Oziq-ovqat masalasi hamisha dolzarb
11/09/2019 - 18:07 8053
Bugun mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor vazifalaridan biri, bu shubhasiz, oziq-ovqat ta’minoti masalalari hisoblanadi. Bu borada respublikada qator dasturlar ishlab chiqilgan va ular amaliyotga izchil tatbiq etib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4406-sonli qarori ana shunday qat’iy sa’y-harakatlarning natijasi sanaladi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2019–2021 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha jami 2,3 trln. so‘mlik 174 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, oziq-ovqat sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha jami 1,2 trln. so‘mlik 24 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbular samarali tashkil etilganda 2021 yilga borib, yiliga 90 ming tonna import o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun yillik 950 ming tonna yangi quvvatlarni ishga tushirishga erishiladi.
Xo‘sh, ushbu qaror ijrosi borasida hozirda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Xususan, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshchiligida tashkil etilayotgan “Xovos kichik sanoat zonasi”da sutni qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha “MUZAFFAR SARDOR FAYZ” xususiy korxonasi tomonidan Xitoy davlatining zamonaviy texnologiyalari asosida bajarish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1,2 mlrd.so‘mni tashkil etib, 10 ta yangi ish o‘rni hamda xom ashyoni qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish nazarda tutilgan.
Loyihaning e’tiborli jihati shundaki, uning xom ashyo bazasi aholi xonadonlarida yetishtirilgan xom sut hisoblanadi. Chunki, Xovos tumanida mavjud chorvaning 98 foizi aholi dehqon xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelib, yiliga 37,5 ming tonna sut yetishtiriladi. Me’yor bo‘yicha 10,8 ming tonnasi aholi tomonidan iste’mol qilinadi, qariyb 25,0 ming tonna sut esa ehtiyojdan ortib qoladi. Ana shu ortiqcha xom sut mahsulotini qayta ishlashga yo‘naltirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bunday qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga yo‘naltirilgan ixcham va istiqbolli loyihalar bugungi kunda butun mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilmoqda. Shubhasiz, ularning samarasi tez orada o‘z natijalarini beradi.