Jahon agrosanoat bozorining yetakchi kompaniyalari Toshkentda

14/03/2019 - 10:43 9401

Poytaxtimizda 13 mart kuni “Qishloq xoʻjaligi – AgroWorld Uzbekistan 2019” 14-xalqaro koʻrgazma oʻz ishini boshladi.

Jahon agrosanoat bozorining yetakchi kompaniyalari Toshkentda

“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar markazida qator vazirlik va xorijiy tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda Turkiya, Gollandiya, Avstriya, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy kabi 22 ta mamlakatning 150 dan ziyod kompaniyasi oʻz mahsulotlari va xizmatlarini namoyish etmoqda.

Koʻrgazmaning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Teshayev anʼanaviy tashkil etilayotgan ushbu koʻrgazma oʻtgan 14 yil davomida mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun tajriba almashish, talab va takliflarni oʻrganish, mijozlar va hamkorlar safini kengaytirish platformasi boʻlib kelayotganini qayd etdi.

Maʼlumotlarga koʻra, bu yilgi koʻrgazma umumiy ekspozitsiyasining 90 foizini xorijiy kompaniyalar stendlari tashkil etmoqda. Xususan, Turkiya bayrogʻi ostida sanoat issiqxonalari, parranda fabrikalari uskunalari, yopiq tuproqda oʻsimlik yetishtirish texnologiyalari, don mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash texnikalarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan 60 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Ulardan biri “Alapala” kompaniyasidir.

“Alapala” don mahsulotlarini yanchish texnikalari, tegirmon uskunalari ishlab chiqarish boʻyicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan hisoblanadi. Bugungi mamlakatimizda ushbu kompaniya vakolatxonasi va xizmat koʻrsatish ofisi faoliyat koʻrsatmoqda.

– Kompaniyamiz toʻrt yildan buyon Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilib keladi, – deydi “Alapala”ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Azizbek Shukurjonov. – Oʻtgan davr mobaynida 10 dan ziyod loyihani amalga oshirdik. Yaʼni davlat va xususiy tarmoqlar buyurtmasi asosida hududlarda tegirmonlar bunyod etib, ularni zarur uskunalar bilan taʼminladik. Bizning mahsulotlar energiya tejamkor boʻlib, ularni kredit va lizing orqali ham xarid qilish mumkin.

“Qishloq xoʻjaligi – AgroWorld Uzbekistan 2019” ishtirokchilari safida Niderlandiyaning oʻndan ziyod kompaniyalari bor. Qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlari boʻyicha innovatsiyalarni ham taqdim etayotgan ushbu kompaniyalar delegatsiyasiga Niderlandiya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Regina Jons-Bos xonim boshchilik qilmoqda.

– Oʻzbekiston – Gollandiya munosabatlari rivojlanib bormoqda, – deydi delegatsiya rahbari Regina Jons-Bos xonim. – Mazkur koʻrgazmada kompaniyalarimiz meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, mevali daraxtlar, oʻsimliklar parvarishi, innovatsion sugʻorish tizimlari, issiqxonalar qurish, sovutish uskunalari, chorvachilik va parrandachilik kabi yoʻnalishlarda oʻz xizmatlari va mahsulotlarini taklif etmoqda. Bundan tashqari, soha boʻyicha eng soʻnggi innovatsion texnologiyalar ham namoyishga qoʻyilgan. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti boʻyicha Gollandiya jahonda ikkinchi oʻrinda turadi. Bu natijaga amaliyotga innovatsiyalarni izchil joriy etgan holda erishganmiz. Shu kabi tajribalarimizni oʻzbekistonlik hamkorlarimizga ham ilindik.

1.JPG

 

4.JPG

Koʻrgazmaning bogʻdorchilik boʻlimi ayniqsa gavjum. Bu yerda 30 dan ziyod xorijiy kompaniya issiqxona yoʻnalishidagi xizmatlar va uskunalarni ham taqdim etmoqda.

Xitoyning “Rainbow” kompaniyasi mahsulotlariga qiziqayotganlar esa koʻpchilik. Buning sababini “Rainbow” bosh direktori Sao Lin shunday izohladi:

– “Rainbow” salkam oʻttiz yildan buyon agrosanoat bozorida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Kompaniyamiz turli oʻlcham va shakldagi issiqxona uskunalarini eksport qilib keladi. Mahsulotlarimiz raqobatbardosh va arzon. Biz oʻzbekistonlik hamkorlar safini kengaytirishdan manfaatdormiz.

5.JPG

6.JPG

Eʼtiborlisi, bu yilgi koʻrgazmada Rossiya Federatsiyasining Omsk va Voronej viloyatlari eksportini qoʻllab-quvvatlash markazi ham ishtirok etmoqda. Bu sohaga ilgʻor tajribalarni joriy etish bilan birga Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi.

– Mazkur koʻrgazmada ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz , – deydi Omsk viloyatining “Omskkoopsnab” yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarish kompaniyasi menejeri Vladimir Shman. – Kompaniyamiz namoyish etayotgan mahsulotlar ekologik toza boʻlib, dukkakli oʻsimliklarni sovuq usulda siqish orqali olingan. Yaqinda mamlakatingizda oʻz vakolatxonamizni ochishni rejalashtirganmiz. Biz oʻzbekistonlik tadbirkorlarni hamkorlikka chaqiramiz.

9.JPG

13.JPG

Koʻrgazmaning chorvachilik boʻlimida Toshkent shahridagi “Agro milking systems” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan namoyish etilayotgan sigir sogʻish uskunalari eʼtiborimizni tortdi. Mazkur korxona bosh menejeri Ilhom Boboqulovning aytishicha, ushbu uskunalar bugungi kunda toʻliq mahalliylashtirilgan boʻlib, bunda Germaniya, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari texnologiyalaridan foydalanilgan.

14.JPG

– “Agro milking systems” shu kabi mahsulotlarni ishlab chiqarishdan tashqari, chorvachilik, sutni qayta ishlash tarmoqlariga xorijiy kompaniyalarning eng zamonaviy uskunalarini ham yetkazib beradi, – deydi u. – Koʻrgazmada nafaqat mahalliy, balki xorijlik ishtirokchilar ham korxonamiz mahsulotlari va xizmatlariga qiziqish bildirmoqda.

17.JPG

19.JPG

“Qishloq xoʻjaligi – AgroWorld Uzbekistan 2019”ning birinchi kunida chorvachilik masalalariga bagʻishlangan seminar ham tashkil etildi. 14 martda koʻrgazma ishtirokchilari uchun “Eksport va qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalari” mavzusida seminar-trening oʻtkaziladi.

Manba: OʻzA