O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI "Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida" (Loyiha)
28/08/2011 - 12:31 25189
1-Bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi oilaviy tadbirkorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Oilaviy tadbirkorlik tushunchasi
Oilaviy tadbirkorlik – oilaviy korxona tomonidan amalga oshiriladigan, tavakkalchilik asosida va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyati.
Oilaviy tadbirkorlik shartnoma tuzish erkinligi, ixtiyoriylik va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga asoslanadi.
4-modda. Oilaviy korxona
Oilaviy korxona – ishtirokchilarning umumiy mol-mulki, shuningdek uy-joyga bo‘lgan umumiy (ulushli yoki birgalikdagi) mulki negizida ularning shaxsiy mehnati asosida tovarlarni (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi oilaviy tadbirkorlik sub’yekti hisoblanadi. Oilaviy korxona tadbirkorlik sub’yektlarining tashkiliy-huquqiy shakli hisoblanadi. Oilaviy korxona kichik tadbirkorlik sub’yeklari sirasiga kiradi.
Oilaviy korxona faqat yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat olib borishi mumkin. Oilaviy korxona o‘z mulkida alohida mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Oilaviy korxona qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishchilarni yollashi mumkin.
Oilaviy korxona ishtirokchilarini hisobga olgan holda ishchilarining umumiy soni kichik korxona va mikrofirmalar uchun o‘rnatilgan miqdordan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Bunda oilaviy korxona ishtirokchilari soni kami bilan ikki kishi bo‘lishi shart.
Oilaviy korxona qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etilgan
mol-mulkdan foydalanishi mumkin.
Oilaviy korxonaning firma nomi uning nomi, shuningdek "Oilaviy korxona" degan co‘zlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak. Oilaviy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomi va "OK" abbreviaturasini o‘z ichiga olishi kerak.
5-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilari
Er-xotin, ularning tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singil hamda ularning er-xotinlari, mehnatga layoqatli yoshdagi bolalari va nevaralari hamda ularning er-xotinlari (shu jumladan farzandlikka va oilaga tarbiyaga olingan bolalar), tog‘a va amaki (tog‘a) va amma (xola) hamda ularning bolalari, er-xotinning ota-onalari (shu jumladan farzandlikka oluvchilar va vasiylar) oilaviy korxonaning ishtirokchilari bo‘lishi mumkin.
6-modda. Oilaviy korxona boshlig‘i
Yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarda oilaviy korxona nomidan uning boshlig‘i ish ko‘radi.
Oilaviy korxona boshlig‘i oilaviy korxonaning ishtirokchilari mol-mulkiga ega barcha mulkdorlar o‘zlari nomidan ish muomalalarida ishtirok etishga bir ovozdan huquq bergan oilaviy korxonaning muomalaga layoqatli ishtirokchilaridan biri hisoblanadi.
Oilaviy korxona boshlig‘i vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotgan taqdirda yoki uzoq vaqt bo‘lmaganda, u oilaviy korxonaning qolgan ishtirokchilari bilan kelishgan holda o‘z majburiyatlarini vaqtincha bajarish vakolatini korxona ishtirokchilaridan biriga berishga haqlidir.
Oilaviy korxona boshlig‘i bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona boshlig‘i bo‘la olmaydi.
7-modda. Mehnatga layoqatli yoshga to‘lmagan shaxslarning oilaviy korxonadagi ishtiroki
Oilaviy korxona ishtirokchilari – qarindoshlar (shu jumladan farzandlikka va oilaga tarbiyaga olingan bolalar) tarkibidan mehnatga layoqatli yoshga to‘lmagan shaxslar, mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda oilaviy korxonaning faoliyatiga o‘zlarining imkoniyatlari doirasida mehnat hissasini qo‘shishi mumkin. Ushbu shaxslarga oilaviy korxona faoliyati uchun tavakkal qilish va mulkiy javobgarlik yuklatilmaydi.
