Qishloq joylarda xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida
12/06/2009 - 13:56 8815
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 26-yanvardagi PQ-1046 sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” davlat dasturida belgilangan barcha chora-tadbirlarni amalda bajarilishi, aholi daromadlarining oshishi va turmush darajasining ko‘tarilishi, qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma shaxobchalarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini barpo etish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini, ta’lim tizimini, aholining tibbiy madaniyatini yanada rivojlantirishga yo‘l ochib bermoqda.
Infratuzilmani yanada rivojlantirish natijasida qishloq aholi punktlarini transport kommunikatsiyalarini yaxshilash, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim-tarbiya xizmatlari, ayniqsa borish qiyin bo‘lgan olis qishloq aholi punktlarini telekommunikatsiya tarmoqlari va pochta aloqasi bilan qamrash ishlari rivojlanib bormoqda.
Qishloq joylarda xizmatlar sohasini va servisni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qator qarorlarda (2009 yil 20-yanvardagi №PQ-1041-sonli, 26-yanvardagi №PQ-1046 – sonli, 28-yanvardagi №PQ-1050- sonli, 17 martdagi №PQ-1073 –sonli) belgilangan topshiriqlarning bajarilishini ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2009 yilga mo‘ljallangan xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish hududiy dasturiga o‘zgartirishlar kiritildi, qishloq joylarda xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar qabul qilindi, qishloqlardagi tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, shahar bilan qishloq o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari, tegishli vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar tomonidan 2009 yilga zamonaviy bozor infratuzilmalari tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rildi.
Qishloqda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yangi sifat darajasiga ko‘tarish
Qishloqlarda infratuzilmalarning tashkil etilishi natijasida qishloq aholisiga zamonaviy va sifatli xizmatlar ko‘rsatilmoqda hamda joriy yilning oxiriga qadar faqat shu sohaning o‘zida 140 mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil etilishi mo‘ljallangan.
Dasturda belgilangan qo‘shimcha choralarning bajarilishi umumiy xizmatlar hajmining 2008 yilga nisbatan o‘sish surati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-640- sonli qarorida belgilangan 118,9% o‘rniga 123,4%ga o‘sish imkoniyatini beradi. Olib borilayotgan monitoringni kuchaytirish hisobiga bu sohada qishloq aholisiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmining ulushini 26,8%dan 30 %gacha ko‘tarish ko‘zda tutilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-aprel oylarida dasturda 4 oyga belgilangan 116,2% prognoz ko‘rsatkichi 116,3%ga bajarildi, qishloqlarda ko‘rsatilgan xizmatlar respublika umumiy hajmining 23,5%ni tashkil etdi.
Respublikaning qishloq xududlarida infratuzilmalarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Yilning o‘tgan davrida qishloq joylarda prognoz bo‘yicha 752 ta xizmat ko‘rsatish shaxobchalari tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, amalda 1561 ta shaxobchalar tashkil etildi. Shu jumladan, 501 ta chakana savdo do‘konlari, 114 ta umumiy ovqatlanish shaxobchalari, 4 ta “Guzar”, 132 ta kiyim tikish, 112 ta poyafzal ta’mirlash ustaxonalari, 175 ta sartaroshxonalar, 50 ta suratxonalar, 19 ta hammom va 454 tasi murakkab turdagi texnika jihozlarni ta’mirlash ustaxonalari va boshqa xizmat ko‘rsatish ustaxonalari tashkil etildi. Bu shaxobchalarni tashkil etishga Mikrokreditbank tomonidan yanvar-aprel oylarida 3,6 mlrd.so‘m, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi “Bandlik” jamg‘armasidan 1 mlrd.so‘mga yaqin imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2009 yilning yanvar-aprel oylarida sohada jami 81 mingta, shu jumladan qishloq joylarda 58,7 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
2009 yil oxiriga qadar dasturda belgilangan shaxobchalarni tashkil etishni moliyaviy qo‘llab quvvatlash maqsadida jami 40,5 mlrd.so‘m kapital qo‘yilmalar sarflanishi, shu jumladan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi “Bandlik” jamg‘armasidan – 4,2 mlrd so‘m va “Mikrokreditbank” jamg‘armasidan – 2,6 mlrd.so‘m, boshqa tijorat banklaridan 9,5 mlrd.so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari infratuzilmalarni tashkil etishga 24 mlrd. so‘mga yaqin homiylar va tadbirkorlar mablag‘lari jalb etilishi mo‘ljallangan.
Qishloqlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati oshganligi, turlarining ko‘payganligi hisobiga aholining xizmatlardan foydalanish darajasi o‘sib bormoqda. Buni e’tiborga olib har bir qishloq hududida 2 tadan “Guzar” tipidagi savdo-maishiy komplekslar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Amalda joriy yilning o‘tgan davrida 4 ta “Guzar” qurilib foydalanishga topshirildi.
