalar asosida davlat qarzini boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish hamda jalb qilinayotgan qarz mablag‘laridan unumli foydalanish mexanizmlariin ishlab chiqish;
  3. Investitsion loyihalarni shakllantirishda:

- davlat investitsiyalarini baholash tizimini joriy qilish, ijtimoiy soha tarmoqlari, yo‘l transport infratuzilmasi va boshqa tarmoqlar bo‘yicha investitsion loyihalarni tanlash me’yorlari va muhimligini belgilash tartibini o‘rnatish;

- mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini va ularning tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarga moslashuvchanligini oshirish, xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushini ko‘paytirish hisobiga uzoq muddatli investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari tuzilmasini optimallashtirish, mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish;

- asosiy e’tiborni mamlakatimizning mahsulotlarga bo‘lgan  ehtiyojiga va eksport salohiyatini oshirishga qaratilganligiga hamda iqtisodiy samarasi yuqori bo‘lishiga hamda loyiha doirasida keyinchalik ishlab chiqarishda ishlatiladigan oraliq tovarlar (hom ashyo va butlovchi materiallar) tarkibida mahalliy tovarlar ulushini yuqori bo‘lishiga qaratish.

  1. Tijorat banklarining investitsion dasturlarni moliyalashtirish faoliyatlariga davlat aralashuvini cheklash va davlat tasarrufidagi tijorat banklarining ma’suliyatlarini oshirish mexanizmini takomillashtirish.
  2. Tashqi va ichki to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish mexanizmini takomillashtirish. Bunda iqtisodiy jihatdan istiqbolli va samarali bo‘lgan investitsion loyihalar bazasini shakllantirish va loyihalarni amalga oshirishda ishlatiladigan tovarlar va xizmatlar hajmida import ulushini mahalliy mahsulotlar hisobiga kamaytirishni rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqish.
  3. Mamlakatimizda tayyor iste’mol va butlovchi tovarlarini ishlab chiqarishni kengaytirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish (tasdiqlangan ro‘yxat asosida iste’mol va butlovchi tovarlarini ishlab chiqaruvchi birliklarga tovarlar turlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan holda tarmoqdagi o‘rtacha foyda normasidan past bo‘lgan hollarda yuzaga kelgan foyda normasi kamomadini korxona to‘la quvvatga chiqqunga qadar qoplab berish tartibini joriy etish).

Import o‘rini bosuvchi ishlab chiqarish, mahalliylashtirish masalalari.

           2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish Harakatlar strategiyasining Iqtisodiyotni rivojlantirish
va liberallashtirish
ustuvor yo‘nalishi hamda respublikamizdagi barcha ishlab chiqarish korxonalari uchun teng raqobat muhitini ta’minlash maqsadida mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarga qo‘llaniladigan bojxona hamda soliq imtiyozlari
2018 yilning aprel oyidan bekor qilindi.

           Bundan tashqari, mahalliy iste’molchilarga tanlov imkoniyatini berish, halol raqobat, bozordagi adolatli narx va yuqori sifat ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida aksariyat import mahsulotlari bo‘yicha bojxona tariflari isloh qilindi.

           Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatda mahalliy xomashyolar asosida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda yirik sanoat korxonalari bilan kichik biznes
va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada  kengaytirishni ta’minlash maqsadida qo‘yidagi
chora-tadbirlar amalga oshirildi:

 1) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish
va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini kengaytirishni jadallashtirish eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi;

2) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha vakolatli organ sifatida belgilandi;

3) Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalarida hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etildi;

4) Tarmoq xo‘jalik birlashmalari va yirik ishlab chiqarish korxonalarida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarida korxona rahbarining mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda axborot-texnologiyalari masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi  joriy etildi;

5) 2020-2021 yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan manzilli dastur ishlab chiqilib, 2020 yilda 1396 ta loyiha doirasida 26,4 trln. so‘mlik (shundan hududlarda 674 ta, 4,1 trln. so‘mlik), 2021 yilda 1644 ta loyiha doirasida 37,6 trln. so‘mlik (shundan, hududlarda 787 ta loyiha, 6,1 trln. so‘mlik) mahalliylashtirilgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi va bunda o‘rtacha mahalliylashtirish darajasi 60-85 foizni tashkil etadi.

(Ma’lumot uchun, mahalliylashtirish dasturiga asosan 2018 yilda 707 ta loyiha doirasida 14,9 trln. so‘mlik va 2019 yil yakuni bilan 873 ta loyiha doirasida 18,9 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi kutiladi)

Z.Axmedov boshqarma boshig‘i (Iqtisodiyot va sanoat vazirligi)

F.Ruziev boshqarma boshlig‘i (Iqtisodiyot va sanoat vazirligi)

                                                  A.Xudoynazarov loyiha raxbari (PMTI)