8-modda. Oilaviy korxonaning faoliyat sohalari va turlari
Oilaviy korxona qonun hujjalarida belgilangan tartibda har qanday faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin, qonun hujjatlari bilan ta’qiqlangan holatlar bundan mustasno.
Oilaviy korxona qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organi tomonidan berilgan maxsus ruxsatnomalarga (litsenziyalar) ega bo‘lgan taqdirda ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin.
Oilaviy korxona aksiz to‘lanadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq solinuvchi foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq hamda yuridik shaxslar uchun qat’iy belgilangan soliq va yagona yer solig‘i nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Oilaviy korxonaning zaharli va radioaktiv moddalar va materiallar, yuqori bosimli uskunalar hamda inson hayotiga va atrof tabiiy muhitiga jiddiy xavf soluvchi boshqa uskunalardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi man etiladi. Oilaviy korxona foydalanishi ta’qiqlangan moddalar, materiallar va uskunalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadi.
9-modda. Oilaviy korxonaning xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish joyi
Oilaviy korxonaning xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish joyi turar joy (ko‘p kvartirali uylarda joylashgan turar joylardan tashqari) va noturar joylar, shu jumladan oilaviy korxona ishtirokchilariga mulkchilik shaklida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan ijara sifatida foydalanadigan ishlab chiqarish, saroy va xo‘jalik binolari hisoblanadi.
Ayrim faoliyat turlari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, oilaviy korxona tomonidan xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanayotgan turar joylar noturar joylarga o‘tkazilishi talab etilmaydi.
Oilaviy korxona tomonidan ko‘p kvartirali uylarda joylashgan joylarni sanoat ehtiyojlari uchun ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2-Bob. Oilaviy korxonani tashkil etish tartibi
10-modda. Ta’sis shartnomasi
Oilaviy korxona ta’sis shartnomasiga muvofiq ixtiyoriylik asosida shakllantiriladi va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng tashkil etilgan hisoblanadi.
Ta’sis shartnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
er-xotin va oilaviy korxonaning boshqa ishtirokchilarining, er-xotinga nisbatan tug‘ishganlik darajasini ko‘rsatgan holda, familiyasi, ismi, otasining ismi va doimiy yashash joyi;
ustav fondining miqdori;
oilaviy korxona boshlig‘ining familiyasi, ismi, otasining ismi;
oilaviy korxonaning firma nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
oilaviy korxonaning vakolatxonalari va filiallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
oilaviy korxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari (turlari);
tadbirkorlik faoliyatidan olingan, shuningdek oilaviy korxona tugatilishi va qayta tashkil etilishi munosabati bilan daromadlarni oilaviy korxona ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanishi tartibi;
xo‘jalik oborotiga jalb qilingan umumiy mol-mulkning ro‘yxati;
ishtirokchilar tomonidan muhim sanalgan boshqa shartlar.
Ta’sis shartnomasi oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan imzolanadi.
Agar, umumiy mol-mulk egasi bo‘lgan er-xotinlar nikohi bekor qilingan taqdirda, ta’sis shartnomasi qayta tuziladi, bunda oilaviy korxonani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.
Agar, oilaviy korxona tarkibidan uning ishtirokchisi ixtiyoriy ravishda chiqadigan yoki vafot etadigan bo‘lsa, u holda ta’sis shartnomasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi va bunda, oilaviy korxonani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.
11-modda. Oilaviy korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Oilaviy korxona o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.
Oilaviy korxonani ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish quyidagi hujatlar taqdim etilganda amalga oshiriladi:
oilaviy korxona boshlig‘ining familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash manzili hamda oilaviy korxona ishtirokchilarining pasport ma’lumotlari yoki ularning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ko‘rsatilgan o‘rnatilgan shakldagi ariza;
ta’sis shartnomasi;
davlat bojining belgilangan miqdori to‘langanligi haqidagi bank to‘lov hujjati.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar ariza beruvchiga oilaviy korxona sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas деган vaj bilan rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo‘shimcha talablarni belgilashga haqli emas.