Respublikada chakana savdo va umumiy ovqatlanish tizimlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuqori ko‘rsatkichlarda rivojlanmoqda. Jami tovaraylanma hajmi 2009 yilning yanvar-aprel oylarida avvalgi yilning shu davriga nisbatan 17,7% ga o‘sib, umumiy tovaraylanma hajmining 36%i qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Yildan-yilga statsionar do‘konlarning ko‘payishi natijasida ular orqali erishilgan chakana tovaraylanma hajmi 38,4%ga o‘sgan. Qishloq joylarida joriy yilning 1 may holatiga xizmat ko‘rsatayotgan statsionar do‘konlar soni 20 mingdan ortiq bo‘lib, ularning 40%i oziq-ovqat mahsulotlari, 32%i nooziq-ovqat tovarlari va 28%i aralash mollar chakana savdo do‘konlaridir. Qishloqlarda yanvar-aprel oylarida aholi jon boshiga sotilgan jami tovarlar hajmi 94 ming so‘mni tashkil etgan.
Qishloq joylarda aloqa va axborotlashtirish, moliya va bank xizmatlari borgan sari rivojlanib bormoqda.
Joriy yilning 1 may holatiga respublikada jami 367 ta, shu jumladan 87 ta qishloq joylarda axborot texnologiyalari orqali pochta xizmatlarini ko‘rsatuvchi pochta bo‘limlari tashkil etilgan. Kompyuter klublarining soni ortib bormoqda. Elektron pul o‘tkazish uslublari rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 26-yanvardagi PQ-1046 sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” davlat dasturida 2009-2010 yillar davomida ijtimoiy ahamiyatga ega ob’yektlarni telefonlashtirish, masalan 3363 ta maktab, 2388 ta maktabgacha muassasalar, 1249 ta qishloq vrachlik puntlari, 93 ta kollej va 70 ta kasalxona telefonlashtiriladi. Joriy yilda ushbu vazifalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmati PQ-640 qarorida belgilangan 130% o‘rniga 131,3%ga o‘sadi.
Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Uzun, Sariosiyo, Denov, Karmana, Navbaxor, Tomdi, Bo‘stonliq, Oqtosh, Kattaqo‘rg‘on, Koson tumanlari va boshqa tumanlarning jami 200 tadan ortiq borish qiyin bo‘lgan va chekka aholi punktlarini pochta aloqasining an’anaviy xizmatlari qamraydi, 20 ta ko‘chma pochta bo‘limlari tashkil etiladi.
Qishloqlarda joriy yil davomida jami 72 ta telefon stansiyalari ta’mirlanadi. Qishloq joylarda ko‘rsatilgan aloqa, pochta va axborotlashtirish xizmatlar hajmining umumiy hajmdagi ulushi 1,6%ga oshadi.
Qishloq joylarda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash
Joriy yilning 1 may holatiga respublikadagi mavjud 11831 ta qishloq aholi punktlarining barchasi yo‘lovchilarni tashish transporti bilan ta’minlangan. O‘tgan 4 oy davrida yo‘lovchilarni tashish faoliyatini yuritish uchun berilgan litsenziyalar soni 284 tani tashkil etgan yoki avvalgi yilning shu davriga nisbatan 11%ga ko‘paygan.
“Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” dasturida belgilangan ko‘rsatkichlarning to‘liq ta’minlanishi yil oxiriga qadar mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanadigan 1914 kmga teng avtomobil yo‘llarni va xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini ta’mirlash imkoniyatini beradi va buning hisobiga yo‘lovchilarni tashish va yuk tashish xizmatlari rivojlanadi, qo‘shimcha 67 ta avtobus yo‘nalishlar, yangi marshrut yo‘nalishlar ochiladi. Olis borish qiyin bo‘lgan tog‘li aholi yashash punktlari transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlanadilar, qishloq aholisiga sifatli avtotransport xizmati ko‘rsatiladi, ularning hajmi 119,3%dan 124,5%gacha o‘sadi, qishloq transporti xizmatining umumiy transport xizmati hajmidagi ulushi 19,3%dan 21%ga yetadi. O‘z navbatida avtomobillarni va boshqa maishiy texnika jihozlarini ta’mirlash xizmatlari hajmi prognozdagi 121%dan 122,1 %gacha o‘sadi.
Ishlab chiqilgan chora-tadbirlarda belgilangan tadbirkorlar talablarini bajarishni takomillashtirish, yer uchastkalarini o‘z vaqtida ajratish, bo‘sh turgan bino qismlarini ijaraga berish va har bir tumanda tashkil etiladigan ob’yektlarni joylashtirish bosh sxemasini ishlab chiqish, ularni arxitektura-reja asosida qurish loyihalari bilan bosqichma–bosqich ta’minlashni tashkil etish va boshqa usullar bilan qishloq joylardagi ishbilarmonlarni qo‘llab quvvatlash, xizmat ko‘rsatish shaxobchalari yetishmagan aholi yashash punktlarida ularni tashkil etish kabi ishlarni jadallashtirishga yordam beradi.
Barcha ishlab chiqilgan chora-tadbirlarning bajarilishi ushbu xizmatlar hajmining uy xo‘jaligi sarf-harajatlaridagi ulushini 3%ga oshiradi.