O‘zbekistonga qanday investitsiya kiritsam bo‘ladi?

11/06/2019 - 10:20 29836

Nodirbek Sobirov «Nordea Bank AB»da (Daniya, Kopengagen) indekslar va qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha katta tahlilchi, budjet va kontraktlarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i, «Buyuk Kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi. Boshqaruv va tahlil qilish ishida 12 yildan ko‘proq tajribaga ega. «Vestas Wind Systems A / S va DONG Energy A / S” (Daniya) kabi yirik kompaniyalarda ishlagan.

Biznes-tahlil sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun javobgar Moliyaviy tahlilchi va dasturchi.

“Xo‘sh, O‘zbekistonga qanday investitsiya kiritsam bo‘ladi”, deb so‘rab qoldi Daniyadagi hamkasbim. O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar hamda O‘zbekistonning investitsion salohiyati haqida ko‘p gapirib, oddiy shu savolga javob berishga o‘ylanib qoldim.

Yil boshida O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan voqea – jahon bozorlarida O‘zbekiston Respublikasi Yevrobondlari (oddiy qilib aytganda, Davlatning AQSh dollarida olib, 5-10 yil davomida qaytaradigan qarzlari) savdoga chiqarildi.

Shu o‘rinda, Moliya vaziri va Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov va jamoadoshlariga ushbu tarixiy voqeani amalga oshirishda qilgan harakatlari uchun alohida minnatdorchilik bildiraman. Chunki shu sababli, investitsion banklarda, shu jumladan, men ishlayotgan bankda ham O‘zbekiston chuqur o‘rganilib, tahlil qilina boshlandi. Bu jarayon boshqa katta-kichik investorlar uchun andoza (benchmark) vazifasini bajaradi. Qisqa qilib aytganda, investorlarda O‘zbekistonga qiziqish kuchayadi.

Lekin yuqorida keltirilgan voqea ham hamkasbimning savoliga javob bera olmaydi. Sababi, u O‘zbekiston Davlat qarzlariga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizneslarga sherikchilik asosida sarmoya kiritmoqchi bo‘lyapti. Xayolimga O‘zbekistonda aniq bir investitsiya bilan shug‘ullanadigan bank yoki tashkilot kelmadi. Shuning uchun, internetdan ‘Invest in Uzbekistan’ deb inglizcha qidira boshladim.

Birinchilar qatorida, Google qidiruvida invest.gov.uz web-sahifasi chiqdi. Web-sahifaga ancha mehnat sarflangani ko‘rinib turibdi. Turli xil bo‘limlar, investorda tug‘ilishi mumkin bo‘lgan savollarga javoblar mavjud.

Eng muhimi, turli sohalar va ularning salohiyatlari haqida muhim ma’lumotlar berilgan. Shu jumladan, hozirgacha qilingan investitsiyalar va istiqboldagi investitsiyalar haqida ham keng yozilgan.

Bu web-sahifadan olgan asosiy xulosam shu bo‘ldiki, hozirgacha eng faol xorijiy investorlar Rossiya, Janubiy Koreya, Arab Davlatlari, Osiyo Taraqqiyot Banki va Jahon banklari hisoblanadi.

Iqtisodiy soha jihatidan esa, energiya, metallurgiya, tekstil sohalari keng qamrab olingan. Albatta, bunday investitsiyalar ko‘lami quvonarli hol.

Lekin yana hamkasbimning savoliga javob topa olmadim. Sababi, invest.gov.uz dagi istiqboldagi investitsiyalar hajmi juda katta bo‘lib, oddiy investor, hattoki, katta investorlar uchun ham yuqori tavakkalchilikka ega bo‘lgan loyihalar hisoblanadi. Loyihalar 1 milliondan - 170 million AQSh dollari miqdorida qishloq xo‘jaligi, tekstil, qurilish va boshqa sohalarni qamrab olgan.

Investorlarning oltin qoidalarida biri – «Hamma tuxumlaringni bir savatga solma», ya’ni sarmoyalarni turli sohalarga, turli aktivlarga va turli kreditorlarga tegishli ravishda bo‘lib yotqizish kerak. Aks holda, bir yoqqa tikilgan investitsiya ishlar teskari ketganda butun sarmoyani kuydirib yuboradi, ya’ni investorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqib, shu muayyan loyihani beringlar, investitsiya olib kiramiz, deyishi amri mahol.

Hozirgacha sarmoyalar asosan davlat darajasida tashkil qilingan. Lekin mamlakatimizning jadal rivojlanishining asosiy tamoyili mustahkam moliyaviy mexanizmga bog‘liq. Unda davlatimiz iqtisodiyotimizni strategik darajada to‘g‘ri yo‘lga boshlab bersa, jamiyat va turli sohalar o‘z-o‘zini boshqara olish kerak bo‘ladi.

QIDIRIShDA DAVOM ETIB…

Qidirishda davom etib, “Toshkent” Respublika Fond Birjasi www.uzse.uz.ni topdim. Ushbu web-sahifada turli tashkilot va firmalar haqida umumiy ma’lumotlar va batafsil ma’lumotlar uchun ilovalar berilgan. Lekin men qidirayotgan “Investitsiya qil”, “Sotib ol” yoki “Xisob raqami och” kabi tugmachalarni topaolmadim. Internetda shunga o‘xshash boshqa web-sahifalar ham bor, lekin ularning tarkibida ma’lumot sifatida sezilarli o‘zgarishlar ko‘rmadim.

Xulosa qilib aytganda, hamkasbimning savoliga javob beraolmadim, hozircha.

Mavzuni ozgina akademik tarafga yo‘naltiradigan bo‘lsam, jahon bozorlarida investitsiya ko‘lami va O‘zbekistonda xorijiy investorlar nuqtai nazaridan fond-birja orqali sarmoya kiritish imkoniyati quyidagicha.

O‘zbekistondagi vaziyat haqidagi qarashlar (uchinchi ustun) mening shaxsiy izlanishim natijasi, ya’ni yangi ma’lumot bilan o‘zgartirish kiritish mumkin.

Investitsiya turi

Tavakkalchilik darajasi (risk)

O‘zbekistonda xorijiy investorga taklif qilinadimi?

Suveren bondlar (Davlat qarzi)

past

Ha, masalan Yevrobondlar

Korporativ Bondlar (Obligatsiyalar)

O‘rtacha

yo‘q

Korporativ Birja aksiyalari (ochiq turda)

yuqori

yo‘q

Xususiy aksiyalar (yopiq turda)

Juda yuqori

yo‘q

Derivaivlar

yuqori

yo‘q

Albatta, hozirda investitsion muhitni rivojlantirish uchun olib borilayotgan islohotlar diqqatga sazovor. Lekin xorijiy investorlarning sarmoyalarini O‘zbekistonga olib kirish uchun muayyan vazifalarni bajarishimiz kerak bo‘ladi.

Jumladan,

● O‘zbekiston fond-birjalarida yuqorida keltirilgan investitsiya vositalari takliflarini yo‘lga qo‘yish lozim.

○ Buning uchun, O‘zbekistonda Investitsion Banklar faoliyati rivojlanishi muhim.

■ Shuningdek, O‘zbekiston ichki bozorida yetuk moliyaviy kadrlar va moliya-kredit yo‘nalishida ishlash jarayoni xalqaro standartlar darajasida takomillashishi kerak.

● Jahondagi yirik investitsion banklar bilan hamkorlikda ushbu vositalarni jahon bozoriga olib chiqish kerak. Chunki xorijiy investorlarni hozirda O‘zbekiston banklari orqali ishontirish oson ish emas.

● O‘zbekistonda Investitsion vositalarning mavjudligini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish kerak bo‘ladi.

“Buyuk Kelajak” Xalqaro Nodavlat Notijorat Tashkilot a’zosi sifatida o‘quvchining e’tiborini quyidagi ilovaga qaratmoqchiman. Unda “Buyuk Kelajak” ekspertlari ishtirokida tashkil qilingan O‘zbekistonning 2035 yilgacha rivojlanish Strategiyasi, shu jumladan, kapital bozorlari taraqqiyoti asoslari jamoat fikr va mulohazalari uchun taqdim qilingan.

O'zA