Ariza beruvchini oilaviy korxona tariqasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etganlik, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qarori, shuningdek mazkur organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, ular ariza beruvchiga ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etganlik yoki ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzganlik tufayli yetkazilgan zarar o‘rnini qoplaydilar.
12-modda. Oilaviy korxona ustav fondi
Oilaviy korxonaning ustav fondi miqdori oilaviy korxona ishtirokchilari tomonidan belgilanadi. Bunda, ustav fondining hajmi eng kam ish haqining bir baravaridan past bo‘lmasligi lozim.
Pul, qimmatli qog‘ozlar, pul bilan baholanadigan boshqa mol-mulk yoki mulkiy huquqlar yoxud boshqa shaxsga beriladigan o‘zga huquqlar oilaviy korxonaning ustav fondiga qo‘shiladigan hissa bo‘lishi mumkin. Oilaviy korxona ishtirokchisi hissasini pullik baholash uning ishtirokchilari kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
Oilaviy korxonaning ustav fondi miqdorini oshirish va kamaytirish ta’sis shartnomasiga o‘zgartirish kiritilgan holda uning ishtirokchilari qarori bilan amalga oshiriladi.
3-Bob. Oilaviy korxona va uning ishtirokchilari huquq va majburiyatlari
13-modda. Oilaviy korxonaning huquq va majburiyatlari
Oilaviy korxona quyidagi huquqlarga ega:
mustaqil ravishda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish, mol-mulkka ega bo‘lish, ishlab chiqarilgan mahsulotni (ishlar, xizmatlar) sotish va unga narx belgilash;
mustaqil ravishda o‘z moliyaviy mablag‘larini shakllantirish va qarz mablag‘larini jalb etish;
firma nomi tushirilgan muhrlar, blanklar va shtamplardan foydalanish hamda tovar (xizmat) belgisiga ega bo‘lish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida bank hisob-varaqlarini ochish;
o‘rnatilgan tartibda dastlabki (boshlang‘ich) kapitalni shakllantirish uchun kreditlar olish;
mahsulotlarni (ishlar, xizmatlar) sotib olish va sotish uchun shartnomalar tuzish;
tadbirkorlik faoliyatidan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi bo‘lish yoki ularning ustav fondida o‘zgacha tarzda ishtirok etish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilish.
Oilaviy korxonaning majburiyatlari:
o‘zi tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
ishtirokchilar va yollangan ishchilar bilan o‘z vaqtida hisob-kitoblarni amalga oshirish;
soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lash;
ishlab chiqariladigan mahsulot va xizmatlarning sifat standartlariga rioya etish;
xavfsizlik, ekologiya, sanitariya, gigiyena hamda mehnat muhofazasi talablariga rioya etish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq sotilayotgan mahsulot va xizmatlar uchun sertifikatlarga ega bo‘lish;
pochta manzili va boshqa rekvizitlar o‘zgarganligi haqida o‘z vaqtida tegishli davlat organlarini xabardor qilish;
belgilangan tartibda va muddatlarda o‘z faoliyati to‘g‘risida tegishli organlarga hisobot taqdim etish.
Oilaviy korxona qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
14-modda. Oilaviy korxona boshlig‘ining huquq va majburiyatlari
Oilaviy korxona boshlig‘i quyidagi huquqlarga ega:
oilaviy korxona nomidan ishonchnomasiz harakat qilish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
ishonchnomalar berish.
Oilaviy korxona boshlig‘i:
oilaviy korxona hamda uning ishtirokchilarining manfaatlarini himoya qilishi va huquqlarini amalga oshirishi;
mehnat shartnomasi asosida yollangan ishchilarga nisbatan mehnat qonunchiligi me’yorlariga rioya etishi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oilaviy korxona ishtirokchilarini majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasidan o‘tkazishi;
belgilangan tartibda buxgalterlik hisobini yuritishi shart.
