Urganchda energiya samaradorligi bo'yicha tadbirlar bo'lib o'tdi
18/10/2019 - 10:12 7415
Avval xabar qilinganidek, Nukus shahrida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Energetika vazirligi bilan hamkorlikda davlatimiz rahbarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan PQ-4422-sonli qarori va "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasi ijrosiga bag'ishlangan davra suhbati hamda energiya tejamkor uskunalari yarmarkasi tashkil etilgan edi.
Huddi shunday tadbir 16 oktyabr kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida ham o'tkazilib, undan maqsad hududiy va mintaqaviy elektr tarmoqlari va gaz ta'minoti korxonalari mutasaddilari, kichik va o'rta sanoat korxonalari vakillari, kollejlar va universitetlarning talabalariga, shuningdek energiya iste'molchilariga energiya samaradorligini oshirishda sarmoyalarning afzalliklari va sanoat korxonalarining energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tajribasi to'g'risida ma'lumotlar etkazish bo'ldi.
O'tkazilgan savdo yarmarkasida energiya tejaydigan uskunalar ishlab chiqaruvchi 20 ga yaqin kompaniyalar ishtirok etdi ("Elektroapparat" kompaniyalar guruhi, "Quyosh Issiqlik Enerjiasi" MChJ QK, "Artel" kompaniyalar guruhi, " High light technology", "Solar City Solutions" MChJ, "Vitech" kompaniyalar guruhi, "Panelplast" MChJ QK va boshqalar). Yarmarkada 100 dan ortiq kishi ishtirok etdi.
Yarmarkada "ST-Energy" MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan elektr avtomobillari namoyish qilindi. Xususan, umumiy quvvati 5 kV bo'lgan beshta akkumulyatorli, shuningdek harakatlanayotganda transport vositalarini quvvatlantirishga imkon beruvchi moslashuvchan quyosh panellariga ega innovatsion yo'lovchi avtomobili taqdim etildi.
Shuningdek, korpusida 230V ishlab chiqaradigan o'n bitta quyosh paneliga ega "Labo" rusumli yuk mashinasi ham taqdimot qilindi. Ushbu turdagi avtomobil mobil elektr stantsiyasi hisoblanadi.
Ma'lumot o'rnida, bu kabi tadbirlar joriy yilning 22-23 oktyabr kunlari Guliston va Jizzax shaharlarida ham bo'lib o'tadi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi
"Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasi muvofiqlashtirish guruhi