Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturining bajarilishi haqida

03/06/2014 - 13:44 16776

Respublikada 2006-2008 yillarda xizmatlar bozori iste’molchilarning ehtiyojlari ta’sirida hamda 2010 yilga qadar xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturida belgilangan chora-tadbirlarning natijalarida shakllanmoqda. Ushbu dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 17 apreldagi PQ-325 sonli qarori bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 21 maydagi PQ-640 sonli qarori bilan xizmatlar sohasini rivojlantirishni yanada jadallashtirishga, aholiga yangi zamonaviy va sifatli xizmatlar ko‘rsatishga, sohani iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirishga, qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etishga qaratilgan qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlangan.

O‘tgan davr davomida xizmatlar Yalpi ichki mahsulotning o‘sish hajmidan yuqori ko‘rsatkichlarda rivojlandi, bu esa sohaning iqtisodiyotdagi ulishini ortib borayotganini va bu dasturda belgilangan chora-tadbirlarning bajarilayotganini bildiradi. Natijada Dasturda belgilangan xizmatlarning respublika Yalpi ichki mahsuloti tarkibidagi ulushi 2006 yildagi 39,9%dan 2008 yilda 44,7% gacha o‘sdi.

Dasturning bajarilishi natijasida o‘tgan yillar mobaynida xizmatlar hajmi 1,7 marta oshdi. Ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar 30%ga, savdo, umumiy ovqatlanish, turistlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar 1,5 marta oshdi. Simsiz telefon aloqalari, uyali telefon abonentlari soni, taksofon aloqalari, Internet tarmog‘idan foydalanish, efir-kabel televideniya xizmatlari rivojlandi. Natijada aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining umumiy hajmi o‘tgan davrda 2,9 marta oshdi. Ta’mirlash va boshqa xizmatlar 2 marta ortdi. Iste’molchilarning ehtiyoj va talablari o‘zgarib bormoqda, ularda ko‘proq kompleks xizmatlarga va ularning sifatiga talab oshmoqda. Xizmat turlarining asosan savdo, transport, kommunal va boshqa xizmatlarga bo‘lgan talablari umumiy xizmatlarning 80% ini tashkil etadi. Zamonaviy, yuqori texnikali aloqa, axborot, moliya, mikrokreditlash va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmat turlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishilmoqda.

Sohaga investitsiya sarmoyalarini jalb qilish katta natijalar bermoqda, yangi infratuzilmalar yaratilmoqda. 2006-2008 yillar davomida 6 mingdan ko‘p savdo, 1,5 mingta umumiy ovqatlanish shahobchalari, 90 ta savdo-maishiy kompleks xizmatlar ko‘rsatish korxonalari tashkil etildi, bularning yarmidan ko‘prog‘i qishloq joylarda yaratilmoqda. Bu davrda 15,2 mingdan ortiq mayda maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan shahobchalar va ulardan olinayotgan daromadlar hisobiga qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etilmoqda. Dasturning bajarilishi davomida sohada 520 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga ushbu sohada jami 5 mln. kishi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qarorlarda berilgan qator imtiyozlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash sohani yanada rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2007-2008 yillarda Bolalar sog‘lomlashtirish markaziga ko‘rsatilgan 50 mln.so‘m hajmdagi imtiyozli moliyaviy yordam natijasida ular tomonidan bolalarga ko‘rsatgan xizmatlar hajmi 3 martaga, bolalar sport tashkilotlarining xizmatlari 2 martaga oshdi.

Respublikada tadbirkorlikni kredit mablag‘i ajratish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi sababli sohada oilaviy, ayollar tadbirkorligi hamda kichik biznes rivojlanib bormoqda. Infratuzilmalarni kreditlash Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi “Bandlik”, “Mikrokreditbank” va boshqa tijorat banklari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ular orqali tadbirkorlarga o‘tgan davrda 30 mlrd.so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan. Bundan tashqari yangi kreditlash usuli – lizing yo‘li bilan kichik biznesni va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lga qo‘yilgan.