Oilaviy korxona boshlig‘ining arizasiga ko‘ra, uning barcha ishtirokchilari roziligi bilan, oilaviy korxona boshlig‘ining huquq va majburiyatlari oilaviy korxonaning boshqa ishtirokchisiga berilishi mumkin.
Oilaviy korxona boshlig‘i qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
15-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
Oilaviy korxona ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:
ta’sis shartnomasi shartlariga ko‘ra o‘z daromad ulushiga ega bo‘lish;
oilaviy korxonada ishtirok etishni ixtiyoriy ravishda to‘xtatish;
ta’sis shartnomasida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘z mulkiy ko‘yilmalarini, shu jumladan natura ko‘rinishda qaytarib olishni talab qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq davlat ijtimoiy sug‘urtasiga ega bo‘lish, shuningdek oilaviy korxonada sarflangan ish vaqtini mehnat stajiga kiritilishi.
Oilaviy korxona ishtirokchilari oilaviy korxonaning xo‘jalik faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi shart.
Oilaviy korxona ishtirokchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
4-Bob. Oilaviy korxonaning xo‘jalik faoliyati
16-modda. Oilaviy korxonaning mol-mulki
Oilaviy korxonaning mol-mulki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oilaviy korxona ishtirokchilarining pul yoki mol-mulk ko‘rinishidagi hissasidan, mahsulotlar sotish, xizmat ko‘rsatish, ish bajarishdan olingan daromadlardan va jalb etilgan qarz mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Oilaviy korxonaning mol-mulki uning ishtirokchilariga o‘zaro kelishuvga muvofiq umumiy birgalikdagi yoki umumiy ulushli mulk asosida tegishlidir.
Tadbirkorlik faoliyati ob’yekti sifatida xususiylashtirilgan uy-joydan foydalanish bilan bog‘liq oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilayotganida, uy-joy mulkdorlaridan birining ish muomalalariga kirishishi boshqa mulkdorlarning notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Oilaviy korxonaning mol-mulkiga ega bo‘lish, undan foydalanish va ixtiyorida qoldirish oilaviy korxona ishtirokchilarining o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
17-modda. Oilaviy korxonaning ishlab chiqarish faoliyati
Oilaviy korxona o‘z ishlab chiqarish faoliyati yo‘nalishini, ishlab chiqaradigan mahsulotlar (xizmatlar) turi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi.
Oilaviy korxonaning qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga, shu jumladan texnologiyalari, ishlab chiqaradigan mahsulot (xizmatlar) assortimentini tanlashiga, ularning narxini va sotuv yo‘nalishini belgilashiga davlat, boshqa organlar va tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari aralashuvi yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishlab chiqarish faoliyatini yuritishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi, agarda oilaviy korxonaning ushbu faoliyati:
sanitariya talablari buzilayotgan, atrof-muhitni ifloslanishiga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa;
yo‘lovchilar va transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilayotgan bo‘lsa;
ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan ta’qiqlangan faoliyat turlarini amalga oshirishga qaratilgan bo‘lsa.
18-modda. Oilaviy korxonaning savdo faoliyati va mahsulotlarini sotish
Oilaviy korxona o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, qonunchilik bilan ta’qiqlanmagan usullar hamda har qanday joyda sotish huquqiga ega.
Oilaviy korxonaning savdo faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda savdo qoidalariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
19-modda. Oilaviy korxonaning foydasi
Oilaviy korxona barcha soliq va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan so‘ng ixtiyorida qoladigan sof foydani har oyda o‘z ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega.
Oilaviy korxonaning foydasini o‘z ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash tartibi oilaviy korxona boshlig‘i tomonidan ta’sis shartnomasiga muvofiq aniqlanadi.
Oilaviy korxonaning foydasi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan so‘ng uning ishtirokchilari tasarrufiga o‘tadi va soliqqa tortilmaydi.
