Qishloq xoʻjaligi texnikalari yetkazib berish muhokama qilindi
06/02/2019 - 10:50 9152
Ozarbayjon Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasi 5-fevral kuni “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatida boʻlib, uning tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan tanishdi.
Bugungi kunda “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tarkibida Toshkent va Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi, “Agregat zavodi”, “Texnolog”, “Urganchkormash” aksiyadorlik jamiyatlari, “UzCLAASAgro”, “Lemken-Chirchiq”, “OʻzKeysmash” va “Amkodor Agrotexmash” kabi korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. 2018-yilda ushbu korxonalarda jami 11 ming 570 dona qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarildi.
Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodida 7 turdagi traktor, 2 turdagi paxta terish mashinasi, yuk tashishga ixtisoslashgan tirkamalar ishlab chiqarilmoqda. Zavod oʻtgan yilda 900 milliard soʻmlikdan ziyod qishloq xoʻjaligi texnikalarini dehqon va fermer xoʻjaliklariga yetkazib berdi. Shuningdek, korxona faoliyati Germaniya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar hisobiga yanada yaxshilandi. Hozirgi kunda jamiyat tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan texnikalarni 30-40 foizgacha maxalliylashtirish boʻyicha jadal ishlar olib borilmoqda.
Tadbirda Ozarbayjon delegatsiyasi bilan “Oʻzagrotexsanoatxolding“ AJ oʻrtasida qishloq xoʻjaligi texnikalarini yetkazib berish yuzasidan muzokara oʻtkazildi. 2018-yilda ”Oʻzagrotexsanoatxolding" AJ tomonidan Ozarbayjonga 70 dan ortiq turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalari eksport qilingan edi. Joriy yilda Ozarbayjonda oʻtadigan agrokoʻrgazmalarda yurtimizda ishlab chiqarilgan texnikalar ham namoyish etiladi. Bu eksport hajmini yanada oshirishga turtki beradi.
– Uchrashuvda ozarbayjonlik mutaxassislar bilan oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildik, – deydi “Oʻzagrotexsanoatxolding" AJ boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Ishlab chiqarishda zamonaviy xorij tajribasini tatbiq etish, chet ellik hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazish orqali tizim korxonalarida mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish asosiy vazifamizdir. Bu kabi muzokaralar biz ishlab chiqarayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalarining ichki va tashqi bozorlarda mustahkam oʻrin egallashiga zamin yaratadi.
Shu kuni “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatida Yaponiyaning “Bando Kiko” mashinasozlik kompaniyasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Jay Xuang Sang bilan transport vositalari uchun oynalar ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha muzokara oʻtkazildi. Unda tomonlar oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Manba: OʻzA