20-modda. Oilaviy korxonani soliqqa tortish
Oilaviy korxona qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi hisoblanadi.
Oilaviy korxona qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasidan ijtimoiy jamg‘armalarga majburiy to‘lovlarni to‘laydi. Oilaviy korxona O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, o‘zi ishlab chiqargan xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati buyumlarini sotishdan olingan tushumlar bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod qilinadi.
Oilaviy korxonaga kichik tadbirkorlik sub’yektlari uchun qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan imtiyozlar, preferensiya va kafolatlar tatbiq qilinadi.
21-modda. Oilaviy korxonada buxgalteriya va statistik hisobotlarni yuritish
Oilaviy korxonada buxgalteriya hisobi va hisoboti qonunchilik hujjatlariga muvofiq soddalashtirilgan tartibda yuritiladi.
Oilaviy korxona faoliyati yuzasidan statistik kuzatuvlar kichik tadbirkorlik sub’yektlari uchun belgilangan tartib bo‘yicha amalga oshiriladi.
22-modda. Oilaviy korxonaning qo‘shma faoliyati
Oilaviy korxona ixtiyoriylik, shu jumladan ulushdoshlik (pay) asosida mahsulot yetishtirish, xarid qilish, qayta ishlash va sotish, shuningdek moddiy-texnika ta’minoti, qurilish, texnik, maslahat berish va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish yuzasidan kooperativlarga, jamiyatlarga, ittifoqlarga, uyushmalarga va boshqa birlashmalarga birlashish, kirish huquqiga ega.
5-Bob. Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollangan ishchilarining mehnati va ijtimoiy muhofazasi
23-modda. Oilaviy korxonadagi mehnat
Oilaviy korxona faoliyati uning ishtirokchilari shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Oilaviy korxona yollangan ishchilar mehnatidan foydalanishi mumkin.
Oilaviy korxona (ish beruvchi) va oilaviy korxonaga yollangan ishchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan tartibga solinadi.
Oilaviy korxona ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro mehnat munosabatlari ular tomonidan mehnat qonunchiligiga muvofiq mustaqil ravishda tartibga solinadi.
Oilaviy korxonaga yollangan ishchilari mehnat hissasi miqdori, ish vaqti hamda dam olish vaqti oilaviy korxona boshlig‘i tomonidan o‘rnatiladi va mehnat shartnomasi bilan mustahkamlab qo‘yiladi. Oilaviy korxona ishtirokchilarining mehnat hissasi miqdori, ish vaqti hamda dam olish vaqti, mehnat qonunchiligiga muvofiq ishtirokchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oilaviy korxona boshlig‘i tomonidan o‘rnatiladi.
Oilaviy korxonaning ishtirokchisi bo‘lgan shaxslar va yollangan ishchilar band aholi toifasi hisoblanadi.
24-modda. Oilaviy korxonada mehnatga haq to‘lash
Oilaviy korxona o‘z ishtirokchilari va yollangan ishchilarga ish haqi, mukofotlar va kompensatsiyalar to‘lashning shakllari, tizimi hamda miqdorini qonunchilik hujjatlariga muvofiq mustaqil belgilaydi.
Oilaviy korxonada ishtirokchilar va yollanma ishchilar mehnatiga haq to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda, taraflarning kelishuviga ko‘ra belgilanadi.
25-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollangan ishchilarining davlat ijtimoiy sug‘urtasi
Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollangan ishchilari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda davlat ijtimoiy sug‘urtasidan o‘tkaziladi.
Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollangan ishchilariga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar va pensiyalar tayinlash hamda to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi.
Oilaviy korxona qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash tizimida ishtirok etadi.
26-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollangan ishchilari mehnat daftarchasini yuritish
Oilaviy korxonada ishlangan vaqt davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha badallar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida mehnat daftarchasini belgilangan tartibda rasmiylashtirgan holda mehnat stajiga qo‘shiladi.
Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollangan ishchilarining mehnat daftarchasini rasmiylashtirish, yozuv kiritish va saqlash uning vakolatli ishtirokchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar, oilaviy korxona ishtirokchisi yoki yollangan ishchisi ilk bor mehnat munosabatlariga kirishayotgan bo‘lsa va ishga joylashish davrida mehnat daftarchasiga ega bo‘lmasa, oilaviy korxona boshlig‘i tomonidan o‘rnatilgan tartibda mehnat daftarchasi ochiladi.
Oilaviy korxonaning boshqa tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlayotgan ishtirokchisiga nisbatan mehnat daftarchasini yuritish, ishtirokchining asosiy ish joyi, ya’ni ko‘p ish vaqtini sarflayotgan ish joyida amalga oshiriladi.
Oilaviy korxonaning boshqa tashkilotda o‘rindoshlik asosida ishlayotgan ishtirokchisining xohishiga ko‘ra, uning oilaviy korxonada faoliyat yuritayotgan davri to‘g‘risidagi yozuvlar mehnat daftarchasiga kiritilishi mumkin.
6-Bob. Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash
27-modda. Oilaviy korxonani davlat tomonidan va boshqa tarzda qo‘llab-quvvatlash
Davlat oilaviy korxonaning huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Davlat organlari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashishlari shart.
Davlat organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
oilaviy korxonaga ishlab chiqarishni tashkil etish uchun foydalanilmayotgan noturar joylarni ijaraga beradilar;
oilaviy korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun maxsus joylar ajratadilar;
oilaviy korxonaning tashqi iqtisodiy va u bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa faoliyatini, shu jumladan oilaviy korxonaning xorijdagi sub’yektlar bilan savdo, fan-texnika, ishlab chiqarish va axborot aloqalarini yo‘lga qo‘yilishini ta’minlaydilar.
28-modda. Oilaviy korxonaning kommunal infratuzilma ob’yektlariga ulanishini ta’minlash
Turar joydan bir vaqtning o‘zida istiqomat qilgan holda tovarlar (ish, xizmatlar) ishlab chiqarish uchun foydalanayotgan oilaviy korxona kommunal infrratuzilma (elektr, suv va kanalizatsiya, gaz) xizmatlarini aholi uchun o‘rnatilgan tariflarda va shartlarda to‘laydi.
Kommunal xizmat, elektr va gaz ta’minoti korxonalari aholi uchun o‘rnatilgan tariflarda oilaviy korxona faoliyati amalga oshirilayotgan joygacha zarur bo‘lgan kommunikatsiya tarmoqlarini tortilishini va ulanishini ta’minlaydi.
Agar, oilaviy korxona tomonidan foydalanilayotgan jihozlarga yuqori kuchlanishli elektr liniyalari zarur bo‘lsa, u holda elektr ta’minoti xizmati oilaviy korxonaning buyurtmasiga ko‘ra tegishli texnikaviy hujjatlarni ishlab chiqishni ta’minlaydi.
Kommunal infratuzilma korxonalari, zarur hollarda, oilaviy korxonaga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmiga, agarda ushbu xizmatlar aholi hududida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga salbiy ta’sir etayotgan bo‘lsa, cheklashlar kiritishi mumkin.
29-modda. Oilaviy korxonaga bank va kredit xizmatlari ko‘rsatish
Oilaviy korxonaga bank xizmati ko‘rsatish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bank bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Banklar o‘rnatilgan tartibda oilaviy korxonaning milliy va xorijiy valyutadagi hisobraqamlarini ochadilar va xizmat ko‘rsatadilar.
Oilaviy korxonaning bankdagi hisobraqamidan mablag‘larni yechish qonun xujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oilaviy korxonaga kreditlar berish vaqtida banklar, boshqa kredit yoxud sug‘urta tashkilotlari ularning kafolatchisi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilik hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda oilaviy korxonaning kafili bo‘lib sanalishi mumkin.
Oilaviy korxona kredit shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarining ta’minoti sifatida o‘zining mol-mulkidan, jumladan buyumlari va mulkiy huquqlaridan hamda olingan kreditni qoplay olmaslik bo‘yicha sug‘urta polisidan va qonunchilik hujjatlari yoki shartnomada ko‘zda tutilgan boshqa ta’minotlardan foydalanishi mumkin.
Oilaviy korxona qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarda imtiyozli kreditlardan, shu jumladan boshlang‘ich kapitalni shakllantirish uchun foydanish huquqiga ega.
30-modda. Oilaviy korxona faoliyatini sug‘urtalash
Oilaviy korxona faoliyatini sug‘urtalash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sug‘urtachi bilan tuzilgan sug‘urta shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
31-modda. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda yuridik va jismoniy shaxlarning ishtiroki
Yuridik va jismoniy shaxslar buyurtma bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun shartnoma asosida oilaviy korxonaga texnologik uskunalarni, xomashyo va materiallarni taqdim etishi hamda mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ko‘zlangan binolarni ijaraga berishi mumkin.
32-modda. Oilaviy korxona faoliyati tekshiruvini cheklash
Oilaviy korxona faoliyatini tekshirish belgilangan tartibda nazorat qiluvchi organlar tomonidan ko‘pi bilan to‘rt yilda bir marta amalga oshirilishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Yangi tashkil qilingan oilaviy korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran uch yil mobaynida rejali tekshiruvlardan o‘tkazilishi mumkin emas (byudjet va markazlashgan mablag‘ va resurslardan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatni tekshirishlar bundan mustasno).
7-Bob. Oilaviy korxonani tugatish
33-modda. Oilaviy korxonani tugatishning asoslari
Oilaviy korxona quyidagi hollarda tugatiladi:
ixtiyoriy ravishda faoliyatini to‘xtatganda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga ko‘ra;
bankrot deb e’lon qilinganda.
Mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollardan tashqari, oilaviy korxonaning faoliyati quyidagi holatlarda tugatilishi mumkin:
oilaviy korxonaning ish muomalasidagi umumiy mol-mulkning mulkdorlari bo‘lgan oilaviy korxona ishtirokchilarining nikohi bekor qilinganda mol-mulkning bo‘linishi natijasida, agarda ta’sis shartnomasida boshqa shartlar belgilanmagan bo‘lsa;
oilaviy korxona faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan birorta ishtirokchi yoki voris qolmagan holda.
Ayrim oila a’zolarining ishtirokchilar tarkibidan chiqishi oilaviy korxonaning tugatilishiga asos bo‘la olmaydi.
34-modda. Oilaviy korxonani tugatish tartibi
Oilaviy korxonani tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
35-modda. Oilaviy korxona mol-mulkining natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi
Oilaviy korxonaning mol-mulki natsionalizatsiya qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oilaviy korxonaning mol-mulki rekvizitsiya qilinmaydi, oilaviy korxonaning mulkdoriga rekvizitsiya qilinayotgan mol-mulkning bozor qiymatiga ekvivalent kompensatsiyasi to‘lanadigan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda tusdagi boshqa holatlar bundan mustasno.
8-Bob. Yakunlovchi qoidalar
36-modda. Nizolarni hal etish
Oilaviy korxonaning tuzilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
37-modda. Majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik
Oilaviy korxona o‘zining majburiyatlari bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiruv qaratish mumkin bo‘lgan o‘ziga tegishli barcha mol-mulki bilan javob beradi.
Oilaviy korxona ishtirokchilari qonunchilik hujjatlariga muvofiq mol-mulki yetarli bo‘lmagan sharoitda, oilaviy korxonaning majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulklari bilan subsidiar javobgar bo‘ladilar.
38-modda. Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
39-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
40-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti